Qirg‘iziston Ukraina uyushtirayotgan Tinchlik sammitida qatnashmaydi

Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Edil Baysalov

Qirg‘iziston Ukraina tomonidan 15-16-iyun kunlari Shveysariyada uyushtirilayotgan Tinchlik sammitida ishtirok etmaydi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Edil Baysalov Deutsche Welle agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Baysalovga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni “bu ahmoqona vaziyat to‘xtatilishi”ni faol ravishda yoqlaydi va iqtisodiy sanksiyalarni aylanib o‘tishda Rossiyaga yordam berishdan manfaatdor emas.

Biz anchadan buyon Ukraina tomoni bilan tig‘iz aloqadamiz. Eng boshdanoq davlat rahbari biz Ukrainaga ham, Rossiyaga ham bir xil munosabatda bo‘lish pozitsiyasida turishimizni e’lon qilgan. Ularning ikkalasi ham bizga yaqin davlatlardir”, degan u.

Mulozim Qirg‘iziston sammitda qatnasha olmasligiga oid o‘z vajlarini Ukrainaga yetkazganini, Ukraina tomoni buni tushunish bilan qabul qilganini qayd etgan.

Biz hali to‘laqonli ikki tomonlama muzokaralar bosqichiga yetganimiz yo‘q, bizning bevosita ishtirokimiz hozircha uncha qimmatli bo‘lmaydi va Ukraina bizning bu mulohazamizni qabul qildi”, deya qo‘shimcha qilgan Baysalov.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Markaziy Osiyodan bo‘lgan jurnalistlar uchun 24-may kuni Xarkovda uyushtirilgan brifing chog‘ida mintaqa mamlakatlari liderlarini Tinchlik sammitida ko‘rishni istashini aytgan edi.

Ukraina tomonidan tashkil etilayotgan Tinchlik sammiti 15-16-iyun kunlari Shveysariyada bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ishtirokchilari Zelenskiy tomonidan taklif etilgan “tinchlik formulasi” va boshqa masalalarni muhokama qilishadi. Bu sammitga hukumat rahbarlari va prezidentlar darajasida 160 ta mamlakatdan delegatsiyalar taklif etilgan.

Ular orasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, “Katta yettilik” hamda KXSHTga a’zo mamlakatlar vakillari ham bor. O‘zbekiston vakillarining bu sammitda ishtirok etib-etmasligi hozircha noma’lum. Rossiya vakillari mazkur sammitga taklif qilingan emas.