Qirg‘izistonda siyosatchilar xorijdan mablag‘ oluvchi nodavlat tashkilotlari faoliyatini cheklash uchun yillar davomida bahsli qonunchilik tashabbuslarini ilgari surib kelmoqda.
Deputatlar bir nechta qonun loyihalarini rad etishdi. Chunki bu Qirg‘izistonning demokratik obro‘siga putur yetkazadi va donorlarning yordami to‘xtab qolishiga olib keladi.
Hozir Qirg‘izistonda Rossiya andozasidagi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni kuchga kiritishga qaratilgan so‘nggi urinishlar muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkinligidan xavotirlar kuchaydi. Kuzatuvchilar Qirg‘izistonda avtoritarizm kuchayib borayotgani, Rossiyaning mamlakatdagi G‘arb ta’sirini yo‘q qilishga urinishlari ham ortganini ta’kidlamoqda.
Qirg‘iziston parlamenti deputatlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i o‘tgan oy jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Agar qonun ma’qullansa, xorijdan mablag‘ oladigan NNTlarni ro‘yxatga olish va hisobot taqdim qilish bilan bog‘liq qator murakkab cheklovlar paydo bo‘ladi.
Qonun loyihasi 1-iyul, parlament tanaffusga chiqishidan oldin qabul qilinishi mumkin.
“Xorijiy agentlar” qonunini joriy etishga urinishlar Qirg‘izistonda fuqarolik jamiyatiga nisbatan tazyiqlar kuchaygan bir paytda kuzatilmoqda. Prezident Sadir Japarov 2020- yilda hokimiyatga kelganidan beri siyosiy raqiblari va erkin matbuotni nishonga olgan, deydi tanqidchilardan biri.
“Bu safar qonun qabul qilinishidan xavotirdamiz. Japarov hokimiyatga kelganidan beri biz konstitutsiya, siyosiy tizim o‘zgarganini, fuqarolik jamiyatini tugatish maqsad qilinganini ko‘rib turibmiz”,- deydi bishkeklik huquq himoyachisi Erkina Ubisheva.
Qirg‘iziston "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga uringan ikkinchi postsovet davlati bo‘ldi. Mart oyida Gruziyada qonun loyihasiga qarshi keskin norozilik namoyishlari boshlangach, hukumat rejlarini bekor qilishga majbur bo‘lgan edi.
Rossiyada“xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun 2012-yilda qabul qilingan. Qonun dastlab nodavlat notijorat tashkilotlar va inson huquqlari guruhlarini nishonga olgan bo‘lsa, keyinchalik to‘ldirilib, OAV va jurnalistlarni ta’qib qilish uchun moslashtirildi.
"Kaktus Media" sayti jurnalisti Bo‘rubek Kudayarov Gruziyadagi voqealar Qirg‘izistonda takrorlanishi ehtimoli yo‘qligini aytadi.
Bir qancha taniqli qirg‘iz deputatlari Gruziya prezidenti Salome Zurabashvili singari qonunga qarshilarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasining so‘nggi tahriri 19-may kuni e’lon qilindi.
Qonun loyihasida xorijiy agent deganda “xorijiy vakillik funksiyasini” bajaruvchi va “Qirg‘iziston hududida olib borilayotgan siyosiy faoliyatda ishtirok etuvchi” yoki jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatuvchi nodavlat tashkiloti tushunilishi keltirilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, bunday tashkilotlar majburiy auditdan tashqari, hukumatga moliyaviy hisobotlarini asoslab berishi va hatto o‘z tadbirlarida hukumat vakillarining ishtirok etishiga rozi bo‘lishi kerak.
Qonun loyihasida “fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik yoki ularning sog‘ligiga zarar yetkazish yoxud fuqarolarni o‘z fuqarolik burchlarini bajarishdan bosh tortishga undash” da aybdor deb topilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Notijorat tashkilotlar huquqi bo‘yicha xalqaro markazning ta’kidlashicha, qonun loyihasidagi aksar bandlar nodavlat sektor ishchilar huquqlarini kamsitadi.
Qonun loyihasi matnining “90 foizdan ortig‘i” Rossiyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunidan ko‘chirilgan. Xalqaro markaz agar qonun loyihasi ma’qullansa, bu Qirg‘iziston imijini “demokratik bo‘lmagan davlat” sifatida shakllantirishidan ogohlantirdi.
“Endi notijorat tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni yanada murakkablashadi. Tugatish jarayoni esa soddalashtirildi”, - deydi “Adilet” yuridik nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Cho‘lpon Jakupova.
"Ukrainadagi urushdan keyin xalqaro vaziyat murakkablashdi. Odamlar Kreml Markaziy Osiyodagi ta’sirini yo‘qotayotganini aytishmoqda. Biroq Rossiya Qirg‘izistonda ta’sirini kuchaytirmoqda", - deydi u.
Qirg‘iziston fuqarolik jamiyati va matbuoti odatda Markaziy Osiyoda eng faol bo‘lib kelgan. Ammo hozirgi hukumat tazyiqlari kuchaygan bir paytda vaziyat o‘zgardi.
O‘tgan yili Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan chegara kelishuviga qarshi chiqqanligi uchun 20 dan ortiq odam, jumladan, nodavlat tashkilot rahbarlari va boshqa faollar jiddiy ayblovlar bilan qamoqqa olingan.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti o‘tgan oy e’lon qilgan OAV erkinligi bo‘yicha yillik reytingida Qirg‘iziston 50 pog‘ona pastlab, 180 davlat orasida 122 o‘ringa tushib ketgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Aprel oyida Bishkek sudi Axborot vazirligining “Ozodlik” radiosi qirg‘iz xizmati faoliyatini to‘xtatish haqidagi so‘rovini ma’qulladi. Bu Ozodlik qirg‘iz-tojik chegarasidagi to‘qnashuvlar aks etgan videoni o‘chirishdan bosh tortganidan keyin sodir bo‘ldi.
"Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishiga imkon bermaydi. Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun esa OAVni nodavlat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga yo‘l bermaydi", - deydi 24.kg jurnalisti Mohinur Niyozova.