Rossiya Davlat dumasi noqonuniy migratsiya uchun jazoni kuchaytiruvi uch qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgan. Bu haqda Rossiya parlamentining quyi palatasi saytida ma’lum qilingan.
Birinchi qonun loyihasi migrantlardan rus tili hamda Rossiya tarixi va qonunlarini bilish bo‘yicha imtihonni qabul qilishda vositachi tashkilotlar uchun to‘liq taqiq joriy qiladi. Bu avval imtihon olib kelgan 12 ta OTM va Moskva hukumatining bir tashkiloti bundan buyon vositachi tashkilotlarni yollay olmasligini anglatadi.
Ikkinchi qonun loyihasida migrantlar uchun noqonuniy xizmatlar ko‘rsatish va migratsion maqom rasmiylashtirish uchun soxta hujjatlar sotish taklif etilgan internet-resurslarni sud qarorisiz blokirovka qilish ko‘zda tutilgan. Ijtimoiy tarmoq egasi bu kabi ma’lumotni aniqlash maqsadida kontent monitoringini amalga oshirishi lozim bo‘ladi.
Uchinchi qonun loyihasida noqonuniy migratsiya uyushtirish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirganlik yoki tayyorlaganlik uchun jarimalar ko‘zda tutilgan. Yuridik shaxslar uchun jarima miqdori 5 million rubldan 10 million rublgacha, huquqbuzarlik qayta sodir etilgan taqdirda esa 10 million rubldan 60 million rublgachani tashkil etadi.
Davlat dumasi Vyacheslav Volodin yil boshidan buyon migratsiya sohasini tartibga soluvchi yettita qonun qabul qilinganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, hozirgi paytda yana oltita qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda, ularni dekabr oyigacha qabul qilish rejalangan.
“Migrantlar Rossiya qonunligiga roiya qilishlari, rus tilini bilishlari, an’analarimizni hurmat qilishlari shart”, deya bildirgan Volodin.
Rossiyada so‘nggi oylarda migrantlarga qarshi kayfiyatlar kuchaygani va qonunchilik keskinlashgani kuzatilmoqda. Ozodlikning “Sibir.Realii” loyihasi qaydicha, bu holat ayniqsa Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”dagi teraktlardan keyin kuchayib ketgan. Rossiyalik tergovchilar rasmiy taxminiga ko‘ra, mazkur hujum tojikistonlik bir guruh fuqaro tomonidan sodir etilgan.
Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlaganlar. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazilgan. Shu bilan bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishtirishni talab qilishgan.
2023-yilning oktyabr oyida Rossiya Davlat dumasiga xorijliklarga butun mamlakat bo‘ylab maktablarda, farmatsevtika sohasida, davlat tibbiyot muassasalarida, taksi va yuk tashishda ishlashni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgan edi.