Reuters: Afg‘onistonning yangi hukumatiga Mulla Barodar rahbarlik qiladi

Mulla Abdul G‘ani Barodar Tolibon ichidagi nisbatan mo‘’tadil rahbar deb ko‘riladi.

Tolibon asoschilaridan biri va uning siyosiy idorasi rahbari Mulla Abdul G‘ani Barodar Afg‘onistonning yangi hukumatiga rahbarlik qiladi. Bu haqda Reuters agentligi uchta manbaga tayanib xabar bermoqda. Barodar Tolibon ichidagi nisbatan mo‘’tadil rahbar deb ko‘riladi.

Manbalarning 3 - avgust kuni bildirishicha, Tolibon asoschisi va uning ruhoniy rahbari Mulla Muhammad Umarning o‘g‘li Mulla Muhammad Yoqub hamda harakatning Dohadagi siyosiy idorasi a’zosi Muhammad Abbos Stanekzay ham hukumatda yuqori lavozimlarni egallaydi.

"Tolibonning barcha rahbarlari Kobulga yetib keldi, yangi hukumatni tuzish bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda", deb aytgan ismi ochiqlanishini istamagan Tolibon a’zosi.

Payshanba kuni Afg‘onistonning Panjshir vodiysida Tolibon kuchlari va ularga qarshi isyonchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etdi. Bu orada ikki hafta oldin hokimiyatni qo‘lga kiritgan Tolibon poytaxt Kobulda hukumat tuzishga urinmoqda.

Panjshir – mamlakatning toliblar nazoratida bo‘lmagan so‘nggi viloyat.

Toliblar AQSh va xorijiy qo‘shinlar 20 yil deganda Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan keyin butun mamlakat bo‘ylab hokimiyatni yashin tezligida qo‘lga oldi.

Har ikki tomon to‘qnashuvlarda dushmanga katta talafot yetkazganini iddao qilmoqda.

“Biz mahalliy qurolli guruh bilan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, amaliyot boshladik”, dedi Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tolibon jangarilari Panjshirga kirib, ba’zi hududlarni o‘z nazoratiga olgan.

“Ular og‘ir yo‘qotishlarga duchor bo‘lishdi”, dedi kotib.

Afg‘oniston Milliy qarshilik jabhasi vakili vodiyga eltuvchi barcha yo‘llar isyonchilarning to‘liq nazoratida ekanini hamda Tolibonning Shotul tumanini egallash harakatlari muvaffaqiyatsiz yakunlanganini ta’kidladi.

“Dushman Jobul-Sarajdan Shotulga kirishga bir necha bor urinib ko‘rdi va har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi”, dedi u.

Tolibon 15 - avgust kuni Kobulga bostirib kirganidan beri Panjshirda sobiq mujohid qo‘mondoni o‘g‘li Ahmad Ma’sud boshchiligida mahalliy jangchilar va sobiq hukumat harbiylaridan iborat bir necha ming jangchi to‘plangan.

Ular tashqaridan hujum qilish qiyin bo‘lgan vodiyni Tolibondan mudofaa qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasida muzokara olib borish urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Buning uchun har ikki tomon bir-birini ayblamoqda.

Mujohid yangi hukumat yaqin kunlarda e’lon qilinishini ta’kidladi. Tolibon rasmiysi Ahmadulloh Muttaqiy esa marosim prezident saroyida uyushtirilishini aytdi.

Gumanitar bo‘hron

Xalqaro donorlar va investorlar nazarida Kobuldagi hukumat legitimligi Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayni damda mamlakat qurg‘oqchilik va 240 mingga yaqin odam umriga zomin bo‘lgan urush oqibatlari bilan kurashmoqda.

Yordam tashkilotlari Afg‘oniston gumanitar falokat yoqasida ekanidan ogohlantirdi. Shuningdek, yillar davomida millionlab dollar qiymatga ega tashqi yordamga tayangan iqtisodiyot qulash arafasida ekani aytilmoqda.

