AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan larzaga kelgan, biroq Moskvaga sodiq qolgan mintaqaga ilk tashrifini amalga oshirmoqda.
Uzoq vaqt dunyoning eng avtoritar mintaqalaridan biri bo‘lgan Markaziy Osiyo, ehtimol, Blinkenning salafi Mayk Pompeo kelgan uch yil ilgarigiga qaraganda yanada demokratiyadan chekingan.
Bu, shuningdek, Pompeoning ta’biri bilan aytganda, "o‘ta faol – Xitoy faolligi, Rossiya faolligi" kuchli mintaqa bo‘lib qolmoqda.
Ammo Rossiya bosqinidan bir yil o‘tib bu yerga Blinkenning safari Markaziy Osiyo davlatlariga nima beradi?
Blinkenning tashrifi oldidan o‘tkazilgan matbuot brifingida Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu “dunyoning bu qismida iqtisod va jamiyat tazyiqlar ostida qolayotganini” tan oldi. Markaziy Osiyoning yirik savdo hamkori Rossiyaga nisbatan G‘arb sanksiyalari bu bosimni yanada oshirgan.
"Bizning asosiy maqsadimiz Qo‘shma Shtatlar ishonchli hamkor ekanligini ko‘rsatishdir va biz bu mamlakatlar duch kelayotgan qiyinchiliklarni ko‘rib turibmiz, – dedi Lu, – yuqori oziq-ovqat narxlari, yuqori yoqilg‘i narxlari, yuqori ishsizlik, eksport qilishdagi qiyinchiliklar, Koviddan tiklanishning sustligi va Rossiyadan qochganlarning katta oqimi asosiy muammolardir.”
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ammo Lu sanksiyalarning bajarilishi masalasi Blinkenning mintaqadagi muzokaralari bir qismi bo‘lishini ham ta’kidladi.
“Biz ushbu sanksiyalar natijasida Markaziy Osiyo iqtisodiyotini Rossiyadan ajratishda haqiqiy o‘sish bo‘layotganini kuzatyapmiz. Biz Markaziy Osiyo respublikalarini bu yo‘nalishda rag‘batlantirishda davom etamiz”, dedi Lu 24-fevral kuni jurnalistlarga.
"Rossiya oldidagi eski qo‘rquv"
23-fevral kuni BMT tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bosqinini zudlik bilan to‘xtatish va Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketishga chaqiruvchi ovoz berishda Markaziy Osiyoning geosiyosiy xaritadagi o‘rni aniq bo‘ldi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston qabul qilingan rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolgan 32 davlat orasida edi, 141 davlat yoqlab, yetti davlat, jumladan, Xitoy, Belarus va Rossiya qarshi ovoz berdi.
Neytral davlat sifatida tan olingan Turkmaniston umuman ovoz bermadi.
Ovoz berishdan ikki kun o‘tib Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Moskvaning hamkori Pekin e’lon qilgan Ukraina bo‘yicha pozitsiya hujjatini “qo‘llab-quvvatlashga loyiq” deb atadi.
Xitoy hujjati barcha davlatlarning hududiy yaxlitligi zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa‑da, Rossiyani tanqid qilishdan tiyilgan va G‘arbning sanksiyalariga qarshi pozitsiya edi.
Qozog‘iston ham sanksiyalarni o‘zi tanqid qilgan bo‘lsa ham, ularni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan edi. Natijada bir qancha rossiyalik siyosatchilar va jamoat arboblari Qozog‘iston rahbariyatini qoralagan va hatto ba’zi hollarda Ukrainaga o‘xshab bostirib kirish kerakligi bilan tahdid qilgan edi.
“Markaziy Osiyo davlatlarining betaraf pozitsiyasi haqida gapirsak, bu aslida betaraflik ham emas, balki Rossiyaga nisbatan o‘sha eski qo‘rquvdir”, – deydi Toshkentdan Anvar Nazirov.
Nazirov Moskva va Pekin hukmronligiga qaramay, Vashington mintaqada zarur rol o‘ynashi mumkinligini ta’kidlaydi.
“Mintaqada ko‘p muammolar borki, ular iqlim o‘zgarishi, suv yetishmasligi, energiya yetishmasligi va, albatta, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan chegaradosh davlat Afg‘oniston yana Tolibon qo‘li ostida”, – deydi u.
