Bishkekning Birinchi may tuman sudi 14-may kuni “Kampirobod ishi” bo‘yicha ayblanayotganlarning barchasiga nisbatan oqlov hukmini chiqardi. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati muxbiri sud zalidan xabar qildi.
Sud ayblanuvchilar xatti-harakatida jinoyat unsurini topmagan va ularning barchasini uydan chiqmaslik haqidagi tilxat asosida ozod qilgan.
Sud majlisi yopiq tartibda o‘tkazilgan va OAV vakillari sud zaliga qo‘yilmagan, hukm o‘qilayotgan paytda sudlanuvchilarning yaqinlari ham sud zalidan chiqarib yuborilgan - ular hukm e’lon qilib bo‘linguniga qadar yo‘lakda kutib turganlar.
Ishni ko‘rib chiqqan sud kollegiyasiga sudya Marat Sidiqov raislik qilgan. Sud oqlov hukmini chiqarguniga qadar Amnesty International (AI) xalqaro inson huquqlari tashkiloti Qirg‘iziston rasmiylariga ayblanuvchilarni ozod qilish va ular zimmasidagi barcha ayblovlarni olib tashlash chaqirig‘i bilan chiqqan edi.
Bundan tashqari, AI “inson huquqlari sohasidagi o‘z majburiyatlarini bajarishlari uchun Qirg‘iziston rasmiylariga bosim o‘tkazish” chaqirig‘i bilan xalqaro hamjamiyatga murojaat qilgandi.
Kampirobod suv ombori yerlarining O‘zbekistonga berib yuborilishiga norozilik bildirgan qator faol, siyosatchi va huquqbonlar 2022-yil oktyabrida qo‘lga olingan edi. Mazkur ish bo‘yicha jami 27 kishi ushlangan. IIV ularga “ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rganlik” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilgan. Biroq ayrim figurantlarga “hokimiyatni kuch bilan egallab olish”ga hozirlik ko‘rganlik ayblovi ham qo‘yilgan.
Oradan bir necha oy o‘tib, sud ayblanuvchilarning bir qismini ozod qilib, uy qamog‘iga chiqargan. Biroq Ravshan Jeyenbekov, Azimbek Beknazarov, Jenish Mo‘ldo‘qmatov, Aydanbek Aqmatov, Marat Bayazov, Aybek Buzurmanqulov, Ilgiz Shamenov va Temir Maxmudovlar hali ham tergov hibsxonasida qolayotgan edi.
Shuningdek, avvalroq O‘ro‘zayim Nurmatova va Talantbek Eshaliyev ishi alohida ko‘rilishi aytilgan. Shu bilan birga, siyosatchilar Keneshbek Duyshebayev, Bektur Asanov va Kubanichbek Qadirov ishlari ham ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq holda alohida ko‘rib chiqiladigan bo‘lgan.