QXV paxta narxini pasaytirish talabi qo‘yilganini rad etdi

Illyustrativ surat

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi fermerlar klasterlar bilan paxta narxini pasaytirishga doir qo‘shimcha bitim tuzishga majbur etilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

“Kun.uz” nashri 24-sentyabr kuni Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforov fermerlarni paxta narxini 6800 so‘mgacha pasaytirishga majburlayotgani haqida xabar bergandi. Mulozim paxtaning bir kilogrammini 8-9 ming so‘mdan yetkazib berish bo‘yicha avval tuzilgan shartnomalar bekor qilinishini ham aytgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu holatni “anglashilmovchilik” deb atagan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i aynan shu holatni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, lekin buni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelgan va, tabiiyki, xatoga yo‘l qo‘ygan. Vazirlik tomonidan paxta yetishtiruvchilarning shartnomasini bekor qilish, fermerlar hamda klasterlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday topshiriqlar berilmagan”, deyiladi bayonotda.

QXVga ko‘ra, respublika bo‘yicha fermerlarning 90 foizdan ortig‘i shartnomalarni qayta rasmiylashtirib, yetishtirilgan paxtaning bir kilogrammini subsidiyalar bilan birga 7800 so‘mdan topshirmoqda.

Vazirlik “jahon bozorida paxta tolasiga bo‘lgan talab va taklifning o‘zgarishi natijasida O‘zbekistonda 2024-yilgi hosildan paxtaning joriy narxlari prognoz narxlarga nisbatan arzonlashgani”ni tan olgan.

Xabar qilinishicha, “paxta yetishtirayotgan fermerlar va uni qayta ishlovchi klasterlar manfaatdorligini hisobga olib”, birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 1 million so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi.

QXV kuzgi o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida paxta hosilini yog‘in-sochinga qoldirmasdan tezroq terib olish muhimligini ham eslatgan.