“Rossiya hech qachon bu muammolarni to‘liq hal qilmagan va Xitoyning yechimlari asosan biznes manfaatlari bilan chegaralangan. Markaziy Osiyo hali ham ko‘p jihatdan yakkalanib qolgan va Rossiya boshlagan urush mamlakatlarimiz fuqarolari uchun yangi muammolarni keltirib chiqardi”, – dedi Nazirov.
Foydali formatmi?
Blinken besh davlat tashqi ishlar vazirlari bilan 5+1 formatidagi uchrashuvi oldidan Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan muzokaralar o‘tkazishi, so‘ngra Hindistonga borishdan oldin O‘zbekistonga borishi rejalashtirilgan.
Vashington 2022-yil boshida Qozog‘istonda kamida 238 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan zo‘ravonliklarni adolatli va oshkora tergov qilishga chaqirdi, biroq faqat bir necha harbiy xizmatchilar tartibsizliklar va yuzlab harbiy harakatlar paytida sodir etilgan qoidabuzarliklarda aybdor deb topildi. Vaholanki, yuzlab namoyishchilar qamoqda.
Toqayev ushbu tartibsizliklardan so‘ng “yangi Qozog‘iston”ni e’lon qildi. Toqayevning ayrim harakatlari istiqbolli, deydi Ozodlik bilan suhbatda qozog‘istonlik tahlilchi Gaziz Abishev.
“Post-avtoritar o‘zgarishlar har doim qiyin, shunga qaramay, nazarimda, vaziyat ko‘p jihatdan Nazarboyev davridagidan yaxshiroq”, – dedi Abishev, kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda parlamentga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotgan muxolif siyosatchilar sonining ko‘payishiga ishora qilib.
Biroq Blinkenning tashrifi arafasida bir qancha nomzodlar soliq deklaratsiyasidagi xatolar tufayli ovoz berishdan chetlashtirilganidan shikoyat qilgan, so‘nggi haftalarda Qozog‘istonda tanqidiy jurnalistlarga ham hujumlar bo‘lgan.
Pompeo 2020-yilda Toshkentga kelganida, “The Economist” nashri tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi islohotlar uchun O‘zbekiston “yil mamlakati” deb topilgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ammo o‘tgan yili hukumat kuchlari Qoraqalpog‘istonda norozilik namoyishlarini bostirdi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 kishi o‘lgan.
Markaziy Osiyoda inson huquqlari masalasini ko‘tarish Vashington uchun ko‘pincha qiyin masala bo‘lib kelgan.
Mintaqa davlatlariga AQSh rasmiylarining bu qoralashlari yoqavermaydi.
2020-yilda Pompeo Markaziy Osiyoga tashrifi chog‘ida, Xitoyning asosan musulmonlar yashaydigan Shinjon viloyatidagi repressiyalarini asosiy mavzuga aylantirdi va bu Xitoyning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonning o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakat “mintaqamizdagi yirik kuchlar raqobati bilan bog‘liq noqulay siyosiy oqibatlar"ga yo‘l qo‘ymaslikni istashini bildirdi.
Blinken Markaziy Osiyoga ilk tashrifini amalga oshirayotgan bo‘lsa ham, u o‘tmishda markaziy osiyolik hamkasblari bilan uchrashgan, eng oxirgisi sentabr oyida Nьyu-Yorkda, BMT qarorgohida bo‘lgan edi.
O‘tgan yili Tojikistonning avtoritar rahbari Emomali Rahmon Rossiya rahbari va Markaziy Osiyodagi besh nafar hamkasbi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni kutilmaganda tanqid qilib, 5+1 formatlaridan charchaganini aytgan edi.
“Amerika va Markaziy Osiyo, Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo, Yaponiya va Markaziy Osiyo. Yaqinda Pokiston va Markaziy Osiyo bo‘lishi mumkin”, – deya yozg‘irdi Rahmon.
Ammo sharhlovchi Abishevning ta’kidlashicha, format asosan mintaqada ta’siri kuchli davlatlardan alohida integratsiyani rivojlantirish salohiyati tufayli ba’zi afzalliklarga ega.
“Menimcha, bu bizning suverenitetimiz va mustaqilligimiz uchun foydali, chunki, birinchidan, mintaqa davlatlarini birlashtiradi. Birin-ketin Rossiyadek davlat bizni bo‘lib yuborishi yoki yo‘q qilishi mumkin, biroq birlashsak, bu ancha qiyin bo‘ladi”, – deydi Abishev.