AQSHda chiqadigan The Wall Street Journal nashri jurnalisti Evan Gershkovich ishi yopiq tartibda ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Sverdlovsk viloyat sudi saytida ma’lum qilingan.
Sudning ilk majlisi 26-iyunga belgilangan. 2023-yil mart oyidan buyon Moskvadagi “Lefortovo” tergov hibsxonasida tutib turilgan Gershkovichga josuslik ayblovi bildirilgan.
Tergov taxminiga ko‘ra, jurnalist AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra harbiy texnika ishlab chiqaradigan va ta’mirlanadigan “Uralvagonzavod” haqida ma’lumot yig‘ib yurgan. Tergov bu ma’lumot davlat siriga daxldorligini iddao qilmoqda.
Rossiyada faqatgina jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanganini urg‘ulagan Gershkovich o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmayapti. O‘z xodimiga qo‘yilayotgan ayblovni The Wall Street Journal ham rad etmoqda. Tahririyat Gershkovich ustidan bo‘lajak sudni “uydirilgan jarayon” deb atab, jurnalist faqat kasbiy faoliyati uchun ta’qib qilinayotganiga amin ekanini bildirgan.
AQSH rasmiylari, inson huquqlari va jurnalistlarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar bir necha bor Moskvani amerikalik jurnalistni ozod qilishga chaqirishgan. AQSH Davlat departamenti Gershkovichga “asossiz qo‘lga olingan” maqomini bergan.
Avvilroq Rossiya va AQSH siyosiy doiralariga yaqin bir necha manba Gershkovich Qo‘shma Shtatlar qamoqxonalarida o‘tirgan rossiyaliklardan kimgadir almashtirish uchun tutib turilgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan. 2023-yil dekabrida AQSH rasmiylari jurnalistni ozod qilish bo‘yicha taklif Rossiya tomonidan rad etilganini ma’lum qilishgan.