Qozog‘istonda o‘zbekistonlik jiyanlarini zo‘rlaganlikda gumonlangan amaki ushlandi

Illyustrativ surat

Qozog‘istonda voyaga yetmagan o‘zbekistonlik jiyanlariga jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini sodir etganlikda gumonlangan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Zo‘ravon amakining qo‘lga olinishiga joriy yilning 6-iyunida Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova nomiga 24 yoshli ayoldan kelib tushgan murojaat sabab bo‘lgan.

Murojaatchi A.A. ota-onasi vafot etgani ortidan singillari — 17 yoshli I.A. va 12 yoshli S.R. amakisi R.R. ning vasiyligiga berilgani, amaki esa qizlarni Qozog‘istondagi o‘z yashash manziliga olib ketgani, hozirda u qizlarga nisbatan “uyatsiz buzuq harakatlar” sodir etayotganini ma’lum qilgan.

Ayol o‘z singillariga jinsiy zo‘ravonlik sodir etayotgan amakisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda singillarini O‘zbekistonga qaytarish va eng yaqin qarindosh ekanligi sababli qizlarga qonuniy vakil etib tayinlanishida amaliy yordam so‘ragan”, deyilgan xabarnomada.

Murojaat ortidan Bolalar ombudsmani Ichki ishlar vazirligiga hamda Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsuliga so‘rov yuborgan, shu asosda 8-iyun kuni I.A. va S.R. amakisining uyidan politsiya va vasiylik organi tomonidan olib ketilgan hamda murakkab ijtimoiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash Olmaota shahri adaptatsiya markaziga joylashtirilgan.

Bolalar ombudsmani ayni paytda qizlarga barcha zaruriy ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatilayotganini bildirgan.

Qayd etilishicha, jiyanlariga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda gumonlanayotgan R. R. Qozog‘iston politsiyasi tomonidan prosessual tartibda ushlangan, unga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 121-moddasi 3-1 qismi 1-bandi (Jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlari) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan sud tomonidan 17-iyun kuni qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Xabarnomada hozirda Bolalar ombudsmani, IIV va TIV tomonidan voyaga yetmagan I.A. va S.R. larga nisbatan vasiy tayinlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilayotgani qo‘shimcha qilingan.