Qimmatlagan tariflar va Xitoy quyosh panellari. Pokistondagi vaziyat

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Pokistonda elektr energiyasi uchun tariflarning oshirilishi aholi va biznesni Xitoyning arzon quyosh panellarini qo‘yishga undamoqda.

Dunyo rahbarlari Ozarbayjon poytaxtida qazilma yoqilg‘ilardan voz kechishni rejalashtirish uchun BMTning yillik iqlim konferensiyasiga to‘planar ekan, siyosatchilar bu jarayondagi kutilmagan muammolarni ham muhokama qilishadi.

Ana shunday muammolardan biri Pokistonda kuzatilmoqda. Bu yerda elektr energiyasi narxlari keskin oshishi Pokistonning davlat elektr ta’minotini Janubiy Osiyodagi eng qimmat tarmoqqa aylantirdi. Moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan aholi va korxonalar arzon Xitoy quyosh panellaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Pokiston 1,4 milliard dollarlik Xitoy quyosh panellarini sotib oldi va 2024-yilning birinchi yarmida dunyodagi uchinchi yirik xaridorga aylandi – Pokistonning 9 milliard dollardan ortiq qarzi va ayni paytda elektr tarmoq iste’molining pasayishi zarar ko‘rgan energetika sektorini yangi moliyaviy inqirozga yetaklashi mumkin.

Shimoliy Yar Husayn shahridan bo‘lgan kichik tadbirkor Nasar Xon uchun quyosh energiyasidan foydalanish so‘nggi yillarda uning moliyaviy ahvolini og‘irlashtirgan yuqori elektr narxlarini yengillashtirdi. Yashil energiya manbai uning oylik to‘lovini deyarli uchdan bir qismga kamaytirdi. Uning aytishicha, bu tejamkorlik qo‘shnilari va yaqinlarining ham e’tiborini tortgan.

"Davlat elektr energiyasi tariflari iste’molchilar uchun qimmatlik qilmoqda, – deydi Xon Ozodlik radiosiga. – Imkoni bor har kim endi quyosh energiyasiga o‘tishga harakat qilmoqda."

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Pakistanis' Passion For Chinese Solar Panels Worries State Power Supplier (Video)

Xon va uning Yar Husayndagi qo‘shnilari bunday ahvolga tushgan yagona odamlar emas. 240 million aholi yashaydigan mamlakat bo‘ylab shaharlarning tomlari va zavod binolari yaltiroq ko‘k panellar bilan qoplanmoqda, davlat energiya tariflari oshishi ta’sirini yumshatishga intilayotgan pokistonliklar quyosh panellarini ommaviy o‘rnata boshlagan.

Bu atrof-muhit va energiya ishlab chiqarishning toza shakllarini joriy etish bo‘yicha jahon sa’y-harakatlari uchun yaxshi xabar bo‘lishi mumkin, ammo bunday o‘zgarish hukumat uchun yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, chunki davlat elektr tarmog‘i energiyasiga bo‘lgan talab qisqaradi.

Pokistonning janubi-sharqiy Sind provinsiyasi bosh vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlagan iqtisodchi Kayzer Bengalining ta’kidlashicha, Xitoy panellarining kirib kelishi "aylanma qarz" holatini yuzaga keltirdi. Bu vaziyatda qimmat davlat elektr tarmog‘idan foydalanayotganlar quyosh energiyasiga o‘tish uchun pul tejash yoki elektr haqlarini to‘lay olmaslik o‘rtasida tanlov qilishlari kerak, bu esa o‘z navbatida bir davlat kompaniyasidan boshqasiga to‘lanmagan qarzlar zanjirini keltirib chiqarishi mumkin.

Karachida elektr tariflarining oshirilishiga qarshi norozilik namoyishi. Iyul, 2024

"Bu shuni anglatadiki, suv ta’minoti kompaniyasi bor va, albatta, ular elektr energiyasidan foydalanadi, chunki suvni haydash kerak, – deydi Bengali Ozodlik radiosiga. – Ammo odamlar suv haqini to‘lamasa, suv kompaniyasi elektr kompaniyasiga to‘lay olmaydi. Elektr kompaniyasi gaz ishlatgani uchun ular gaz kompaniyasiga to‘lay olmaydi va hokazo."

Elektr energiyasi narxlarining oshishi tufayli milliy tarmoqdan elektr energiyasi iste’moli 2023-yilda o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga kamaydi. Kamiga Islomobod Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) kreditini qaytarish uchun elektr energiyasi narxlarini oshirishga majbur bo‘lyapti.

Pokistonliklar tarmoqdan tashqarida

Bunday sharoitda pokistonliklar imkon qadar moslashmoqda.

Qancha odam quyosh panellariga o‘tayotgani aniq emas. Ba’zi xonadonlar o‘z ehtiyojlari uchun oddiy qurilmalarni tanlamoqda, boshqalari esa energiyani milliy tarmoqqa sotish umidida katta mablag‘ sarflagan.

Haybar Paxtunxva viloyatining Svabi tumanidan Abror Xonning aytishicha, u 20 yil davomida uylar va korxonalarga quyosh panel tizimlarini o‘rnatgan, ammo energetika inqirozi va hukumatning uni hal qilish qobiliyatiga ishonch pasayishi qurilmalar o‘rnatilishida katta o‘sishga olib keldi.

