“Rafah” NO‘Pda Misr va Isroil askarlari o‘rtasida otishma chiqdi

“Rafah” nazorat-o‘tkazish maskani G‘azo sektori tarafidan ko‘rinishi (arxiv surati)

Misr bilan G‘azo sektori chegarasidagi “Rafah” nazorat-o‘tkazish maskanida isroillik va misrlik harbiylar o‘rtasida chiqqan otishmada misrlik bir askar halok bo‘ldi, yana bir necha nafari yaralandi. Isroilliklar orasida jabrlanganlar yo‘q.

Qohira sodir bo‘lgan hodisada Isroil tomonini aybladi - rasmiylar otishmani isroillik askarlar boshlaganini ma’lum qilishdi.

O‘z navbatida, Isroil misrlik askarlar SAXAL (Isroil armiyasi) askarlarini tashigan yuk mashinasiga qarata o‘t ochganini, isroilliklar bunga javoban qurollarini ishga solganini iddao qilmoqda.

Isroil nashrlarining yozishicha, Isroil va Misr mamlakatlar o‘rtasida mojaro kelib chiqishini istamayapti va hodisa yuzasidan qo‘shma surishtiruv olib borishmoqda.

Isroil armiyasi may oyi boshida HAMAS guruhiga (AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb tan olingan) qarshi boshlangan amaliyot doirasida G‘azo sektori tarafidan “Rafah” nazorat-o‘tkazish maskanini o‘z nazorati ostiga olgan. Mazkur amaliyot HAMAS vakillarining o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga hujum qilib, 1200 dan ziyod tinch aholi vakilini o‘ldirgani, 250 dan ziyod kishini garovga olib, G‘azoga olib chiqib ketgani ortidan boshlangan. Isroil harbiy amaliyotdan maqsad G‘azo sektorida HAMASni butunlay yo‘q qilish ekanini bildirgan. Isroil iddaosicha, Rafah jihodchilarning so‘nggi tayanch nuqtasi bo‘lib hisoblanadi.

HAMAS nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi sektorda jangovar harakatlar boshidan buyon 35 mingdan ziyod falastinlik nobud bo‘lganini iddao qilyapti.

Dunyodagi ko‘plab mamlakatlar Isroilni G‘azodagi tinch aholi vakillariga nisbatan haddan ziyod shafqatsizlikda ayblamoqda. Isroillik harbiylar faqatgina HAMAS infratuzilmasiga hujum qilayotganlarini hamda guruh tinch aholidan tirik qalqon o‘laroq foydalangan holda, o‘z obyektlarini odamlar zich yashaydigan yerlarga joylashtirayotganini da’vo qilib kelyapti.