“Qozoqcha yoz”. Qo‘shnilarimizning ona tili maqomini ko‘tarish bo‘yicha kreativ tajribalari

Qozog‘istonda qozoq tili rivoji uchun kurashayotgan turli guruhlar paydo bo‘ldi. Ular internetda til qoidalarini o‘rgatishadi, turli shirkatlardan davlat tilida ma’lumot berishni so‘rashadi va chet el filmlariga ovoz berishadi. Ular kim? Bunga ularni nima undadi va qozoq tili maqomini mustahkamlashda ularning qanday yordami tegmoqda? Ozodlikning qozoq xizmati bir necha guruh vakillari bilan so‘zlashdi.

ODOBLI ODAMLAR. YOSHLAR QOZOQ TILIDA ONLAYN-XIZMATLAR KO‘RSATISHNI QANDAY TALAB QILMOQDA?

“Qazaqsha Jaz — Qazaqsha jaz” (“Qozoqcha yoz”) nomli qozoq tilli iste’molchilar huquqlarini himoya qilish guruhi turli shirkatlar, qahvaxona, restoran va do‘konlarning internetdagi sahifalariga kirib, qozoq tilida izoh qoldirishadi va xushmuomalalik bilan ma’lumot so‘rashadi. Faollar bu usulni “terbeu” (“turtib qo‘yish”) deb ataydilar va unda bir nechta qoida borligini aytishadi: faqat qonun doirasidan chiqmaslik, odobli bo‘lish va haqoratli so‘zlarni yozmaslik.

“Safimizga qo‘shilgan barcha faollar tazyiqlarsiz muhit yaratishga intiladi. Shu bois biz avval‑boshdanoq tajovuzkor usullarni qo‘llamaslikka qaror qildik. Masalan, bir shirkatning sahifasida kirib, e’lon qilingan xabar tagiga quyidagicha mazmunli izoh qoldiramiz: “Salom! Men sizning do‘koningizga tez-tez kirib turaman. Mahsulotlaringiz menga ma’qul. Agar siz sahifangizga ma’lumotlarni qozoq tilida ham joylaganingizda menga juda qulay bo‘lur edi. Rahmat!” Shu tariqa biznes bilan do‘stlashishga urindik. Ular ham biz o‘z huquqlarimiz rioyasidan bo‘lak hech narsani talab qilmasligimizni tushunishdi”, deydi harakat tashabbuskorlaridan biri Aliya Sari.

Faolning so‘zlariga ko‘ra, shu kabi tashabbuslar tufayli qozoq tilida ma’lumot berishni so‘rash iste’molchilarga erish tuyulmay qolmoqda. Harakat ishtirokchilari odatda avvaldan kengashib, “turtib qo‘yish” lozim bo‘lgan shirkatni tanlashadi. Bundan tashqari, ulardan har biri mustaqil o‘zlari mahsulot yoki xizmatlaridan foydalanadigan brendlarga xabar yuborishlari ham mumkin.

Guruhdagilar aytishicha, ish ko‘p kuch talab qiladi. O‘tgan yili, ular qozoq tilida ma’lumot berishni so‘rab murojaat qilgan shirkatlarning uchdan biri bu talabni qondirgan.

“Qonun qozoq tilli iste’molchilar huquqlarini himoya qilmaydi. “Turtib qo‘yish” vaqtida ba’zan ziddiyat va keskinlik yuzaga kelishi mumkin. “Qaysi qonunga ko‘ra bizdan ma’lumot so‘rayapsiz?” deb so‘rab qolishadi. Bunaqa qonun rostdan ham yo‘q. Iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonunda faqat vizual ma’lumot, masalan, banner va menyular qozoq tilida bo‘lishi kerakligi aytilgan xolos. Ammo saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni hech kim nazorat qilmaydi. Shu bois biz qozoq tilining internetdagi maqomini belgilab olishimiz lozim. Hozir shuning ustida ishlayapmiz”, hikoya qiladi Aliya.

Uning aytishicha, tarmoqda xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq muammoning naqadar dolzarbligi karantin vaqtida yaqqol namoyon bo‘lgan. Chunki odamlar hammasi uyda qolib, ijtimoiy tarmoqlar va onlayn xizmatlardan ko‘proq foydalana boshlashgan.

“O‘shanda internetda qozoq tilida ma’lumot bo‘lishi kerakligini barcha anglab yetdi. Siz do‘konga kirganda qozoq tilidagi ma’lumotlarni talab qilishingiz mumkin, lekin internetda bunday qila olmaysiz. Mana shu yerda tengsizlik bor. Biz deputatlarga xat yozib, qonunga o‘zgartish kiritishga harakat qilyapmiz. Bizga o‘z huquqlarimiz kerak, toki kelgusida ro‘kach qilishimiz mumkin bo‘lsin”, tushuntiradi Aliya.

