Birinchi iyulga o‘tar kechasi Qozog‘istondan Qirg‘izistonga seldan jabr ko‘rgan kishilar uchun oziq-ovqat va maishiy ashyoladan iborat insonparvarlik yordami yetkazilgan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga tayangan holda xabar qildi.
O‘sh viloyatining Novqat tumanida 28-iyun kuni sodir bo‘lgan sel oqibatida 9 kishi nobud bo‘lgan. Qurbonlarning hammasi bitta oila a’zolari ekani ma’lum. Tabiiy ofat chog‘ida bedarak ketgan yana bir kishi qidirilmoqda. Sel toshqini tufayli tumanda favqulodda vaziyat tartibi e’lon qilingan.
Qutqaruvchilar 29-iyun kuni tumandagi Abshirota sharsharasi yaqinidagi Abshirsoy dam olish maskanidan 1300 dan ziyod kishini evakuatsiya qilishib, yana 40 kishini Kezart yaylovidan olib chiqib ketishgan.
Qirg‘iziston FVV selga tinimsiz yoqqan jala, Abshirota daryosi bo‘ylab ekilgan daraxtlar va dam olish joylarining palapartish qurilgani sabab bo‘lganini bildirgan. Bundan tashqari, vazirlik qaydicha, 30-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:30 larda O‘sh — Razzaqov avtoyo‘lining 65-kilometrida sel toshqini tufayli Nayman ko‘prigi qulagan. FVV bu hududda sel oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Qirg‘iziston prezidentining O‘sh viloyati bo‘yicha vakolatxonasi kechagi hodisalar chog‘ida biror kishi jabrlanmaganini bildirgan.