Ob-havo rekord darajada isib ketishi Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga jiddiy talafot yetkazmoqda.
Daryolarning yuqori oqimida joylashgan mamlakatlar — Qirg‘iziston va Tojikiston suv tanqisligidan qiynalib, bor suvni o‘zlariga olib qolmoqchi. Quyi oqimdagi mamlakatlar — O‘zbekiston va Qozog‘iston esa zaxira qilib olish uchun daryolarga suv tashlanishidan manfaatdor bo‘lib, “yuqoridagilar” bilan til topishish yo‘llarini izlamoqda.
JAZIRAMA
O‘zbekistonda iyun oyi O‘zgidrometning 3-7 - iyun kunlari harorat keskin — odatdagidan 7-10 daraja ortiq ko‘tarilishi, ya’ni qattiq jazirama yaqinlashayotgani haqidagi ogohlantiruvi bilan boshlandi. Toshkentda havo harorati 6 - iyun kuni Selsiy bo‘yicha 42,6 darajani tashkil qilib, 1811 - yilda ro‘yxatga olingan rekorddan oshib tushdi — o‘shanda 38,5 daraja harorat qayd qilingan ekan.
Ertasi kuni O‘zbekiston poytaxtida harorat 40,8 darajaga tushdi, ammo bu ham 1894 - yili o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkichdan baland edi.
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida kuzatilgan eng yuqori harorat Selsiy bo‘yicha 44,6 daraja bo‘lib, bu 1997 - yil 18 - iyulda qayd etilgan.
8 - iyun kuni Tojikiston meteorologiya markazi direktori Jamila Baydulloyeva Ozodlikning tojik xizmatiga iyunning ilk haftasida ayrim kunlar poytaxt Dushanbeda v Xatlon viloyatining janubiy tumanlarida termometrlar Selsiy bo‘yicha 45 darajani ko‘rsatgani haqida so‘zlab berdi. Bu Tojikiston uchun so‘nggi o‘n yillikning iyun oylari boshida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Turkmaniston boshkenti Ashxobodda iyunda havo harorati 45 darajaga chiqdi. Holbuki yoz endigina boshlandi. Mintaqada yilning eng issiq pallasi odatda iyul va avgust oylariga to‘g‘ri keladi.
QURG‘OQChILIK
So‘nggi oylar Markaziy Osiyoga qattiq qurg‘oqchilik bostirib kelayotganidan darak bermoqda. Qirg‘izistondagi To‘qtag‘ul suv omboridagi vaziyat bunga yorqin misol bo‘la oladi.
2021 - yilning martidayoq Qirg‘iziston rasmiylari omborda suv miqdori xavotirli darajada kamayib, atigi 8,7 milliard kub metrga tushib qolganini aytib ogohlantirishgan edi. Umumiy sig‘imi 19,5 milliard kub metr bo‘lgan suv ombori uchun bu, darhaqiqat, juda kam.
Omborga suv Norin daryosidan keladi. Norin esa Tojikiston hududidan o‘tuvchi irmoqlaridan yig‘ilgan suvni O‘zbekiston va Qozog‘istonga yetkazib beruvchi, Markaziy Osiyoda eng uzun bo‘lmish Sirdaryoga quyiladi.
To‘qtag‘ul — ayni chog‘da Qirg‘izistondagi elektr energiyasining qariyb 40 foizini yetkazib beruvchi eng yirik GES joylashgan joy hamdir.
Qirg‘izistonliklar shlyuzlarni yopib qo‘yib, suv omborini to‘ldirib olish haqida gapira boshlashgandi. Ammo 16 - iyun kuni mamlakatning energetika vaziri Do‘squl Bekmurzayev suv miqdori 10,9 milliard kubga yetganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston, turgan gapki, Qirg‘iziston To‘qtag‘uldagi shlyuzlarni bekitib qo‘yishini xohlamaydi.
Va bu mamlakatlar suv evaziga elektr quvvati yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda — shunda Qirg‘iziston ularga To‘qtag‘uldan suv oqib kelishini ta’minlaydi, Qozog‘iston va O‘zbekiston esa uning To‘qtag‘ul GESiga muhtojligini vaqtincha kamaytirish maqsadida elektr energiyasi yetkazib berib turadi.
Qozog‘istonning Sirdaryo suviga ehtiyoji kunday ravshan. Qozgidromet mamlakatning 14 viloyatidan 6 tasida — Akmola, Aktyube, Shrqiy Qozog‘iston, Mangistov, Qizil O‘rda hamda Qo‘stanayda kuchli qurg‘oqchilik bo‘lishini bashorat qilmoqda.
Xususan, Sirdaryo suvining katta qismini oladigan Qizil O‘rda viloyatida bu yil mahalliy ma’murlar sholi maydonlarini qisqartirishgan, ammo chorva mollari uchun yem-xashak yetishtirish borasida ham vaziyat juda og‘ir, hayvonlar ham jaziramaning jabrini tortishiga to‘g‘ri kelyapti.
