Qirg‘iziston parlamenti deputatlari 1918-1953-yillar oralig‘ida siyosiy va diniy e’tiqodi uchun qatag‘on uchragan fuqarolarni reabilitatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilishdi.
Ozodlikning qirg‘iz xizmati xabariga ko‘ra, “Siyosiy va diniy e’tiqodi, ijtimoiy, milliy va boshqa mansubiyat belgilariga ko‘ra qatag‘on natijasida jabr ko‘rgan va reabilitatsiya qilingan fuqarolarning huquqlari va ularga berilgan kafolatlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar 27-iyun kuni parlament tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq, qonunga 1922 va 1926-yillar oralig‘ida RSFSR Jinoyat kodeksining ayrim moddalari bilan sudlanganlarni (bu moddalar 1961-yilgacha Qirg‘iziston hududida amalda bo‘lgan) siyosiy qatag‘onga uchragan deb hisoblashga oid yangi moddani qo‘shish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, qonunga muvofiq, rasmiylarning “Qizil terror to‘g‘risida”gi qaror asosida qabul qilingan qarorlari, bosmachilikka qarshi kurash masalalari bo‘yicha buyruqlari, davlat jinoyatlari va quloq qilingan xo‘jaliklar belgilariga oid qarorlari hamda SSSR rasmiylari tomonidan qabul qilingan boshqa qator hujjatlar siyosiy qatag‘on alomatlari bo‘lib hisoblanadi.
Qonun bilan Reabilitatsiya bo‘yicha komissiya tuzish ham ko‘zda tutilgan. 2023-yil sentyabrida hujjat tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan deputat Janar Aqayev mazkur komissiyani Milliy fanlar akademiyasining Tarix, arxeologiya va etnologiya instituti qoshida tashkil etish taklif qilinayotganini aytgan edi. Komissiya tarkibiga olimlar, nohukumat tashkilotlari vakillari, Ombudsmen instituti, prokuratura, IIV, MXDQ va davlat arxivi idoralari xodimlari kiritilishi ko‘zda tutilgan. Komissiya tarkibi mamlakat parlamenti (Jo‘g‘o‘rqu kenesh) tomonidan tasdiqlanadi.
Turli manbalarga ko‘ra,1937-1938-yillarga borib kuchayib ketgan qatag‘onlar davrida Qirg‘izistonda 20 ming nafardan 40 ming nafargacha odam otilgan. Ular orasida To‘ro‘qul Aytmatov (Chingiz Aytmatovning otasi), Imanali Aydarbekov, Bayali Isakeyev, Qasim Tinistanov boshchiligidagi 137 nafar ziyoli bor. “Xalq dushmani” deb tan olishgan bu kishilar 1938-yilning 5-8-noyabr kunlari oralig‘ida otib tashlangan. Bu shaxslar jasadlarining qayerga ko‘milgani o‘nlab yillar davomida noma’lumligicha qolgan va bu qabrlarni faqat 50 yildan keyin topishga muvaffaq bo‘lingan.