Rossiya: Nijegorod viloyatida migrantlarga patent berish to‘xtatildi

Illyustrativ surat

Rossiyaning Nijegorod viloyatida migrantlarga mehnat faoliyati uchun patent berish to‘xtatilgan. Joriy yilning 1-oktyabrida “vizasiz” davlatlardan, shu jumladan O‘zbekistondan borgan xorijliklar u yerda patent ololmayapti. Bu haqda “Kommersant’” nashri Rossiya IIVning Nijegorod viloyati boshqarmasidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Ayni paytda bu tartib faqat birinchi marta patent olayotganlargagina taalluqli ekani aytilgan. Nijegorod viloyati migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmasi qaydicha, avval patent olgan xorijliklar bu yerda qaytadan hujjat rasmiylashtirib, ish ruxsatnomasini yangilab olishlari mumkin.

“Vizasiz” mamlakatlardan bo‘lgan migrantlar uchun mehnat patentlari berishni to‘xtatishga oid qaror Rossiya Ichki ishlar vazirligining shu yil 23-sentyabridagi buyrug‘i asosida qabul qilingan. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy tomonidan imzolangan mazkur hujjatda “2024-yilning 1-oktyabridan 2025-yil 1-martigacha mehnat muhojirlariga patent berish to‘xtatilishi” haqida aytilgan.

Ozodlikning tojik xizmati xabariga ko‘ra, patent berish bo‘yicha cheklovlar Rossiyaning Voronej va Velikiy Novgorod shaharlarida ham joriy qilingan. Shu yil mart oyida Nijniy Novgorod rasmiylari migrantlarning yo‘lovchi tashish, taksi va boshqa sohalarda ishlashini taqiqlab qo‘ygan edi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bu kabi choralar “mahalliy aholi sog‘lig‘i va turmush xavfsizligini ta’minlash maqsadida” qabul qilingan. Avgust oyiga borib cheklov ro‘yxati kengaygan va xorijliklarning boshqa sohalarda, xususan chakana savdo sohasida ishlashi bo‘yicha ham cheklovlar kiritilgan.

Rossiyada so‘nggi oylarda migrantlarga qarshi kayfiyatlar kuchaygani va qonunchilik keskinlashgani kuzatilmoqda. Ozodlikning “Sibir.Realii” loyihasi qaydicha, bu holat ayniqsa Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”dagi teraktlardan keyin kuchayib ketgan. Rossiyalik tergovchilar rasmiy taxminiga ko‘ra, mazkur hujum tojikistonlik bir guruh fuqaro tomonidan sodir etilgan.

Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlaganlar. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazilgan. Shu bilan bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishtirishni talab qilishgan.

2023-yilning oktyabr oyida Rossiya Davlat dumasiga xorijliklarga butun mamlakat bo‘ylab maktablarda, farmatsevtika sohasida, davlat tibbiyot muassasalarida, taksi va yuk tashishda ishlashni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgan.

2023-yil noyabrida Davlat dumasi spikerining o‘rinbosari Pyotr Tolstoy “Rossiyada migrantlarga nisbatan pozitsiyaning passivligi” yuzasidan taassuf bildirgan edi. O‘shanda u ayrim postsovet respublikalaridan kelganlarga kuryer, taksi haydovchisi va sotuvchi bo‘lib ishlashni taqiqlashni taklif qilgandi.