Rossiya harbiylari xatolik bilan Belgorod yaqinidagi maktabda aviabomba tushirib yuborishdi

Illyustrativ surat

Rossiyalik harbiylar Belgorod viloyatidagi Bikovka qishlog‘ida joylashgan maktab binosiga tasodifan 250 kilogrammli aviabombani tushirib yuborishdi. Bu haqda Bikovka qishlog‘i turg‘unlari mahalliy “Pepel” telegram-kanaliga ma’lum qilishgan.

Guvohlarga ko‘ra, bomba maktabga 19-noyabr kuni ertalabki soat oltilarda tushib ketgan. O‘sha paytda binoda biror kimsa bo‘lmagani uchun hech kimga zarar yetgan emas.

Astra nashri bomba maktab binosi tomini teshib tushgani va hozir uchinchi qavatdagi kabinetlardan birida ekani haqida xabar qilgan. Hodisa ortidan bino devorida yoriq paydo bo‘lgan.

“Agentstvo” nashri bu borada maktab ma’muriyatidan izoh ololmagan, biroq, o‘qituvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, unga sabablarini aytmasdan dars mashg‘ulotini masofali tarzda o‘tib turish buyurilgan.

Astra nashrining xabar qilishicha, FAB-250 rusumli yana bir aviabomba 15-noyabr kuni Shebekino shahar okrugidagi Beliy Kolodez qishlog‘idan 1,5 kilometr nariga tushgan. U yerda ham hech kim jabrlanmagani aytilmoqda.

Astra hisob-kitobiga ko‘ra, 2024-yilda rossiyalik harbiylar Rossiya hamda Ukrainaning ishg‘ol etilgan hududlarida kamida 150 ta aviabombani rejalanmagan tarzda tushirib yuborishgan. Ular orasida eng ko‘p FAB-250 va FAB-500 aviabombalari tushib ketgani qayd etilgan. Odatda qo‘qqisdan tushib ketgan taqdirda bu bombalar portlamaydi va ularni yo‘q qilish bilan maxsus kishilar shug‘ullanadi. Bu kabi boshqariluvchi aviabombalar Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan ko‘proq Ukrainaning Donetsk va Xarkov viloyatlariga zarba berishda qo‘llaniladi.