Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev 27-avgust kuni bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum uyushtirish to‘g‘risidagi hukumat qarorini kun tartibiga kiritishni taklif qildi.
“Referendum vositasida qozog‘istonliklar mamlakatimizning barqaror, samarali va uglerodsiz energiya manbasiga asoslangan kelajagi haqida qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, deya iqtibos keltirgan vazir Satkaliyev so‘zlaridan Ozodlikning qozoq xizmati.
Qozog‘iston rasmiylari 2030-yilga borib mamlakatda elektr energiyasi tanqisligi yuzaga kelishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.
“AES qurilishi faqat energetika va ekologiya masalalarini hal qilibgina qolmay, ilmiy tadqiqotlar va ta’lim dasturlari rivoji uchun yangi imkoniyatlarni ham ochadi. Xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar Qozog‘istonni nafaqat uran qazib olish bo‘yicha, balki atom sohasidagi yuqori texnologik yechimlar bo‘yicha ham dunyo lideri o‘laroq yangi darajaga olib chiqishda yordam beradi. Tibbiyot va neft-gaz sohasi uchun radioizotoplar, yarim o‘tkazgichlar va platalar ishlab chiqarish shular jumlasidandir”, degan Satkaliyev.
Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov majlisda “ko‘p energiya talab qiluvchi” iqtisodiyot rivoji uchun “aynan atom energetikasi” asosga aylanishi lozimligini bildirgan.
Hukumat majlisi chog‘ida mazkur masala ko‘rib chiqilgani ortidan ovoz berish jarayoni o‘tkazilgan. “Taqdim etilgan loyiha bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan”, deyilgan Qozog‘iston bosh vaziri saytida.
Bosh vazir Bektenov Energetika vazirligi va hukumat apparatiga umumxalq referendumi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi farmon loyihasini prezident ma’muriyatiga kiritishni topshirgan.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev iyun oyida OAV xodimlarini mukofotlash marosimida Qozog‘istonda AES qurilishi masalasi bo‘yicha referendum shu yil kuzida bo‘lib o‘tishini e’lon qilgan edi. “Referendumning aniq sanasini hukumat belgilaydi”, degandi u.
Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi masalasi bo‘yicha mamlakatdagi o‘nlab shahar va aholi punktlarida “jamoatchilik tinglovlari” o‘tkazilgan bo‘lib, ularda soha vakillari, jumladan zamonaviy reaktor texnologiyalarining xavfsizligi haqida so‘zlaganlar. Shu kunlarda prezident huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti (QSTI) hali o‘tkazilish sanasi e’lon qilinmagan referendumda qozog‘istonliklarning “qariyb 60 foizi” qatnashmoqchi ekaniga oid bayonot bilan chiqqan.
Qozog‘istonda AES qurilishi masalasi vaqti-vaqti bilan 1990-yillar oxiridan buyon ko‘tarilib turadi. AES qurilishi masalasi mamlakatda 2019-yili prezident Toqayev Moskvaga safar qilgani ortidan tez-tez ko‘tariladigan bo‘lgan.