Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazorat O‘zbekiston prezidentining yordamchisi va katta qizi Saida Mirziyoyeva hamda prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov zimmasiga yuklatildi. Bu haqda 19-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasi bo‘yicha Kegeyli tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda bildirilgan.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston aholisiga qulay sharoitlar yaratib berish uchun respublika byudjetidan 2024-yil oxirigacha qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratishi belgilangan. 2025-yilda esa Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy soha va infratuzilma uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish reja qilingani, xususan, 24 ta maktab, 5 ta bog‘cha, 7 ta tibbiyot muassasasi qurilishi va ta’mirlanishi aytilgan.
Shuningdek, sanoat zonalari va yirik ishlab chiqarish obyektlariga infratuzilma olib borishga 353 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etilgan.
Bu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazoratni Saida Mirziyoyeva va Tursinxan Xudaybergenov amalga oshirishi aytilar ekan, Qoraqalpog‘iston tumanlari hokimlari va iqtisodiy kompleksga joriy yil yakunigacha 121 ming aholini ish bilan band qilishi muhimligi ta’kidlangan.
Buning uchun tadbirkorlarning kredit va aylanma mablag‘ bilan bog‘liq masalasini tez-tez hal qilish, mahallalar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 9 mingta mikro va kichik loyihani ishga tushirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga 636 milliard so‘m yo‘naltirish vazifalari belgilangan.
“Shularning hisobiga yil yakunigacha Qoraqalpog‘istonda kambag‘allik darajasi hozirgi 13,6 foizdan 8,5 foizga tushishi hisob-kitob qilingan”, deyilgan prezident matbuot xizmati xabarnomasida.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safar qilgan edi. Tashrif davomida sanoat korxonalari, IT va ijtimoiy soha obyektlarini ko‘zdan kechirish, mahallalarda aholi hayoti bilan tanishish rejalashtirilgani va yangi majmualar ishga tushirilishi aytilgan. 20-avgust kuni esa prezident Mirziyoyevning Nukus shahrida tadbirkorlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.