Qozoq tili maqomi uchun kurashayotgan faollarni “ruslarga qarshi, millatchilik” harakatlarlarida ayblab, hatto ta’qib qilishmoqda. Chunonchi, avgust oyida “YouTube”dagi “Til Maydani” kanali muallifi Kuat Axmetov odamlar savdo markazlarini aylanib, qozoq tilida xizmat ko‘rsatishni talab qilayotgani aks etgan videoroliklar tufayli millatlararo adovat chiqarishda ayblangan edi. Uni Rossiyaning kremlparast OAVlarida muhokama qilishdi. Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, Axmetov Qozog‘istonni tark etib, hozirda Kiyevda yashayotgan ekan.

“Qazaqsha jaz” harakati vakili Aliya Sari aytishicha, yosh faollar “o‘z xatti-harakatlari bilan rus tilini kamsitmayapti, o‘z huquqlariga rioya etilishini talab qilmoqda xolos”.

“Tarixiy, madaniy va jo‘g‘rofiy sabablarga ko‘ra rus tilini hisobdan chiqarib tashlashning iloji yo‘q. Ikki tillilik – MDH mamlakatlarida keng tarqalgan voqelik. Bizning maqsadimiz esa tenglikka erishish, cheklovlarga barham berish va qozoq tili maqomini mustahkamlashdir”, deya ta’kidlaydi u.

QOIDALAR HAQIDA – HAZIL-MUTOYIBA BILAN

“Instagram”da 35 ming obunachisi bor “Qazaq Grammar” guruhi qozoq tili haqida ilmiy maqolalar, qiziqarli ma’lumotlar beradi, shuningdek hazil postlar e’lon qilib turadi. Loyiha muallifi Nursulton Bagidulla aytishicha, “Qazaq Grammar” ta’lim loyihasi bo‘lib, uni ikki shinavanda yigit yuritmoqda. Ular maqsadi – odamlarga adabiy tilni o‘rgatish va til qoidalarini saqlab qolish.

“Universitetda o‘qib yurarkan, hatto qozoq talabalar ham o‘z ona tilida toza, bexato so‘zlay olmasligi e’tiborimni tortdi. Agar bu hol davom etsa, qozoq tili pidjinlashtirilgan (grammatikasi soddalashtirilgan va lug‘ati qisqartirilgan) tillardan biriga aylanishi hech gap emas. Biz vaziyatni o‘zgartirishimiz lozim. Ammo loyihamizga mablag‘ kerak. Uni hozircha o‘z pulimizga va o‘quvchilarimizning xayriyalari hisobiga ushlab turibmiz”, deydi Nursulton.

“Qazaq Grammar” mualliflariga ko‘ra, ular qozoq tilida mem va hazil-mutoyiba e’lon qilish bilan til tevaragidagi stereotiplarni parchalamoqda. “Qozoq tili ortiq “qishloq tili” emas, u zamonaviy tilga aylandi”, deyishadi ular.

ILMIY NAZAR. “KAZAK BUBBLE” LOYIHASI

“Kazak Bubble” – qozoq tili xususiyatlarini o‘rgatuvchi loyihalardan yana biri. Uning ishtirokchilari turli so‘zlarning kelib chiqishi, til bilan bog‘liq bahsli savollarning tabiati haqida so‘zlab berishadi. Loyiha nomidagi “bubble” so‘zi Injilda tilga olingan Bobil minorasiga ishora. Afsonalarga ko‘ra, barcha odamlar bir tilda gaplashgan zamonlarda ular osmonu falakka yetadigan minora qurib, shuhrat qozonmoqchi bo‘lishibdi. Ammo Tangri ularni takabburligi uchun jazolabdi: ularni turli tillarda so‘zlashadigan qilib qo‘yibdi. Odamlar bir-birlarini tushunmay qolibdilar, shu bilan minora qurilishi ham unutilibdi.

Loyiha asoschisi Beybaris Seytak Nazarboyev universitetida aynan til va lingvistika yo‘nalishida o‘qigan.

“Qozoq tilining o‘ziga xos xususiyatlari haqida gap ketganda ko‘pchilik, bilimsizligi tufayli antiqa farazlarni tiqishtirishga urinadi. Masalan, Argentina “arg‘in” (qozoq urug‘laridan biri – tahr.) so‘zidan kelib chiqqan, deb yuruvchilar bor. Va odamlar bu gapga ishonadi. Ammo men ularni ayblamayman, chunki lingvistikani o‘qishmagan. Men esa o‘qiganman, bunaqa farazlarni qanday tekshirishni bilaman. Shu bois, o‘ylaymanki, odamlarga tilshunoslik fani haqida ko‘proq so‘zlab berishimiz kerak. Aks holda, bunaqa ilmiy asosi yo‘q iddaolardan so‘ng “til faqat muomala vositasi” degan tasavvur paydo bo‘ladi. Aslida esa til ko‘plab siyosiy bo‘linishlar o‘zagi bo‘lgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qoladi”, mulohaza qiladi Beybaris.

