Qirg‘izistonda qamoqda vafot etgan huquq faoli Azimjon Asqarov xotirlandi

Xadicha Asqarova turmush o‘rtog‘i Azimjon Asqarovning qabriga gul qo‘ymoqda.

Qirg‘iziston fuqarolik jamiyati faollari 25 - iyul kuni 2010 - yildagi O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamalgan va 2020 - yilning 25 - iyulida qamoqda vafot etgan huquq faoli Azimjon Asqarovni xotirlashdi. Asqarovning yaqinlari va hamkasblari hozir ham huquq faolining oqlanishi va uning o‘limi tafsilotlari o‘rganilishini talab qilib kelmoqda.

Marhumning bevasi Hadicha Asqarova hanuz uning o‘limi bilan bog‘liq savollarga javob izlayotganini aytadi:

“Azimjon Asqarov bilan oxirgi marta 2020 - yilning 3 - iyul kuni qamoqxona telefoni orqali gaplashganman. Men uchrashuvga bormoqchi bo‘lgandim. O‘sha gaplashganimizda, “kelmay tur, karantin bo‘lib qoldi, qiynalasan”, degan edi. 2010 - yildan beri menga kundalik yozar edi. Kundalikda 8 - iyuldan beri tana harorati ko‘tarilayotganini yozgan. Shu tariqa 25 - iyul kuni vafot etdi. Nega?", deydi Hadicha Asqarova.

U turmush o‘rtog‘ining o‘limida qamoqxona ma’muriyatini ham ayblaydi.

"Sobiq amaldorlar qamoqda kasal bo‘lsa, ularni kasalxonaga olib borib qarashadi. Dunyo tanigan Azimjonni shu ahvolda qoldirgani uchun qamoqxona mutasaddilari ham aybdor, deb hisoblayman. Yozgan kundaligida salomatligi borasida hammasi to‘la yozilgan”.

Asqarova turmush o‘rtog‘ini oqlash uchun bor kuchini sarflab, umrining oxirigacha harakat qilishini qo‘shimcha qildi:

“Azimjon Asqarovning hech qanday aybi yo‘q. Uning aybi haqiqat uchun kurashib, oddiy odamlarga yordam bergani bo‘ldi. Kuch tizimi xodimlari uni yomon ko‘rishar edi, iyun voqeasi bahona bo‘lib, yolg‘on guvohlik bilan qamaldi”.


2010 - yil iyun voqealarida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarov o‘tgan yilning 25 - iyulida Bishkekdagi 47-sonli vafot etgan edi.

69 yoshli huquq faolining o‘limiga zotiljam xastaligi sabab bo‘lgani ma’lum qilingan.

10 yildan buyon uning huquqini himoya qilib kelgan “Bir Dunyo - Qirg‘iziston” tashkiloti 25 - iyulni Azimjon Asqarovni xotirlash kuni deya e’lon qilib, qirg‘iz hukumatini xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.

Tashkilot rahbari To‘lekan Ismoilova qirg‘iz hukumati Asqarov ishi bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda boshqa tashkilotlar talablarini bajarmayotganini qoraladi. BMT Asqarov soxtalashtirilgan jinoyat ishi bo‘yicha qamalgani va qiynoqqa solingan, deb ishonilishini ta’kidlagan holda, qirg‘iz hukumatidan huquq faolini zudlik bilan ozod etishni talab qilgan edi.

“BMT qarori 2016 - yildayoq chiqarilgan. Undan beri qancha hukumat almashdi. Oilasi haqiqat qaror topishini kutmoqda. Shu sababli qirg‘iz hukumati o‘zining vazifasini, majburiyatini bajarishi kerak. Negaki Qirg‘iziston ham BMT a’zosi” - dedi Ismailova.

“Bir Dunyo - Qirg‘iziston” tashkiloti shu kungacha Azimjon Asqarov ishi yuzasidan ellikka yaqin mahkama bo‘lgani, huquq faolining yaqinlari, yuristlar, avdokatlarga bosim, qo‘rqituvlar bo‘lganini bildirdi.

Asqarov o‘limi yuzasidan Jazoni o‘tash davlat xizmati tergov olib borib, jinoyat alomatlari yo‘q degan vaj bilan tergovni to‘xtatgan.

Xadicha Asqarovaning himoyachisi Aydar Sidiqov Jazoni ijro etish davlat xizmati tekshiruvni to‘xtatganini noqonuniy deb hisoblab, Bishkek shahar Sverdlov tuman sudiga murojaat qilgan. Tuman sudi marhum o‘limi yuzasidan arzni qanoatlantirgan emas. Sidiqov Bishkek shahar sudiga shikoyat qilishini bildirgan.

"Sverdlov tuman sudiga borsak, arizamizni qanoatlantirmadi. Ko‘rib chiqmadi ham. Da’vo vaqti o‘tib ketgan, deb ko‘rib chiqishmadi. Hozir shahar sudiga murojat qilib, tergovni Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi olib borsin, deyapmiz. Negaki uning o‘limiga Jazoni o‘tash davlat xizmati aybdor deb hisoblaymiz”, - dedi Sidiqov.

23 - iyulda Human Rights Watch tashkiloti qirg‘iz hukumatini halqaro majburiyatlarini bajarib, Azimjon Asqarovning o‘limi yuzasidan mustaqil, xolis tergov olib borishga chaqirgan.

Azimjon Asqarovning qamalishi va o‘limiga yuzasidan Yevropa Ittifoqi, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Human Rights Watch kabi obro‘li halqaro tashkilotlar qirg‘iz hukumatidan mustaqil tergov o‘tkazishga ruxsat so‘rab keladi.

Azimjon Asqarov 2010 - yil iyunidagi etnik zo‘ravonliklar chog‘ida “milliy nizoni keltirib chiqarish va militsiya xodimini o‘ldirishda ishtirok etganlik"da ayblangan.

Huquq himoyachisi Azimjon Asqarovni Bozorqo‘rg‘on tuman sudi 2010 - yil 15 - sentabrda umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. 2011 - yilning 20 - dekabrida Oliy sud hukmni o‘z kuchida qoldirgan. Jinoiy ish 2015 - yili qayta ko‘rib chiqilishiga qaramay, hukm o‘zgarmagan. Tergov Asqarov aybi isbotlanganini bildirgan.

Huquq himoyachisi o‘zining aybsizligini ta’kidlab, inson huquqlari sohasidagi faoliyati uchun huquq-tartibot idoralari undan qasd olganini aytib kelgan.

Qamoqxonada vafot etgan Azimjon Asqarov o‘tgan yil 31 - iyul kuni Toshkentda dafn etilgandi.