"Aholi va sanoat korxonalari yuqori tariflar va tez-tez elektr uzilishlaridan bezor bo‘lgan, – deydi u Ozodlik radiosiga. – Shuning uchun bu yil va o‘tgan yili quyosh tizimlariga bo‘lgan talab keskin oshdi."

Pokistonning Haybar mintaqasida ishchilar Xitoy quyosh panellarini o‘rnatmoqda.

Pokiston energetika sektoridagi inqiroz ildizlari o‘nlab yillarga borib taqaladi, ammo 1994-yilda Islomobod xorijiy investorlarga elektr stansiyalarini qurish uchun foydali shartnomalar taklif qilganda bu inqiroz avj oldi.

Mustaqil elektr ishlab chiqaruvchilar (MEI) hukumatdan davlat kafolati ostida hatto foydalanilmagan elektr energiyasi uchun to‘lov majburiyatlarini o‘z ichiga olgan imtiyozli shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘ldilar.

Moliyaviy mablag‘lar asosan ko‘mir va gazda ishlaydigan elektr stansiyalariga yo‘naltirildi, bu esa elektr energiyasi narxlarini qazib olinadigan yoqilg‘ilarning jahon bozoridagi tebranishlariga bog‘lab qo‘ydi. Natijada, Pokistonda elektr energiyasi tariflari so‘nggi uch yilda ikki baravardan ko‘proq oshdi.

Hukumat subsidiyalarni qisqartirdi va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarga to‘lanadigan to‘lovlarini iste’molchilarga o‘tkazdi. Bu esa aholisining taxminan 40 foizi qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydigan Pokiston kabi rivojlanayotgan mamlakatda jamiyatning katta qismiga og‘ir yuk bo‘ldi.

Pokistonning Mardon mintaqasida o‘rnatilgan Xitoy quyosh panellarining sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi.

Sanoatchilar energiya narxlari Hindiston va Bangladeshdagidan ikki baravar yuqori ekanligidan shikoyat qilmoqda va ba’zi zavodlar yopilishga majbur bo‘lmoqda.

"Kimning biznesi omon qolgan bo‘lsa – men ham shular qatoridaman - bu quyosh energiyasi tizimlaridan foydalanish tufaylidir," deydi Xaybar-Paxtunxva viloyatidagi marmar sanoati vakili Ijoz Bacha Ozodlikka.

Marmarni qayta ishlash bu viloyatdagi asosiy sanoat tarmog‘i hisoblanadi va Bachaning aytishicha, so‘nggi ikki yil ichida u yerdagi ishlab chiqaruvchilarning 30-40 foizi biznesdan chiqib ketgan.

Bacha quyosh energiyasiga o‘tganidan beri uning korxonasi uchun elektr energiyasi xarajatlari sezilarli darajada kamayganini aytdi. Uning oylik to‘lovi 2 million rupiyadan (7300 dollar) 1,2 million rupiyaga (4300 dollar) tushgan. U bu tejamkorlik biznesini saqlab qolganini, ammo bu faqat 25 million rupiya (90000 dollar) sarmoya tufayli mumkin bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Bu summani ko‘plab pokistonlik tadbirkorlar to‘play olmasligi mumkin.

"Menimcha, kelgusi yilda Pokiston sanoatining ko‘p qismi quyosh energiyasiga o‘tadi, chunki usiz omon qolish imkonsiz," dedi Bacha.

Mavhumlik

Qarz va energiya muammolarini hal qilishda iste’molchilar siyosatning keskin o‘zgarishlariga duch kelmoqda.

2017-yilda Pokiston "net metering" tizimini joriy qildi, bu tizim orqali odamlar quyosh panellarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini milliy tarmoqqa sotishlari mumkin edi. Ammo mart oyida hukumat XVJ talablariga javob berish va iqtisodiyotni barqarorlashtirish maqsadida bu siyosatni to‘xtatmoqchi ekanligini ma’lum qildi.

2023-yilda elektr tarmoqlarida yuz bergan avariya sabab Pokistonning katta qismi elektrsiz qolgan edi. Karachi bozori, yanvar, 2023

Federal hukumat xavotirlariga qaramay, mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi yashaydigan Panjob va Sind viloyatlari hozir kam ta’minlangan oilalarga bepul yoki subsidiyalangan quyosh panellarini taklif qilmoqda.

Federal hukumat tarmoqni barqarorlashtirish va qazib olinadigan yoqilg‘iga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida qarzlarni qayta ko‘rib chiqmoqda.

Pokiston energetika vaziri Avais Leghari sentyabr oyida Financial Times gazetasiga bergan intervyusida hukumat Xitoy va mahalliy investorlar bilan energetika sektoridagi qarzlar bo‘yicha qayta muzokaralar olib borayotgani va ayrim kompaniyalarni xususiylashtirish yo‘llarini o‘rganayotganini aytdi.

Biroq vazir, shuningdek, quyosh panellariga bo‘lgan qiziqishning o‘sib borishi to‘lovchi mijozlarning doimiy ravishda kamayishiga olib kelishi milliy elektr tarmog‘ini "qimmatga tushirishi" xavfidan xavotirda ekanligini bildirdi.

"Tarmoqqa bo‘lgan talab kamaymoqda. Bu bizni jiddiy tashvishlantirmoqda," dedi u.