Loyiha o‘tgan yili bahorda qozoq tilini o‘rganuvchilar sahifasi sifatida ishga tushirilgan edi. Shu bois ilk xabarlar rus tilida e’lon qilindi. Sahifaga qozoq tili bilimdonlari ham obuna bo‘la boshlagach, mualliflar o‘z postlarini qozoq va rus tillarida yozishga o‘tdi.

“Loyihamizni jamoatchilik juda iliq qarshiladi. Biz dizaynga jiddiy e’tibor berdik, balki shuning uchundir. Ehtimol, dolzarb mavzuni ko‘tarib chiqqanimiz uchun qo‘llab-quvvatlashgandir. Har holda bizga tilni biluvchilar ham, uni o‘rganayotganlar ham obuna bo‘lishdi. Lekin men maorif bilan shug‘ullanyapman, demoqchi emasman. Shunchaki, lingvistikani odamlarga ular tushunadigan tilda o‘rgatishga harakat qilyapman”, deydi loyiha vakili.

“Kazak Bubble” a’zolari aytishicha, hozir vizual axborot davri, shu bois ular sahifa dizayniga juda jiddiy qarashadi. Turli mavzularda qo‘shiqlar va hazil postlar ham e’lon qilishadi. “Biz har qanday negativga pozitiv munosabat bildirishga harakat qilamiz”, deydi Beybaris Seytak.

Hozirda loyiha bilan yetti kishi shug‘ullanmoqda. Ular orasida qozoq va rus tillaridagi matnlarni tekshiruvchi muharrirlar, dizaynchilar va texnik mutaxassislar bor. Barchasi loyihaga qalb amri bilan kelib qo‘shilgan, beminnat – haq olmasdan ishlashadi. Ba’zan o‘quvchilar moddiy taraflama yordam beradi. Bu pullar “Kazak Bubble” yorlig‘i tushirilgan turli reklama materiallarini chop etishga sarflanadi.

Beybarisning so‘zlariga ko‘ra, til muammosi Qozog‘istonda nihoyatda dolzarb, ammo, afsuski, jamiyat unga panja orasidan qarab keladi.

“Bizda til tufayli ko‘plab ziddiyatlar kelib chiqmoqda. Ilm-fan ularni qanday bartaraf etish haqida bosh qotirishi kerak. Shuning uchun ham qozoq tili targ‘ibotiga ilmiy yondashish zarur”, deydi u.

“MEDIA, DARSLIKLAR, ADABIYOTLAR – HAMMASI O‘ZLASHMA SO‘ZLARDA”

Lingvist Nozgul Xo‘jabek qozoq tilini biladiganlar uchun “O‘zlashma so‘zlardan holi qozoq tili” nomli telegram-kanal ochgan. Muallif keng tarqalgan grammatik xatolar, nutqdagi o‘zlashma so‘zlar haqida yozadi. O‘z ta’biricha, u “qozoq so‘zlari bilan ruscha yozilgan” matnlar kamayishiga erishmoqchi.

“Qozoq tilini rus tilidan o‘zlashgan so‘zlardan tozalashimiz kerak, bo‘lmasa bolalarimiz o‘ttiz yil oldin chiqqan kitoblarni o‘qiy olmay qoladi. Media, darsliklar, adabiyot – barcha o‘zlashma so‘zlarda. “Chetdan kirib kelgan so‘zlar tilni boyitadi”, degan gap bu yalqovlarning bahonasi xolos. O‘zlashma so‘zlar tilni buzadi. Hammasidan qutulish qiyindir-ku, ammo asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da tilimizni tozalashni xohlaymiz”, deydi Nozgul Xo‘jabek.

Bir yil avval ochilgan kanalning hozirda olti mingdan ziyod o‘quvchisi bor.

“Loyihani qozoq tilida yozadigan jurnalistlar va SMM mutaxassislari uchun tashkil qilganman. Chunki ular bir xil xil xato qiladi. Telegram-kanalim rivojlanadi, degan umiddaman. Ko‘pchilik kutmagandi buncha odam obuna bo‘lishini. Auditoriyamiz kanal foydali bo‘lishini juda tez tushundi. Eng quvonarlisi, yirik ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarning direktorlari va bosh muharrirlari barcha xodimlarini kanalimizda ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Demak, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz va sa’y-harakatlarimiz beiz ketmaydi”, deydi muallif.

