Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdori ekani aytilgan farg‘onalik 11 kishiga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani va Qo‘qon shahrida yashagan bu odamlar DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida qo‘lga olingan.
Ular 2021-2023-yillar davomida “Qo‘qon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yig‘inlar tashkil etib, unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yahyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarini eshitishlari natijasida dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelishgan”i iddao qilinmoqda.
Ular O‘zbekistonda amalda bo‘lgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va “Xalifalik” davlati qurishga qaratilgan g‘oyalarni o‘zaro muhokama qilishgani aytilmoqda.
Sudlanuvchilardan 2 nafari Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qo‘qonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023-yilning iyul va avgust oylarida 3000 AQSH dollariga yaqin mablag‘ yuborishganini e’tirof etishgan.
Sudlanuvchilarga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155-3 (Terrorizmni moliyalashtirish), 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) , 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-moddalari (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bo‘yicha ayblov bildirilgan, sud esa ularni aybli deb topgan.