Nukus shahrida qoraqalpoq tilida chiqadigan "El xizmatinda" gazetasi bosh muharriri Sultonbek Ziyoyev va shu nashrning huquqshunosi Davron Tojimurodov O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonovani sudga berdi. Ozodlik tanishgan da’vo arizasida Yulduz Usmonovaning 2020 - yil ZO'R TV kanalining “Siz bilan” degan ko‘rsatuvida “qoraqalpoqlar o‘zbekning choponi ichidagi xalq” degani yuzasidan uzr talab qilingan.
Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan gazeta huquqshunosi Davron Tojimurodovga ko‘ra¸ Yulduz Usmonovaning “qoraqalpoq xalqidan uzr so‘rashi talab qilingan" da’vo arizasini joriy oy boshida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi qabul qilib olgan.
Sud kotibasi Ozodlikka “bu ariza qabul qilingani, ammo sud qachon bo‘lishi noaniqligini” bildirdi. Kotibaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi, haqorat qilish (Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash) bo‘yicha malakalangan da’vo arizasi belgilangan tartibda qabul qilib olingan.
“El xizmatinda” gazetasi bosh muharriri Sultonbek Ziyoyev Ozodlik bilan suhbatda bu arizani sudga topshirishning o‘ziga "besh oy ketganligi"ni bildirdi.
Qoraqalpog‘imsan! Seni majnun bo‘lib suyarman!
Internetning qoraqalpoq segmentida turli mem va norozi chiqishlarga sabab bo‘lgan Yulduz Usmonovaning “gapi” haqida “ZO’R TV”kanalida ishlaydigan, ammo vazifasida matbuotga gapirish vakolati bo‘lmagan texnik xodim Ozodlikka so‘zlab berdi.
“Qishda “Siz bilan” degan ko‘rsatuvda Yulduz Usmonova qatnashdi. Ssenariy bo‘yicha boshlovchi ikki og‘iz gapirib, Usmonovaning qo‘shig‘iga navbat berishi kerak edi. Shundan keyin Usmonova pod fonogramma “Qoraqalpog‘imsan, seni majnun bo‘lib suyarmiz” degan qo‘shiqni kuylashi kerak edi. Ammo "otsebyatina" bo‘lib, Usmonovaning o‘zi qo‘shiqqa podvodka sifatida bir narsalar dedi. Biz ahamiyat ham bermadik. Chunki qo‘shiqda qoraqalpoqlar ulug‘langan edi. Keyin bilsak, "qoraqalpoqlar o‘zbekning choponi ichida" degan joylari odamlarga malol kelibdi".
Yulduz Usmonova nima degan edi?
Ozodlik ZO’R TV”kanalida namoyish qilingan ko‘rsatuvni ko‘rdi. Ko‘rsatuvda “Qoraqalpog‘imsan, seni majnun bo‘lib suyarmiz” degan qo‘shiq ijrosidan oldin Yulduz Usmonova mana bu gaplarni aytadi:
“Sizlar so‘rashinglar mumkin. Nega Qoraqalpog‘iston, deb. Atta umuman yashash osonmas. Umuman yashash osonmas. Lekigin O‘zbekiston xalqining bag‘ri ichidagi (Egnidagi kuylak etagini ochib ko‘rsatadi) choponining ichidagi xalq-da. Biz qoraqalpoq xalqi uchun javob beramiz. Ham Ollohni oldida¸ ham xalqlarni oldida. Chunki u bizning bir parchamiz. Orolning yarmi qurigan. O‘sha yerda betini sho‘r bosib, baliq tutib yeydi. Shahari bor (barmoqlarini birlashtirib kichkinagina degan ishorat qiladi-tahr.) Lekin chetlarida o‘tovlarda yashayotgan xalqimiz ham bor.”
Usmonovaning bu gaplari nukuslik jurnalist Sultonbek Ziyoyev va shu gazeta huquqshunosi Davron Tojimurodov nazarida "butun qoraqalpoq xalqiga haqoratdir". Amudaryo tuman Mang‘it shahrida yashaydigan o‘qituvchi Bahodir Qutlimurodov nazarida, Usmonovaning gapi "Qoraqalpog‘iston hududida yashaydigan o‘zbek¸ qozoq va turkmanlarga ham og‘ir botgan".
Mintaqani yaxshi bilgan huquqshunos Marim Rajabov fikricha, “Jinoyat kodeksining 140-moddasi bilan butun bir xalqni haqorat qilganlikda ayblash mumkin emas”.
“Bitta odam meni haqorat qildi, deb arz qilishi mumkin. Bu arizada butun Qoraqalpog‘iston xalqi xaqorat qilindi, deyilgan. Qoraqalpog‘iston hududida 2020 - yil holatiga ko‘ra, ikki millionga yetar-yetmas aholi yashaydi. Shu aholining hammasi haqorat qilinganiga oid isbot yo‘q. Qonun bo‘yicha shunday. Lekin keyingi paytda o‘zbek xalqini haqorat qildi, degan noilmiy, noyuridik jumlalarni sud qarorlarida ko‘rib qolyapmiz. Joriy yil 22 - mart kuni sumalak qozoni atrofida raqs kiyimida videoga tushgan ayollar IIBga so‘roqqa chaqirtirilib, o‘zbek xalqidan uzr so‘rashga majbur qilingani ham yuridik jihatdan absurd edi. Chunki bu qizlarning 34 million xalqning hammasini haqorat qilganiga oid isbot yo‘q”.
Huquqshunos taxminicha, sud Yulduz Usmonovani ozroq miqdor jarimaga tortishi va Usmonovaning uzr so‘rashini talab qiluvchi qaror chiqarishi mumkin.
Huquqshunos Rajabovga ko‘ra¸ butun bir xalqni “chopon ichida” deb aytish siyosiy odobsizlik, deya talqin qilinishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi parlament boshqaruvi shakliga ega bo‘lgan suveren Respublikadir.
Ozodlikning Yulduz Usmonova yoki vakili bilan bu yuzadan bog‘lanishga urinishi samarasiz bo‘ldi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Janjalkash" xonanda
Yulduz Usmonovaning tarmoqlardagi ziddiyatli chiqishlari bundan oldin ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Joriy yil may oyida xonandaning Isroil-Falastin mojarosi yuzasidan bildirgan fikrlari AQSh va Isroildagi Buxoro yahudiylari jamoasida g‘azab va xavotir bilan qarshilangan edi.
Jamoa vakillari Usmonova “antisemit ohangidagi chiqishlari uchun Isroil xalqidan kechirim so‘rashi kerak"ligini ta’kidlashgan bo‘lsa, ulardan ayrimlari Yulduz Usmonovani “Xalq artisti unvonidan mahrum qilish”ga chaqirgan edi.
O‘tgan yili Usmonovaning Instagram’dagi jonli efirda ichki ishlar xodimlari haqida aytgan so‘zlari uning ustidan ma’muriy ish ochilishiga sabab bo‘lgan edi.
Shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda Usmonovaning uzr so‘rab chiqqan videosi tarqaldi.
Marhum prezident Islom Karimov davrida 11 yil davomida taqiqda bo‘lgan va mamlakatni bir muddat tark etgan Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan yana sahnaga qaytdi.
U o‘zining “zapret”dan chiqishiga joriy prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva "sababchi" bo‘lganini aytgan.
O‘z vaqtida hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimovaga atab “Gulisan” deya qo‘shiq kuylagan xonanda yaqinda Shavkat Mirziyoyevning yangi tug‘ilgan nevarasiga atab ham qo‘shiq ijro etgan.