Qirg‘iziston muftiyati bayroq yoqilishiga munosabat bildirdi

Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi binosi

Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi (QMDB) Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida qishloq hukumati va ikki maktab binosida davlat bayroqlari yoqilib, ular o‘rniga arabcha yozuvli oq matolar osib ketilgani bilan bog‘liq holatga munosabat bildirdi.

QMDB matbuot xizmati tomonidan yoyinlangan murojaatnomada Qirg‘izistonning mustaqil va suveren davlat ekanini isbotlovchi asosiy alomatlarga bayroq, gerb va madhiya kirishi, bu qadriyatlar hurmat qilinishi zarurligi qayd etilgan.

“Diniy qadriyatlar, milliy sarvat, erkinlik ramzi bo‘lgan qizil bayrog‘imizni izzat qilish bilan xalqimizning bir butunligiga, vatanimiz tinchligiga, davlatimizning qudratli bo‘lishiga barchamiz birgalikda hissa qo‘shaylik", deyilgan muftiyat murojaatnomasida.

Davlat bayroqlarining yoqib yuborilishi bilan bog‘liq noxush hodisa 30-may kuni Suzoq tumanining Bekobod qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bayroqlar 4- va 88-o‘rta maktablar darvozasi oldida hamda Otabekov qishloq hukumati binosiga kirish joyida yoqilib, ular o‘rniga arabcha yozuvli oq matolar osib ketilgan.

Jalolobod viloyati IIB ma’lumotiga muvofiq, sodir bo‘lgan voqea haqida Suzoq tuman militsiyasiga soat 04:15 larda mahalliy turg‘unlardan biri xabar qilgan. Qishloq turg‘unlari Ozodlikning qirg‘iz xizmati muxbiriga mazkur hodisadan keyin huquq-tartibot idoralari xavfsizlik choralari va tushuntirish ishlarini kuchaytirganlarini aytishgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 31-may kuni mazkur qishloqda “Hizbut-Tahrir” guruhiga a’zolikda gumonlangan 6 kishi qo‘lga olingan. Bu diniy-ekstremistik tashkilot faoliyati Qirg‘izistonda 2003-yili sud qarori bilan taqiqlangan. Qo‘lga olinganlarning davlat bayrog‘i yoqilishiga aloqasi bormi-yo‘qmi — aniqlik kiritilgan emas. Mahalliy IIB gumonlanuvchilar qidirilayotganini bildirgan.