Rossiya: Krasnoyarskda 230 chog‘li migrant qo‘lga olindi

Illyustrativ surat

Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida Tergov qo‘mitasi va harbiy komissariat xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reyd chog‘ida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan bo‘lgan 229 nafar mehnat migranti qo‘lga olingan. “Sibirskiy Ekspress” nashri xabariga ko‘ra, ulardan federal bazaga kiritish uchun “genom ma’lumoti materiali olingan”.

Qayd etilishicha, kuch ishlatar tuzilmalari xodimlari Krasnoyarskdagi yirik supermarketlar tarmog‘ining taqsimot markazi, yog‘ochni qayta ishlash bazasi va sanoat-logistika majmuasida tekshiruv o‘tkazishgan.

Bularning barchasida migratsiya qonunchiligining jiddiy buzilishi holatlari aniqlangan”, deya bildirishgan politsiya xodimlari. Soxta qaydga qo‘yish, noqonuniy migrantlarga turarjoy yoki transport vositasining berilishi, ma’lumot taqdim etishdan bo‘yin tovlash yoki immigrant maqomini aniqlash chog‘ida noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etish kabilar shular jumlasidandir.

“Krokus Siti Xoll”dagi terror xuruji ortidan Rossiya rasmiylari mamlakatga migrantlar kelishi tartibi va shartlarini kuchaytira boshlashgan. 2024-yil avgustida prezident Putin IIV xodimlariga xorijlik fuqarolarni Rossiya hududidan mustaqil ravishda chiqarib yuborish huquqini beruvchi qonunni imzolagan. Mazkur qonun 2025-yil fevralidan kuchga kiradi.

Bundan tashqari, Rossiyada mamlakatda noqonuniy ravishda yurgan chet elliklar reyestri tuzilmoqda. Reyestrga kiritilganidan keyin migrantlar transport vositalarini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mol-mulkini ro‘yxatdan o‘tkazish, nikoh qurish va ajrashish, farzandlarini bog‘cha va maktablarga berish huquqidan mahrum bo‘lishadi.

Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Rossiyada xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan 6,174 million kishi yuribdi. Rossiyada yurgan xorijliklar soni bo‘yicha ilk o‘nlikka O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus, Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy va Turkmaniston fuqarolari kiradi.