O‘zbekistondagi yuzlab umumiy ovqatlanish korxonalari (restoran, kafe, oshxona va bufetlar) davlat tili va iste’molchilar huquqlariga doir qonunchilik talablarini buzgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bu haqda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni ma’lumot yoyinladi.
700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ularning 524 tasida (75%) taomnoma davlat tilida emasligi, 480 tasida (69%) ish rejimi ko‘rsatilmagani, 449 tasida (65%) narxnoma yo‘qligi, 429 tasida (62%) avtoturargohlar mavjud emasligi, 519 tasida (74,6%) favqulodda vaziyatlar uchun chiqish yo‘laklari qoldirilmagani aniqlangan.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasiga tegishli tartibda ma’lumot kiritilgan.
Qo‘mita umumiy ovqatlanish korxonalarida qonun talablari buzilishiga duch kelgan, huquqlari buzilgan iste’molchilarga 1159 – yagona ishonch raqamiga murojaat qilishni eslatgan.