So‘nggi paytlarda O‘zbekiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasiga kirishda yoki Moskvadagi “Sheremetyevo” aeroporti orqali tranzit o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi o‘z call-markaziga kelib tushayotgan xabarlarga tayangan holda ma’lumot tarqatdi.
Diplomatik vakolatxona qaydicha, mazkur joylarda o‘zbekistonliklar uzoq vaqtga cho‘zilgan qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishga majbur bo‘lishyapti.
Elchixona vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaatnoma yo‘llanganini bildirgan.
Ayni paytda, o‘zbek diplomatlariga ko‘ra, elchixonaning konsullik bo‘limi “Sheremetyevo” aeroporti chegara nazorati xizmati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
RFga kirayotgan mehnat muhojirlarini qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tkazish holati Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” savdo markaziga qilingan qurolli hujum ortidan ko‘paygan.
Joriy yilning 22-mart kuni sodir etilgan terakt chog‘ida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 144 kishi halok bo‘lgan. Rossiyalik tergovchilar hujumni bevosita amalga oshirgan shaxslarning aksariyati tojikistonliklar ekanini bildirgan.
Aprel oyi oxirida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva aeroportlarida Rossiyaga qonuniy yo‘llar bilan kirishga uringan mingdan ziyod tojikistonlik tutib turilgani haqida ma’lum qilgan, ular tegishli sanitariya shart-sharoitisiz saqlanayotgani va issiq ovqat bilan ta’minlanmayotganini bildirgan edi.
O‘shanda “Tojikiston fuqarolariga Rossiya hududida o‘ta salbiy muomala qilinayotgani hamda ularning huquq va erkinliklari har joyda buzilayotgani munosabati bilan jiddiy tashvish” bildirgan vazirlik 29-aprel kuni Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigoryevga norozilik notasini topshirgani ma’lum qilingan edi.