Qoraqalpog‘istonlik faol Ziuar Mirmanbetova 23-oktyabr kuni Qo‘shma Shtatlarga yetib borgan, u yerda Mirmanbetova va yaqinlariga boshpana berilishi kutilmoqda.
Bir hafta avval – 15-oktyabr kuni qoraqalpog‘istonlik yana uch faol – Jangeldi Jaqsimbetov, Tleubike Yuldasheva va Raisa Xudaybergenova oilasi bilan AQSHga yetib borgan edi. Mirmanbetovaning ketishi uning oila a’zolariga hujjat rasmiylashtirishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli ortga surilgandi.
Qarorgohi Venada bo‘lgan Freedom for Eurasia (“Yevrosiyo uchun erkinlik”) guruhi rahbari Leyla Nazgul Seyitbek Ozodlikning qozoq xizmatiga faollarning AQSHga ko‘chib o‘tishiga amerikalik diplomatlar, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi hamda Qozog‘iston inson huquqlari byurosi sa’y-harakatlari tufayli imkon yaratilganini ma’lum qilgan.
“Ularni mahalliy huquqbonlik tashkilotlari va migratsiya organlari joylashtirishadi. Ularning turgan joyi O‘zbekiston rasmiylari tomonidan xavf bo‘lgani tufayli sir saqlanishi lozim”, degan Seyitbek.
AQSHga chiqib ketgan to‘rt nafar etnik qoraqalpoq Qozog‘istonda bir yil davomida ekstraditsion hibs ostida bo‘lishgan. Ular Toshkent so‘roviga ko‘ra 2022-yilda qo‘lga olingan. Rasmiy Ostona 12 oydan keyin ularni ozod qilgan – “konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz”da ayblangan bu odamlar O‘zbekiston tomoniga berilgan emas. Faollarning o‘zlari tarixiy vatanlaridagi chiqishlarni dastaklaganlari uchun ta’qibga uchraganlarini bildirishgan – 2022-yilda minglab qoraqalpog‘istonlik Toshkentning mamlakat Konstitutsiyasidan respublikaning referendum orqali O‘zbekiston tarkibidan chiqishiga imkon beruvchi moddaning olib tashlanishiga oid taklifga qarshi chiqishgandi.
Qoraqalpog‘istonlik faollar Qozog‘istondan boshpana so‘rashgan, Ostona ularga rad javobini bergan. Jaksimbetov, Mirmanbetova, Yuldasheva, Xudaybergenova bilan bir vaqtda Qozog‘istonda ularning maslakdoshi Qo‘shqarbay To‘remuratov ham hibsda saqlangan. U o‘tgan yilning oktyabr oyida Yevropaga chiqib ketgan va hozirda o‘zining boshpana so‘rovi bo‘yicha Polsha rasmiylarining qarorini kutmoqda.
Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi lideri Aqilbek Muratbay (Muratov) 2024-yil fevralida Olmaotada ekstraditsion hibsga olingan edi. O‘zbekiston uni “konstitutsion tuzumga tajovuz” va “tartibsizliklarga chaqirganlik”da ayblamoqda. Faol bu ayblovni tuhmat, deb atagan.
Qoraqalpog‘istonni O‘zbekiston tarkibidagi suveren respublika maqomidan mahrum qilish va Konstitutsiyadan uning ajralib chiqish huquqiga oid eslatmani olib tashlash rejasi 2022-yil iyulida Nukusda keng ko‘lamli norozilik chiqishlariga olib kelgan, pirovardida bu chiqishlar ayovsiz bostirilgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda 21 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ziyod odam yaralangandi. Qonli hodisalar ortidan O‘zbekiston rasmiylari bahsli tuzatishlarni bekor qilishgan, keyinroq esa tartibsizliklar uyushtirilishida tashqi kuchlarni ayblab, Qoraqalpog‘iston va uning xorijida qatag‘on boshlashgan. Bu qatag‘on siyosati Qozog‘istonda yashab kelgan qoraqalpog‘istonliklarga ham ta’sir ko‘rsatgan.