Tolibon jangarilari hokimiyatni qo‘lga olishidan ancha oldin ham ko‘plab odam qurg‘oqchilik tufayli o‘z oilasini boqishga qiynalayotgan edi. Yordam tashkilotlariga ko‘ra, endilikda millionlab odam ocharchilikka duch kelishi mumkin.

Jahon oziq-ovqat dasturining Afg‘onistondagi bo‘limi rahbari Meri-Ellen MakGroarti “Reuters” agentligiga Kobuldan turib bergan intervyusida:

“15 - avgustdan beri yaqinlashib kelayotgan iqtisodiy inqiroz fonida bo‘hron chuqurlashib, kengayayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”, dedi.

“Wester Union” shirkatining yuqori lavozimli xodimi Afg‘onistonga pul o‘tkazish xizmati qayta tiklanayotganini bildirdi. Rasmiy bu qarorga AQShning gumanitar faoliyatni davom ettirish chaqirig‘i asosida kelinganini aytdi.

“Afg‘onistonda faoliyatimizning ko‘p qismini oilaviy va u yerdagi odamlarning asosiy ehtiyojlarini qondiradigan kichik summadagi pul o‘tkazmalari tashkil qiladi, shuning uchun o‘z biznesimizni qayta ochmoqchimiz”, dedi “Western Union” shirkatining Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha prezidenti Jan Klod Farah “Reuters” agentligiga.

“Western Union” hamda “MoneyGram International” shirkatlari Tolibon Kobulni qo‘lga olganidan keyin Afg‘onistondagi xizmatlarni to‘xtatib qo‘ygan edi.

Legitimlik masalasi

Tolibon 1996 –2001 - yillardagi hukmronligi mobaynida shariatning radikal shaklini joriy qilgan edi. Lekin bu safar guruh inson huquqlarini himoya qilishni va eski dushmanlarni ta’qib qilmaslikni va’da qilib, dunyoga o‘zini mo‘’tadilroq ko‘rsatishga urinmoqda.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqalar bu va’dalarga shubha bilan qarab, yangi hukumat rasman tan olinishi va iqtisodiy yordam qayta yo‘lga qo‘yilishi guruh qanday yo‘l tutishiga bog‘lik ekanini aytmoqda.

Payshanba kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas agar Tolibon ma’lum shartlarni bajarsa, Germaniya Kobuldagi diplomatik missiyasini qayta ochishga tayyorligini aytdi.

“Biz inklyuziv hukumatni, inson huquqlari va ayollarning asosiy huquqlari hurmat qilinishini ko‘rishni istaymiz. Shuningdek, Afg‘oniston qaytadan xalqaro terrorchilik uchun qulay zaminga aylanmasligi kerak”, dedi Maas.

Frantsiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Le Figaro gazetasiga bergan intervyusida Parij guruh o‘zgargani haqida hali ijobiy signallarni ko‘rmaganini ta’kidladi.

“Reuters” agentligining xabar berishicha, masala haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotga ega manba afg‘on diplomatlaridan hozircha xorijdagi lavozimlarida qolish so‘ralgan. Manbaga ko‘ra, bu bilan Tolibon uzluksizlik tuyg‘usini saqlamoqchi.

Tolibon dushanba kuni evakuatsiya amaliyoti o‘z yakuniga yetgan bo‘lishiga qaramasdan, Afg‘onistonda qolgan chet elliklar yoki afg‘onlarning mamlakatdan xavfsiz chiqib ketishini ta’minlashga va’da bergan. Ammo Kobul aeroporti hali ham yopiq bo‘lgani uchun ko‘pchilik quruqlikdagi chegara punktlari orqali qochishga urinmoqda.

Bundan tashqari, minglab hujjati bo‘lmagan yoki AQSh vizasini olishni kutayotgan afg‘onlar uchinchi mamlakatlarda tashkil etilgan “tranzit markazlarida” qolmoqda.