Rossiya noqonuniy muhojirlarni qator huquqlardan mahrum qilmoqda

Rossiya, muhojirlar.

Rossiya hukumati mamlakatda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan muhojirlar huquqlarini keskin cheklamoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy “Kommersant” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Rossiya rasmiy idoralari mamlakatda noqonuniy yashab kelayotgan chet elliklar ro‘yxatini shakllantirmoqda. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan xorijliklar Rossiya hududida transport vositalarini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mol-mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, nikoh shartnomaci tuzish va bekor qilish, farzandlarini bog‘cha hamda maktablarga joylashtirish huquqidan mahrum etiladi.

IIV rasmiysiga ko‘ra, manfaatdor idoralar hamda deputatlar migratsiya bo‘yicha boshqa qonunchilik tashabbuslarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Qayd etilishicha, hozir Rossiyada 739 ming kishi noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Bu mamlakatdagi jami muhojirlarning 9 foizi demakdir. Ularning asosiy qismi O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolari ekani aytilmoqda.

2022-yilga qadar noqonuniy migrantlar ulushi 30 foizdan ko‘p bo‘lganini aytgan Aleksandr Gorovoy mazkur ko‘rsatkichning kamayishini “IIV va boshqa rasmiy idoralar hamkorligining ijobiy natijasi” deb baholagan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning birinchi yarim yilida Rossiyadan muhojirlarni badarg‘a qilishga doir qariyb 100 ming qaror qabul qilingan. Deportatsiya haqidagi qarorlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga oshgan.

Joriy yil 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida ro‘y bergan, 145 kishining hayotiga zomin bo‘lgan teraktdan keyin Rossiyada muhojirlarga nisbatan ta’qib va taqiq kampaniyasi kuchaygani aytiladi.
Huquq-tartibot idoralari uyushtirayotgan reydlarda asosiy nishon Markaziy Osiyo fuqarolariga qaratilayotganini kuzatish mumkin.

So‘nggi 10 yil ichida Rossiyada mehnat muhojirlari soni keskin kamaygan. Iqtisodchilar bu hol mamlakatda jiddiy kadrlar inqiroziga olib kelishidan ogohlantirmoqda.