O‘zbekiston davlat qarzi 2021 - yilning 1 - yanvar holatiga ko‘ra, 2020 ning 1 - yanvariga nisbatan 30,8 foizga ko‘paydi va pul miqdorida 23 milliard 300 million dollarni tashkil qildi.
Moliya vazirligining bildirishicha, bu ichki yalpi mahsulotning 40,4 foizini tashkil qiladi.
Vazirlik avvalroq davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 60 foiziga yetguniga qadar xavfsiz hisoblanishini bildirgandi.
Rasmiy hujjatda ta’kidlanishicha, 23 milliard 300 million dollarning 21,1 milliardi tashqi qarz. Uning 15,1 milliard dollari, ya’ni 71,4 foizi hukumat tomonidan olingan qarz, 6 milliardi hukumat kafolati ostida tadbirkorlar tomonidan olingan qarz.
Davlatning ichki qarzi esa 23,3 trillion so‘mni yoki 2, 2 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu qarzning 400 million dollari davlat qimmatli qog‘ozlari, 1 milliard 800 million dollari hukumat kafolati ostidagi ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.
2020 - yilning sentabrida Markaziy bank O‘zbekiston davlat qarzi 29,3 milliard dollarga yetgani haqida xabar bergan edi.
Moliya vazirligi va Markaziy bank hisobotlari o‘zaro zid kelmoqda. Biroq ayni paytda moliya vazirligi tashqi qarz bo‘yicha rasmiy hisobotni e’lon qildi va boshqa manba bo‘lmagani uchun Ozodlik mazkur vazirlik raqamlariga tayandi.
Ikki yilda davlat qarzi ikki barobarga ko‘paydi
Moliya vazirligi 2018 - yildan 2020 - yilgacha bo‘lgan davlat qarzining o‘sish dinamikasini ham e’lon qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ishoniladigan bo‘lsa, 2018 - yilda davlat qarzi 11,5 milliard dollar edi. Buning 7,5 milliardi davlat tashqi qarzi. 4 milliard dollari davlat ichki qarzi.
2019 - yilda davlat qarzi 14 milliard 700 million dollar. Buning 9 milliard 900 million dollari tashqi qarz, 4 milliard 800 million dollari davlatning ichki qarzi.
2020 - yilning 1 - yanvarida davlat qarzi 17 milliard 800 million dollarni tashkil qilgan. Buning 15 milliard 700 ming dollari davlat tashqi qarzi va 2 milliard 200 million dollari ichki qarz bo‘lgan.
2021 - yilning 1 - yanvariga kelib davlat qarzi 5,5 milliard dollarga ko‘pagan va 23 milliard 300 million dollarni tashkil qilgan. Bu 2018, 2019 va 2020 - yillardagi qarzlardan ko‘proqdir.
Moliya vazirligi taqdim etgan hisobot tahlil qilinadigan bo‘lsa, aniq bo‘ladiki, 2019 - yilda davlat qarzi 2018 ga nisbatan 3 milliard 200 ming dollarga, 2020 - yilda 2019 ga nisbatan 3 milliard 100 million dollarga, 2021 - yilning 1 - yanvariga nisbatan 2020 - yildagiga ko‘ra 5,5 milliardga ko‘proq.
2020 - yilda davlat qarzi nimalar hisobiga ko‘paydi?
Moliya vazirligining bildirishicha, 2020 - yilda tashqi qarzlar bo‘yicha ko‘pi bilan 5,5 milliard dollarlik kelishuvlar imzolanshi nazarda tutilgan edi. 2021 - yilda esa O‘zbekiston 5 milliard dollardan ko‘p qarz olmasligi rejalashtirilgan.
O‘tgan yili O‘zbekiston nomidan olingan qarz shartnomalari 4,4 milliard dollarni tashkil qilgan. Jumladan, davlat kafolati ostida 1 milliard dollar, ichki qarz olish bo‘yicha yarim trillion so‘mlik, davlat qimmatbaho qog‘ozlari bo‘yicha 2,7 trillion so‘mlik shartnomalar imzolangan.
Xorijdan olingan bir necha yillik qarzlar nimalarga ishlatildi?
Byudjetni qo‘llab-quvvatlashga- 3.7 milliard dollar.
Elektrenergetika sohasiga — 2,9 milliard dollar.
Neft va gaz sohasiga — 2,6 milliard dollar.
Transport va transport infrastrukturasiga — 2,4 milliard dollar.
Kommunal xo‘jalik — 2,3 milliard dollar.
Qishloq xo‘jaligi — 2,2 milliard dollar.
Suveren xalqaro obligatsiyalar — 1,7 milliard dollar.
Xalq ta’limi va salomatlikni saqlash — 700 million dollar.
Kimyo sanoati — 1 milliard dollar.
Telekommunikatsiya — 200 million dollar.
Boshqa sohalarga — 1 milliard 100 million dollar.
O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?
Moliya vazirligi hisobotida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston eng ko‘p qarzni Osiyo taraqqiyot bankidan olgan. O‘zbekistonning bu bankdan qarzi 5 milliard dollarni tashkil qiladi.
Bundan tashqari Xalqaro bank 3 milliard 700 million dollar qarz bergan.
Ammo O‘zbekiston Xalqaro bankdan ko‘ra ko‘proq Xitoydan qarz olgan. Jumladan, Xitoy taraqqiyot bankidan olingan qarz 2 milliard dollarni, Xitoyning Eksimbankidan olingan qarz 2 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu esa Xalqaro bankdan olingan qarzdan 300 million dollarga ko‘proq.
Bundan tashqari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi 2 milliard dollar, xalqaro investorlar 1 milliard 700 million dollar, Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish fondi va boshqalar 1 milliard dollar, Islom taraqqiyot banki 900 million dollar qarz bergan.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va boshqalar bergan qarz 400 million dollarni, boshqa xalqaro moliya institutlari bergan qarz 2,4 milliard dollarni tashkil qiladi.
Davlat qarzini to‘lash 2020 - yilda qanday bo‘ldi?
Moliya vazirligi hisobotida 2020 - yilda O‘zbekiston 1 milliard 800 million dollar qarzini to‘lagani aytiladi.
Davlat tashqi qarzi bo‘yicha 1 milliard 100 million dollar to‘langan. Uning 656,5 millioni qarzning asosiy to‘lovi va 405,1 millioni foiz to‘lovi.
Davlat ichki qarzi bo‘yicha 666,9 million dollar to‘langan. Uning 515,5 millioni asosiy qarz va 151,4 millioni foizlardir.
Prezident davlat qarzi haqida qanday fikrda?
Prezident Mirziyoev 2020 - yilning 29 - dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatida mamlakatdagi to‘rt yirik kompaniya “kelgusi yilda xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, dedi.
Mustaqil iqtisodchilar fikricha, xalqaro moliya bozoridan davlat kafolatisiz kredit olishi uchun davlat rahbarining bayonoti etarli emas. Buning uchun davlat bu korxonalardagi ulushidan voz kechishi, xalqaro reyting agentliklarida ularning kredit reytinglari belgilanishi kabi bir qator talablar bajarilishi kerak.
Prezident 29 - dekabrdagi murojaatida O‘zbekistonning tashqi qarzi masalasiga ham to‘xtalib, bunday dedi: “Hozirgi kunda O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi mezonlariga ko‘ra xavfsiz hisoblanadi”.
O‘shanda Markaziy bank, 2020 - yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzi 29,3 milliard dollarga yetgani haqida xabar bergan edi.