Rossiya: Cherkov shamlarini o‘chirgan tojikistonlik davolanishga yo‘llanadi

Asqar Bo‘tayev (videodan skrinshot)

Moskva shahri janubi-g‘arbidagi cherkovda shamlarni o‘chirib ketgani uchun diniy erkinlik huquqini buzganiga oid ish bo‘yicha hibsga olingan 20 yoshli tojikistonlik Asqar Bo‘tayev “majburiy davolanishga muhtoj” deb topilgan. Bu haqda Moskva shahri bo‘yicha Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Dindorlar his-tuyg‘ularini tahqirlaganlik moddasi bo‘yicha Bo‘tayevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tergovi 24-iyun kuni tugagan. Psixologik-psixiatrik ekspertiza natijalariga muvofiq, u o‘z xatti-harakatlarining ijtimoiy jihatdan xavfliligini anglamagan hamda ruhiy nosog‘lomlik tufayli o‘z harakatlarini boshqara olmagan bo‘lishi mumkin.

Tojikiston fuqarosining hibsga olinishiga sabab bo‘lgan hodisa 18-iyun kuni admiral Feodor Ushakov cherkovida sodir bo‘lgan, deb yozgan Baza telegram-kanali. Guvohlarga ko‘ra, Bo‘tayev cherkovda yonib turgan shamlarning barchasini o‘chirib, ibodatga kelgan ayollardan birini turtib yuborib, ibodatxonadan chiqib ketgan. Ko‘p o‘tmay u qo‘lga olingan. 19-iyun kuni esa sud Bo‘tayevni hibsga olish haqida qaror chiqargan edi.