Qozog‘istonga qancha rossiyalik keldi va mamlakat ulardan qanday foydalanmoqchi? (VIDEO)

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 24-fevraldan beri Qozog‘istonga 130 ming rossiyalik ko‘chib o‘tgan. Shundan o‘n mingdan ortig‘i shaxsiy identifikatsiya raqamini olish uchun ariza bergan. Bu raqam bankda hisobvaraq ochish va mahalliy sim-kartani qayddan o‘tkazish uchun kerak. 1055 nafar rossiyalik Qozog‘istonda uzoq vaqt qolishga qaror qilib, yashashga ruxsatnoma so‘rab ariza bergan – bu raqamlarni mamlakat IIV e’lon qildi.

Peterburglik Stanislav Kurganskiy – na shu 1055 kishidan biri. U Rossiya Ukrainaga hujum qilgan ilk kunlardayoq mamlakatdan “surish kerak”ligini tushunganini aytmoqda. Bosqin ortidan darhol Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar unga o‘z vatanida biznes yuritish uchun imkoniyat qoldirmadi. Kurganskiy onlayn-savdo bilan shug‘ullanar, chet eldan keltiriladigan mahsulotlar va xalqaro to‘lov tizimlariga butkul tobe edi.

Kurganskiy Qozog‘iston shimolidagi, Rossiya chegarasiga yaqin Petropavlovsk shahriga ko‘chib keldi. Joy tanlovini u o‘zi ko‘nikkan til muhitida yashash istagi bilan izohlaydi, Shimoliy Qozog‘istonda esa aksar aholi aynan rus tilida so‘zlashadi.

“Relokatsiya bo‘yicha ko‘plab chatlar paydo bo‘ldi. Shundan xulosa qilish mumkinki, juda ko‘p kichik tadbirkorlar, ancha-muncha IT sohasi mutaxassislari – global bozorda autsorsing asosida ishlaydigan odamlar hozir Qozog‘istonga kelishyapti”, deydi Kurganskiy.

Iqtisodchi Arman Beysembayevning fikricha, Qozog‘iston yuzaga kelgan bu vaziyatdan foydalanib qolishi kerak. U rossiyaliklar mahalliy aholining ish joylarini tortib olmasligiga ishonadi, chunki, aytishicha, kelayotganlar o‘z biznesiga ega yoki yuqori texnologiya sohalarida ishlashadi, yo bo‘lmasa chet el shirkatlarining buyurtmalarini bajarib berishadi. Ayniqsa yirik xorijiy biznesning Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishi juda foydali bo‘lishi mumkin.

“Masalan, bu shirkatlarni taklif qilib shunday deyish kerak: “Biz sizga soliq va majburiy to‘lovlardan imtiyozlar beramiz, ishni boshlaysizlar, ammo mahalliy xodimlar bo‘yicha kvota kiritamiz. Bemalol ishlayverasiz, soliq imtiyozlariga ega bo‘lasiz, ammo bitta sharti – xodimlaringizning 30 foizi qozog‘istonlik mutaxassislar bo‘ladi”, – tushuntiradi iqtisodchi.

Ayrim IT shirkatlari va banklar allaqachon tadbirkorlik jarayonining bir qismini Rossiyadan Qozog‘istonga ko‘chirishga qaror qilgan. InDriver xalqaro yo‘lovchi tashish xizmati ham idorasini Qozog‘istonga ko‘chirdi. Dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi MNG Partner o‘zining 250 dan ziyod xodimini ushbu mamlakatga olib kelmoqda, “Tinkoff” banki esa Olmaotada ishlanmalar markazini ochyapti.