Pandemiya, yarimo‘tkazgichlarning tanqisligi, shuningdek Ukrainadagi urush jahon avtomobil bozoridagi inqirozni kuchaytirdi.
Xususan, Yevropada koronavirus pandemiyasi 2020-yilda avtomobil sotishlarida 25 foiz pasayishga sabab bo‘lgan edi. Ukrainadagi urush esa, pandemiyadan keyin bozorning normallashishi bilan bog‘liq bashoratlarni chippakka chiqardi.
Ammo bu ko‘rinish faqat Yevropaga xos emas.
Rossiyalik dilerlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarning deyarli barcha zaxiralarini sotib bo‘lishdi. “Avtostat” tahliliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, g‘arb sanksiyalari sabab yangi o‘zbek mashinalari kelishi kutilmaydi.
“Bir necha o‘nlab o‘zbek avtomobillari qolgan, biroq eng mashhur modellari allaqachon sotilib bo‘lingan”, - deydi “Avtostat”ning Ozodlik suhbatlashgan xodimi.
Rossiya bozorida qolgan Chevrolet, Cobalt, Nexia avtomobillarining narxi esa 30 ming dollargacha oshib ketgan.
Haydalgan mashinalar narxi ham Rossiya bozorida qariyb 30 foizga oshdi.
O‘zbekistondagi UzAuto Motors Ukrainaga bosqin ortidan G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalarga rioya qilish doirasida mart oyida Rossiyaga avtomobillar eksportini to‘xtatgan edi.
Sababi UzAuto Motors ishlab chiqaradigan avtomobillarda Janubiy Koreyaning yarimo‘tkazgichlari va mikrosxemalardan foydalaniladi.
Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalariga Janubiy Koreya ham qo‘shilgan.
Agar UzAuto Motors Rossiyaga avtomobil yetkazib berishda davom etsa, Andijon shahri yaqinida joylashgan zavod zarur bo‘lgan butlovchi qismlarsiz qolishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi tufayli o‘rnatilgan AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari qator G‘arb shirkatlarining Rossiyadan chiqib ketishiga sabab bo‘ldi.
O‘tgan oy boshida General Motors Ukrainaga bosqin ortidan Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatganini bildirgandi.
UzAuto Motors Rossiya bozoriga GM mashinalarini yetkazishni to‘xtatgani haqidagi xabarlar ortidan tarmoq foydalanuvchilari va ayrim blogerlar avtomobil narxlari tushishini bashorat qilishgandi.
Ammo unday bo‘lmadi.
Ishlab chiqarish 47 foizga, narxlar 20 foizga oshgan
Mashina narxlari O‘zbekistonda mart oyidan buyon qariyb 20 foizga oshdi.
UzAuto Motors matbuot vakili Aleksey Agureyev narxlar oshishiga nima sabab ekani borasidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.
Toshkentdagi “ASACAR AUTOCENTER” avtodilerlik korxonasi xodimi Ozodlikka butlovchi qismlar yetishmovchiligi sabab “UzAuto Motors” mashina yetkazib berolmayotganini aytdi.
“Yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi sabab mart oyidan narxlar oshgan. 109 million so‘mlik Nexia 129 million so‘m. Boshqa pozitsiyalar ham o‘rtacha 20 foizga oshdi”, - deydi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismini ochiqlashni istamagan korxona xodimi.
UzAuto Motors ayni paytda bozorni yetarli miqdordagi avtomobillar bilan to‘ldirish uchun bor imkoniyatni ish solayotganini bildirgan.
“Mart-aprel oylarida ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha 4 200 dona avtomobil ishlab chiqarish uchun havo yo‘llari orqali 656 tonna butlovchi qismlar olib kelindi.
Har kuni konveyerlardan 1 000 dan ortiq avtomobil ishlab chiqarilib, zavod to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Darhaqiqat, kompaniya 2022-yilning o‘tgan besh oyida o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarini ortda qoldirdi”, - deyiladi UzAuto Motors saytida 29-iyun kuni e’lon qilingan bayonotda.
UzAuto Motors, iddaosicha 2022-yilning yanvar-may oylari davomida zavodda 126 246 ta avtomobil ishlab chiqarilgan.
Bu 2021-yilga qaraganda 47%ga ko‘proq. O‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmining o‘sishi 40 452 dona avtomobilni tashkil etadi.
Yarimo‘tkazgich va mikrosxemalar yetishmovchiligi sabab Andijondagi zavodda ishlab chiqarish hajmi 2021-yilda 2020-yildagiga qaraganda qariyb 16 foizga kamaygan edi.
O‘z aholisiga mashina yetkazib berolmayotgan eksportchi davlat
2021-yilda O‘zbekiston 10 ta davlatga 281, 8 million dollarlik 28952 ta avtomobil eksport qilgan.
O‘zbekistondan eng ko‘p mashina harid qilgan davlat esa Qozog‘istondir. O‘tgan yili O‘zbekiston Qozog‘istonga 26 970 dona avtomobil sotgan.
Bu O‘zbekiston chetga eksport qilgan mashinalarning qariyb 96 foizini tashkil qiladi.
Ukraina 448 ta avtomobil bilan ikkinchi, Rossiya esa 320 ta avtomobil bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
2019-yilda esa O‘zbekiston avtomobil eksportining 12 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelgan edi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib o‘z avtosanoatini tashkil qilgan mamlakatdir.
Andijonning Asaka va Xorazmning Pitnak shaharlaridagi zavodlarda har yili 300 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqariladi.
Ammo jahondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi 28 davlatning biri bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston o‘z aholisiga avtomobil yetkazib berolmaydi. O‘zbekistonliklar mashina uchun to‘lov qilgandan so‘ng bir necha oydan bir yilgacha ularning yetkazib berilishini kutishga majbur.
Ayni paytda mashina narxlarining yuqoriligicha qolmoqda. O‘zbekistonlik iste’molchilar monopoliyachi shirkatni o‘zi istaganicha narx siyosatini yuritishda ayblashadi. Iste’molchilar va mutaxassislar ichki bozorga chiqarilayotgan avtomobillarning sifati hech qanday tanqidga dosh bermasligini ham aytib kelishadi.
2020-yilda O‘zbekistonning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors shirkatini mashinalar narxini asossiz ko‘tarishda ayblab, narxlarni tushirishni so‘ragan.
UzAuto Motors bunga javoban qo‘mitani mahkamaga bergan edi.
Ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudi UzAuto Motors foydasiga hukm chiqargan.
UzAuto Motors esa sal o‘tib mashina narxlarini 21 foizgacha ko‘targan edi.
Shu yil fevralida hukumat xorijdan olib kirilgan yangi avtomobillar uchun boj stavkasini 30 foizdan 15 foizga tushirgan, ammo iqtisodchilarga ko‘ra, bu UzAuto‘ning monopoliyachi mavqeiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor UzAuto Motors O‘zbekistonga foyda keltirmagani, o‘zbekistonliklar avtomobilni xorijga sotilganidan qimmatroq narxda sotib olayotganliklarini tanqid qilgan, ammo amalda hukumat avtomobil sanoatida UzAuto monopoliyasiga chek qo‘yish borasida hech qanday qadam qo‘ymagan.