Rasman: Ishdan olingan DXX raisi Azizov yangi lavozimga tayinlanmagan

64 yashar Abdusalom Azizov maxsus xizmatlarning Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon ishdan olingan uchinchi rahbaridir.

23-noyabr kuni lavozimidan chetlatilgan DXX raisi Abdusalom Azizov yangi lavozimga tayinlanmagan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Asadovning rasmiy telegram-kanalida yozishicha, general-leytenant Azizov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi "Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazilgan".

Ozodlikning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, bu Azizovning "zahiraga olingani"ni anglatadi.

Azizov lavozimdan chetlatilishi ortidan O‘zbekistondagi qator telegram-kanallar, jumladan, DXXning rasmiy XAVFSIZLIK telegram-kanali Abdusalom Azizov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashiga "tayinlangani" haqida yozgan edi.

DXX raisi iste’fosining rasmiy sababi ma’lum emas.

Ozodlik manbalari xavfsizlik xizmati rahbarining ishdan olinishini shu yilning 26-oktyabr kuni Qibray tumanida prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga bog‘lamoqda.

64 yashar Abdusalom Azizov maxsus xizmatlarning Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon ishdan olingan uchinchi rahbaridir.

Ichki ishlardan chiqqan Azizov 2019 yil fevralida DXX raisi etib tayinlangandi.

Uning o‘tmishdoshi, prokuraturadan chiqqan Ixtiyor Abdullayev DXXga bir yil rahbarlik qilgani ortidan 2019 yilda hibsga olingan va davlatga xiyonatda ayblanib 18 yilga qamalgan.

O‘zbekiston maxsus xizmatlarini eng uzoq vaqt - qariyb chorak asr davomida boshqargan general Rustam Inoyatov 2018-yil boshida nafaqaga chiqarilgan bo‘lsa-da, DXX va O‘zbekiston siyosatiga ta’sirini saqlab qolgan deb ishoniladi.

Inoyatov ishdan olingan majlisda prezident Mirziyoyev davlat xavfsizlik xizmati o‘zining vazifasi - davlatning xavfsizligi bilan shug‘ullanishi kerakligini aytgan va uni isloh qilishga va’da bergan edi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida DXX O‘zbekistondagi hech kim hisob bermaydigan eng qudratli va repressiv apparat bo‘lishda davom etgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bir kun avval hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari tergovga to‘sqinlik qilgani uchun lavozimidan chetlatilgan.

Suiqasddan keyingi "tozalashlar"

Ozodlik manbalari buni Komil Allamjonovga suiqasd sabab kuch tizimlarida boshlangan "tozalash amaliyoti" demoqda.

Azizovning iste’fosi Allamjonovga suiqasd fonida yuz berayotgan yagona iste’fo emas.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bir kun avval hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari "tergovga to‘sqinlik qilgani uchun" lavozimidan chetlatilgan.

Ozodlik ixtiyorida ishdan bo‘shatilgan 5 nafar mulozimning ro‘yxati mavjud, ammo Ozodlikning tushunishicha, ro‘yxat to‘liq emas.

Bular:

Polkovnik Ashurov Alijon G‘aniyevich - DXXning shaxsiy O‘z xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i;

Sarvar Ashurov G‘aniyevich - Bosh vazir yordamchisi, qabulxona mudiri, polkovnik Alijon Ashurovning ukasi;

Polkovnik Tashxodjayev Doniyor Baxtiyarovich- Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari;

Polkovnik Adxamov Axrorjon Xalimjanovich - IIV Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari - Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i;

Podpolkovnik Timur Sobirov Akromovich - Toshkent shahar IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i.

Ozodlikning hukumat va kuch tizimlaridagi bir-biridan mustaqil manbalari nomlari zikr etilgan mulozimlarning ishdan bo‘shatilganini tasdiqladi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Ozodlik so‘rovini akkreditatsiya yo‘qligi vajidan javobsiz qoldirdi, ammo vazirlikning nomi ochiqlanmasligini so‘ragan boshqa bir mulozimi tizimdagi iste’folarni tasdiqladi.

Ozodlik manbalarining ta’kidicha, hukumat, qudratli DXX hamda Ichki ishlar vazirligining bu besh mulozimi shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning buyrug‘i bilan ishdan olingan.

Ishdan olish haqidagi rasmiy hujjat nusxasi Ozodlikda mavjud emas, ammo Ozodlik gaplashgan hukumat va kuch tizimlaridagi manbalarga ko‘ra, ulardan ayrimlari rasman “pensiyaga chiqarilgan”.

Ozodlik manbalari beshovlon Qibraydagi suiqasd izini yo‘qotish va jinoyatni yashirishga urinish, shuningdek, jinoyatni ochishga to‘sqinlik qilishda gumonlanayotganini iddao qilmoqda.