Qizil O‘rdadan g‘arbda — Mang‘istov viloyatida ham shu ahvol. Qozog‘iston hukumati Qizil O‘rda va Mang‘istov viloyatlarida ikki ming boshdan ortiq uy hayvonlari, asosan yilqi suv va yem-xashak tanqisligidan nobud bo‘lganini tan oldi.
Tojikistonning Xatlon viloyatiga qarashli Yovon tumanida ham ayni vaziyat kuzatilmoqda. Cho‘pon Abroriddin Haydarov ahvolni Ozodlikka quyidagicha anglatgan:
“O‘t juda kam, mollar kechgacha o‘tlasa ham qorni to‘ymayapti. Kechqurun podani qishloqqa haydab borganimda odamlar norozi bo‘lishadi. Men nima ham qila olardim: o‘t yo‘q, jazirama, qurg‘oqchilik. Tamom, umidlarimiz uzildi. Sigirlarni u yoqdan bu yoqqa haydagan bilan to‘ydira olmaymiz”.
Qozog‘iston hukumati qishloqliklarga yordam va’da qilgan: boshqa viloyatlardan xashak va suv keltirib, Mang‘istovda ko‘proq quduq qazdirib bermoqchi. Mang‘istovliklar tuya va otlarini karton qog‘oz bilan boqayotgani aks etgan video jamoatchilikni esankiratib qo‘ygan edi.
Qozog‘iston va O‘zbekistonning chorva uchun yem-xashak jamg‘arishga intilayotgani ayrim tumanlarida qurg‘oqchilik kuzatilayotgan Qirg‘izistonga ham ta’sir qilyapti. Iyunda mamlakatda pichan narxi oshib ketdi, ayrim tumanlarda hatto 50 foizgacha.
HOSILNING BARAKASI UCHDI
Qirg‘izistonning Chuy viloyatida ayrim fermerlar bu yil hosildan butkul ayrilganlarini aytishmoqda. Suv tanqisligi ustiga, sug‘orish tizimlarining eskirib ketganligi maydonlarning tez namsizlanishiga olib kelmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat suv resurslari agentligi direktori Almazbek Sokeyev viloyatdagi ayrim kichik suv omborlarida va daryolarda suv sathi ular me’yor darajasining yarmidan kamrog‘ini tashkil etishini ta’kidlagan edi.
“Ba’zi uyushmalar suvni adolatsiz taqsimlayotgani yoki suvayirgichni buzib, suvni kuch bilan egallab olayotgani va quyi oqimdagilarni quruq qoldirayotganiga oid faktlar bor qo‘limizda. Qonunga ko‘ra, qishloq kengashlari suv ta’minotiga aralashish va uni nazorat qilishga haqli emas. Shu jumladan biz ham. Ammo joylarga chiqib, odamlarni murosaga keltirishga harakat qilyapmiz”, degan edi Sokeyev. Keyinroq hukumat mulozimga “ekinlarni sug‘orish bilan bog‘liq vaziyat munosabati bilan” hayfsan bergan.
14 - iyun kuni Chuy viloyati fermerlari Bishkekda, hukumat binosi qarshisida to‘planib, davlatdan hosilni saqlab qolishni talab qilishgandi.
Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov ularga ko‘maklashishga va’da berdi.
“Byudjetda kamomad borligiga qaramay zararni qoplashga harakat qilib ko‘ramiz”, degandi Maripov 17 - iyundagi bayonotida. Biroq u Qirg‘iziston mablag‘ yetishmasligidan qiynalayotganini, ayniqsa mintaqa oziq-ovqat inqirozi xavf solib turgan paytda fermerlarga kompensatsiya to‘lash uchun pulni qaerdan olish aqliga sig‘masligini ham urg‘ulagan edi.
Qurg‘oqchilik Turkmanistonning Marv hamda Lebap viloyatlari qishloq xo‘jaligiga ham zarar yetkazmoqda, ko‘plab fermerlar hosilning katta qismi boy berilishini taxmin qilishmoqda.
Ammo Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2 - iyun kuni hukumat yig‘ilishida bu yil “mo‘l hosil olamiz” deya bashorat qilib, amaldorlarni fermerlarga zarur miqdorda urug‘, o‘g‘it, zamonaviy asbob-uskuna va suv yetkazib berishga chaqirdi.
Marv viloyati, Qoraqum tumani fermerlari Ozodlikning turkman xizmatiga bu yil paxta hosiliga “kuyishgan”ini ma’lum qilgan.
“Ekin yerlarim eng boshidan beri suvsiz va o‘g‘itsiz qolgan edi. Endi bo‘lsa jazirama oftob endi unib chiqqan g‘o‘za nihollarini quritib bitirmoqda”, deya arz qilgan fermerlardan biri. Aytishicha, mahalliy dehqonlar “shuncha g‘o‘za nihollari qurg‘oqchilikdan nobud bo‘layotganini birinchi marta ko‘rib turishibdi”.
