Qozog‘istonda AES bo‘yicha referendum oktyabr oyida o‘tkaziladi

Illyustrativ surat

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatda AES qurilishi masalasiga bag‘ishlangan referendum joriy yilning 6-oktyabrida o‘tkazilishini e’lon qildi. Toqayev referendum sanasini 2-sentyabr kuni Qozog‘iston parlamenti palatalarining qo‘shma majlisi paytida ochiqlagan, deya xabar qildi Ozodlikning qozoq xizmati.

“Biz ishonchli va ekologik jihatdan toza energiya manbalariga juda muhtojmiz. Shuning uchun ham, mening fikrimcha, atom energetikasini rivojlantirishga katta diqqat-e’tibor qaratish zarur”, deya bildirgan Toqayev.

Qozog‘iston prezidentiga ko‘ra, generatsiyaning bu turi mamlakat iqtisodiyotining tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini sezilarli darajada qondirishga qodir. Toqayev hozirgi kunda 30 ta rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda umumiy hisobda “200 chog‘li” atom elektr stansiyasi faoliyat yuritayotganini qo‘shimcha qilgan.

Qozog‘iston prezidentining parlament binosidagi “xalqqa murojaati” dushanba kuni rasmiy OAVlar tomonidan jonli yoyinda namoyish qilingan. U AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazishga hukumat taklifini qo‘llab-quvvatlashi va bunga oid tegishli farmonni “bugunoq” imzolashini bildirgan.

Avvalroq Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum kuzda o‘tkazilishi e’lon qilingan, biroq shu kungacha mazkur referendumni o‘tkazish sanasi ochiqlanmay kelayotgan edi.

Qozog‘istonning atom elektr stansiyasi qurilishi mumkinligi aytilayotgan Ulken qishlog‘i doxil yigirma chog‘li shahrida avvalroq rasmiylar tomonidan AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik tinglovi shaklida uchrashuvlar o‘tkazilgan. Bu uchrashuvlarda soha vakillari, jumladan zamonaviy reaktor texnologiyalarining xavfsizligi haqida so‘zlashgan.

Avgust oyida prezident huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti AES qurilishiga oid referendumda qozog‘istonliklarning “qariyb 60 foizi” qatnashmoqchi ekaniga oid bayonot bilan chiqqan edi.