Rossiya Davlat dumasi birinchi o‘qishda politsiyaga xorijlik fuqarolarni mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Hozirda ma’muriy badarg‘a qilishga oid qarorni faqat sud yoki chegara xizmatigina qabul qilishi mumkin. Chegara xizmati ham xorijlik shaxs Rossiyaga kirish chog‘ida huquqbuzarlik sodir etgan taqdirdagina uni mamlakatdan chiqarib yuborish huquqiga ega, xolos.
Bundan tashqari, qonun loyihasi badarg‘a qilish qarori chiqqan xorijliklar yoki Rossiyada yurish ruxsatnomasi bekor qilingan, ammo hali mamlakat hududida bo‘lgan chet elliklar uchun mamlakat chiqarib yuborish tartibini kiritishni taklif qilmoqda. Mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror chiqarilganidan boshlab Rossiyadan chiqib ketgunlaricha ularga ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish taqiqlanadi. Ular mashina haydolmaydilar, bankdan kredit ololmaydilar, RF hududi bo‘ylab bemalol harakatlanolmaydilar, nikoh qurolmaydilar, banklarda yangi hisobraqamlar ocholmaydilar va mavjud hisobraqamlaridagi pullardan oyiga 30 ming rubldan ortiq mablag‘ sarflay olmaydilar.
Bunday migrantlarga nisbatan maxsus nazorat joriy etiladi, ular maxsus reyestrga kiritilib, o‘zlarining qayerda ekani haqida muntazam ravishda politsiyani xabardor qilib turishga, jumladan huquq-tartibot idoralariga geolokatsiyasini belgilagan holda fotosurat yo‘llashga majbur bo‘ladi.
“Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan so‘ng (bu hujumda tergovchilar Markaziy Osiyodan bo‘lgan bir necha muhojirni ayblamoqda) rossiyalik rasmiylar migratsion tartib-qoidalarni keskin kuchaytirib yuborishgan. Zarur hujjatlarga ega bo‘lmagan xorijliklar ommaviy ravishda Rossiyadan deportatsiya qilingan, kelayotganlar esa mamlakatga kiritilmagan. O‘nlab mintaqa rasmiylari migrantlarning yo‘lovchi tashish, taksi va boshqa sohalarda ishlash huquqini cheklab qo‘ygan.
O‘sha paytda Markaziy Osiyodagi bir necha mamlakat rasmiy idoralari o‘z fuqarolariga Rossiyaga zaruratsiz safar qilishdan tiyilishni tavsiya qilishgan edi.