Mahalliy suv ombori allaqachon yaroqsiz ahvolga kelgan, fermerlar hukumat bu muammoni qanday yechishni bilmasligini aytishgan.
Turkmanistonda suv hatto Ashxobod tumanlarida ham yo‘q — poytaxt aholisi ba’zan Selsiy bo‘yicha 45 darajaga chiqib ketadigan haroratda deyarli kun bo‘yi suvsiz qolishmoqda. Ko‘pqavat uylarda istiqomat qiluvchi aholi birinchi qavatga jildirab bo‘lsa-da suv chiqishini, lekin undan yuqoriga ko‘tarilmasligini, odamlar vanna va konteynerlarga to‘ldirib olingan suvdan foydalanishga majbur bo‘layotganini aytishadi.
Turkmaniston hukumati o‘taketgan noshud hukumat sifatida tilga tushgan. Yaqinda Mari viloyatining Peshanay qishlog‘i fermerlariga bug‘doy o‘rimidan keyin dalada qolgan somonni yoqib yuborish buyurilgan edi.
“Bug‘doy o‘rib olingach, dalaga mol haydamoqchi edik. Chorva uchun xashak g‘amlab olishdan umid qiluvdik. Siz o‘t qo‘ydirmoqchimisiz?” deya bir dehqon e’tiroz bildirganida hukumat vakili bu buyruq “eng tepadan” kelganinini pisanda qilib, “g‘allapoya o‘rnida o‘tlab yurganida tutib olingan mollarning egalariga jarima solinadi”, deb ogohlantirgan. Mulozimlar bu yong‘in chiqishiga qarshi chora ekanini iddao qilishgan.
OQIBATLAR
Markaziy Osiyoning ko‘p tumanlarida oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan mavsumiy sabzavotlar qimmatlashayotgani kuzatilmoqda.
2020 - yil boshlarida koronavirus pandemiyasi ta’minot zanjiriga salbiy ta’sir etib mintaqaga jiddiy zarba bergan bo‘lsa, bu yil qurg‘oqchilik ortidan xavf solayotgan oziq-ovqat tanqisligi Markaziy Osiyoni ancha holdan toydiradigan ko‘rinadi.
O‘tgan yarim yil ichida Qirg‘izistonda o‘simlik yog‘i ikki baravarga, tuxum va go‘sht ham qariyb shunchaga qimmatladi. Lekin eng katta “syurpriz” — sabzi bo‘ldi: “Nastoyashcheye vremya” kanali ma’lumotiga ko‘ra, uning narxi ikki haftada to‘rt karra — kilosiga 25 sentdan bir dollargacha oshgan. Telekanal namoyish etgan lavhada, shuningdek, Qozog‘iston savdo vaziri Baxit Sultonovning “kartoshka va sabzi izlab” Toshkentga borishga hozirlanayotgani haqida xabar qilingandi.
“Ichki bozor barqarorligini va prognoz qilingan eksport hajmlarini ta’minlash maqsadida qo‘shnilarimiz bilan shartnomaviy ish olib borishni rejalashtiryapmiz. Masalan, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan. Men o‘zaro ta’minot bo‘yicha forvard shartnomalarni ishlab chiqish maqsadida bugunning o‘zida ushbu davlatlarga jo‘nab ketyapman”, degan Sultonov 22 - iyun kuni aholi bilan hisobot uchrashuvi chog‘ida.
Turkmanistonda bir kilo go‘sht 65 manat yoki rasmiy kurs bo‘yicha qariyb 20 dollar turadi, besh litr o‘simlik yog‘ining bahosi esa 250 manat yoki rasmiy kurs bo‘yicha 70 dollardan ortiq.
Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida (TBMV — Tojikistonning eng yirik viloyati, aholisi soni 250 ming kishi bo‘lib, katta qismi Rossiyada yashaydi va ishlaydi. Kambag‘allik darajasi boshqa mintaqalarda 20-30 foiz bo‘lsa, ushbu viloyatda 40 foizga yaqin) odamlar narx-navo Moskvadagi bilan tenglashib qolganidan shikoyat qilishmoqda.
Ayni paytda, shuncha muammolarga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlarining o‘zaro munosabatlari yaxshi. O‘zbekiston qo‘shnilarini oziq-ovqat, suv va elektr bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydiganga o‘xshaydi. Biroq qizig‘i shundaki, o‘zbek OAVlari O‘zbekistonning o‘zida ham ayni muammolar mavjudligi haqida yozavermaydi.
Yuzaga kelgan murakkab vaziyatda besh mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar qachongacha davom etadi — bu muhim masaladir. Ushbu mamlakatlarda yashovchi odamlarning sabr chegarasi ham muhim, zero ular orasida, bilishimizcha, hukumat lozim darajada yordam bermayotganidan norozilar yetarli ekan.
Bryus PANNIER