“QOZOQ TILI ZAMONAVIY VA OMMAVIY TILGA AYLANISHI KERAK”

“Qial Dub Studio” loyihasi chet el filmlari va multfilmlaridan kichik parchalarga ovoz berish bilan shug‘ullanadi. Ularning tarjimalari xalq orasida “Goblin tarjimasi” deb ataladi. “Qial Dub Studio” filmlardan parchalarga ovoz berarkan, ularning ma’nosini o‘zgartiradi va voqealarni jamiyatdagi dolzarb muammolar bilan bog‘laydi. Loyiha ishtirokchilaridan biri bo‘lmish Amir O‘sarxon maqsadlari – “qozoq tilidagi kontentni ko‘paytirish” ekanini aytadi.

Bugungi kunda loyihada bir necha kishi ishlamoqda: ular audio, video va matnlarga ishlov berishadi. Hammalari qozoq tiliga bag‘ishlangan chatlardan birida tanishishgan. Amirning so‘zlariga ko‘ra, guruh a’zolari turli shaharlardan ishlashadi va bu gohida muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. Ammo guruh kelgusida o‘z faoliyatini rivojlantirib, kattakon studiya ochishni rejalamoqda.

“Kichik yoshimdan bir narsa haqida ko‘p o‘ylardim: nega boshqa mamlakatlar film va multfilmlarni o‘z ona tilida, biz esa begona tilda tomosha qilamiz? Endilikda, ushbu loyiha yordamida qozoq audio va video ovozlashtirish sohasi rivojiga qo‘ldan kelgancha hissa qo‘shishni istaymiz. Kelgusida ishimizni kengaytirib, to‘liq metrajli filmlarni ovozlashtirishga o‘tish rejamiz bor. Qozoq tili nafaqat adabiy til, balki zamonaviy va ommaviy til ham bo‘lishi lozim”, orzulanadi Amir.

Sahifada yangi audioroliklar tez-tez e’lon qilinmaydi, ammo har bir yangi material o‘n minglab marotaba tomosha qilinadi. Kinoparchalar dolzarb muammolarga bag‘ishlangani sababli videolar ostida muhokama qiziydi. Guruh a’zolariga ko‘ra, obunachilar vaqti-vaqti bilan xayriya qilib turishadi. Loyihaning shundan boshqa moliyaviy manbai yo‘q.

Amirning fikricha, qozoqcha dublyaj – chet tilidagi axborotni qozoq tilli auditoriyaga yetkazishning asosiy vositasidir.

“O‘z mamlakatlarida turib axborot olish uchun odamlarning xorijiy tillarni o‘rganishi shart emas. Dublyaj birinchi galda ular uchun muhim”, deydi Amir.

KREATIV YONDASHUV VA YANGI TEXNOLOGIYALAR

Qozog‘ison jamiyatidagi trendlarni va yoshlar faoliyatini o‘rganuvchi “PaperLab” tadqiqot guruhi eksperti, sotsiolog Serik Beysemboyevga ko‘ra, bu kabi guruhlar so‘nggi yillarda Qozog‘istonda bo‘y ko‘rsatayotgan fuqarolar faolligi in’ikosidir. Sotsiolog til ko‘ngillilarini “qozoq tili muammolariga befarq bo‘la olmaydigan o‘qimishli, savodli va erkin fikrlovchi yoshlar”, deb ta’riflaydi.

Uning aytishicha, faollarning hozirgi avlodi yangi texnologiyalardan foydalanishi va kreativligi bilan ajralib turadi.

“Oddiy ko‘ngillilar guruhlari ijtimoiy tarmoqlar vositasida jiddiy muammolarga yechim izlashyapti. Ushbu zamonaviy guruhlarning biron partiya yoki jamoat tashkiloti bilan aloqasi yo‘q. Shu bois ham oddiy odamlar ularga qo‘shilmoqda, deb o‘ylayman. Ilgari bu qozoq tilining mavqei uchun kurashda yetarli emasdek tuyulardi. Bizda keng tarqalgan tasavvurga ko‘ra, til muammosini davlat hal qilib berishi kerak. Bu juda zaif yondashuv. Chunki davlat, byurokratik apparat o‘laroq muayyan ko‘rsatkichlar uchun ishlaydi. Misol uchun, u yiliga 20 ta kitob nashr qilib berishi mumkin. Ammo bu bilan qozoq tili rivojlanib qolmaydi. Buning o‘rniga bizga ko‘proq odamlarni jalb qiladigan va xizmati uchun haq olmaydigan tashabbuskor ko‘ngillilar zarur”, deydi ekspert.