Ostona apellyatsiya sudi 26-iyun kuni Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayevga nisbatan birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Ozodlikning qozoq xizmati xabar qildi.
Rafiqasi Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda aybdor topilgan sobiq vazir joriy yilning may oyida 24 yilga qamalgan edi.
Apellyatsiya sudi sobiq vazirdan tashqari uning jiyani Baqitjan Bayjanovga nisbatan sud hukmini ham o‘zgarishsiz qoldirgan. Jinoyatni yashirganlikda ayblangan Bayjanov avvalroq birinchi instansiya sudi hukmi bilan to‘rt yilga qamalgan edi.
Bishimbayev o‘ta shafqatsizlik bilan qasdan odam o‘ldirishda ayblangan edi. Avvalgi mahkamada u mazkur ayblovlarni rad etib, qasddan odam o‘ldirmagani, tergov esa ijtimoiy tarmoqlar va OAV tomonidan bo‘lgan bosim ta’siriga tushib qolganini iddao qilgan.
Sud materiallarida qayd etilishicha, Bishimbayev 2023-yil 8-noyabr oqshomida o‘z oilasiga tegishli Bau restoranida xotini bilan janjallashib qolgan. U Saltanat Nukenovani dastlab hojatxonada, keyin esa liftdan chiqishda kaltaklagan. Pirovardida ayol olingan jarohatlar tufayli jon taslim qilgan.
Sobiq iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayev 2018-yilning mart oyida korrupsiyada ayblanib, 10 yilga qamalgan edi. U Qizilo‘rda shahrida shisha zavodini qurish uchun ajratilgan milliard tengeni o‘zlashtirishda hamda quruvchilardan pora olishda ayblangan. U 2019-yil oktyabr oyida shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan edi.
43 yoshli Quandiq Bishimbayev prezident Nazarboyev davrida yuqori lavozimlarda ishlagan. U o‘z faoliyatini Nursulton Nazarboyevning yordamchisi sifatida boshlagan.
Bishimbayev advokati Ostona apellyatsiya sudining 26-iyundagi qarori ortidan endilikda Qozog‘iston Oliy sudiga shikoyat kiritilishini bildirgan.