Qozog‘istondagi referendumda ovoz beruvchilarning 71 foizi AES qurilishini dastaklagani aytilmoqda

Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendumda hududlar kesimida ovoz berishning dastlabki natijalari

Qozog‘iston referendum markaziy komissiyasi Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha 6-oktyabr kuni o‘tkazilgan ovoz berishning dastlabki natijalarini e’lon qildi.

Komissiya ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda ovoz berish huquqiga ega 12 million 284 ming 487 nafar kishidan ovoz berishda 7 million 820 ming 204 nafari (63,66 foiz) ishtirok etgan.

Ular orasida referendumga olib chiqilgan masalaning ijobiy hal etilishini yoqlab ovoz bergan fuqarolar soni 5 million 561 ming 937 kishini (71,12 foiz) tashkil qilgan.

Yettinchi oktyabrga o‘tar kechasi sotsiologlar ovoz berish uchastkasidan chiqishda fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qilishgan edi. Mahalliy nashrlarda uchta institut so‘rov natijalari paydo bo‘lgan. Exit-pool ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda berilgan ovozlarning qariyb 70 foizi Qozog‘istonda AES qurilishini dastaklaganlarning ovozi o‘laroq ko‘rsatilgan.

Avvalroq Ozodlik Qozog‘istonda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan referendumdagi davomat haqida xabar qilgan edi. Referendum markaziy komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 6-oktyabr kuni soat 14.00 dan keyinoq ovoz beruvchilar soni 51 foizdan oshgan, buning ortidan referendum bo‘lib o‘tdi, deya e’tirof etilgan.

Referendum kuni Qozog‘istonning turli hududlaridan ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar kuzatilgani haqida xabarlar kelib tushgan, xususan, saylov qutilariga to‘pdan byulletenlar tashlanganiga oid ma’lumotlar paydo bo‘lgan.