Raqobat qo‘mitasi: Nukus xalqaro aeroportiga qarshi ish qo‘zg‘atildi

Иллюстратив сурат

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Nukus xalqaro aeroporti MCHJga qarshi ish qo‘zg‘atishga qaror qilgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi Nukus xalqaro aeroporti tomonidan amalga oshirilgan tanlov savdolarida qonun talablariga rioya qilinganligi yuzasidan o‘rganish ishlarini olib borgan.

O‘rganishlar natijasida mazkur MCHJ Davlat xaridlari portali orqali amalga oshirgan 120 000 000 so‘mlik tanlov savdolarini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari” va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga rioya qilmaganligi aniqlandi”, deyilgan xabarnomada.

Shundan kelib chiqqan holda, qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 225-sonli nizomi talablarini buzish alomatlari bilan “Nukus xalqaro aeroporti”ga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan hamda uning natijasi yuzasidan tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgan.