Rossiya prokuraturasi Turkiston ozodligi uchun kurashgan arbobni "ekstremist" va "bo‘lginchi" deb topdi

Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onga Sankt-Peterburg davlat universitetida o‘rnatilgan yodgorlik

Sankt-Peterburg prokuraturasi turkshunos olim Zaki Validiy To‘g‘on byustining Sankt-Peterburg davlat universiteti hududida o‘rnatilganini “ekstremizmga qarshi kurash qonunchiligining buzilishi” deya baholadi. Prokuratura universitet hududida joylashgan haykal va uning nomidagi markaz faoliyatini to‘xtatishni talab qildi.

Universitet bu talab qonuniy ekanini tan olgani aytilmoqda.

Boshqirdlar butunjahon qurultoyi bu masala yuzasidan o‘z noroziligini bildirdi.

Mutaxassislar Zaki Validiy To‘g‘onga qo‘yilayotgan “fashistlar hamkori” va “ayirmachi” ayblovlarini mutlaqo asossiz, deb aytmoqda.

Prokuratura Zaki Validiyni “ekstremist” va “bo‘lginchi”ga chiqardi

Sankt-Peterburg shahar prokuraturasi Sankt-Peterburg davlat universiteti ma’muriyatidan oliygohning sharqshunoslik fakulteti hovlisida o‘rnatilgan buyuk boshqird sharqshunosi va tarixchi olimi, siyosiy faol, Turkiston o‘lkasi musulmon sho‘rosi bosh kotibi, O‘rta Osiyo milliy musulmon jamiyatlari federatsiyasi (keyinchalik «Turkiston milliy birligi») raisi, Turkistonda “bosmachilik” nomi bilan tarixda qolgan milliy-ozodlik harakati rahbarlaridan biri, Manchester universiteti faxrli doktori Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on(1890-1970)ga bag‘ishlab universitet hovlisida 2008 - yilda o‘rnatilgan byustni olib tashlashni buyurdi.

O‘quv yurti rasmiy saytida e’lon qilingan tushuntirishga ko‘ra, prokuratura sharqshunos olimga o‘rnatilgan haykal “ekstremizmga qarshi kurash qonunchiligiga” ziddir. Peterburg universitetiga shaharning Vasileostrovskiy prokuraturasidan kelgan xatdan anglashilishicha, talabalardan birining onasi Zaki Validiyga qo‘yilgan haykalni ko‘rib qolgan va prokuraturaga arz qilgan. U bu monument “natsist jinoyatchilariga hamkorlik qilganlarni qahramonlashtirish”, deya baholagani ma’lum.

“Dalil” tarzida olimning Ulug‘ Vatan urushi davrida milliy asosda davlat tuzilishiga oid fikr-mulohazalari, uning “ayirmachilikka bo‘lgan da’vatlari” keltirilgan. Peterburg prokuraturasi buni “davlat jinoyati” ekaniga universitet ma’muriyati e’tiborini qaratgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 2019 - yilning sentabrida Sankt-Peterburg davlat universiteti yana bir qancha talablar asosida shahar prokuraturasiga bu ma’lumotni tekshirishga so‘rovnoma yuboradi.

“Rossiya Federatsiyasining boshqa hududlarida joylashgan arxiv muassasalaridan katta hajmda ma’lumot talab qilib olish, xorij axborot manbalarining chet tillaridan tarjimalarini amalga oshirish hamda ilmiy jamoaning tushuntirishlarini jamlash zarurati bu tekshiruvning uzoq davom etganiga sabab bo‘ldi”, deyiladi 2020 - yilning dekabrida chop etilgan prokuratura rasmiy javobida.

2020 - yilning 14 - yanvar kuni Universitetskiy 7-9-11 manzili bo‘yicha byust joylashgan joyda “ekstremistik faoliyat” yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgani aytildi.

Nihoyat, prokuratura tekshiruv xulosasi asosida Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onga o‘rnatilgan haykal va lavh, shuningdek, uning nomidagi universitetda ochilgan muzey va markazni “talabalar ongiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi ekstremistik faoliyat” sifatida baholanib, yopishni talab qildi.

Universitet ko‘rsatma qanday bajarilgani borasida rasmiy idoraga xabar berishi buyurildi.

Istanbul universitetida Subudey To‘g‘on otasi Zaki Validiy yodgorligi yonida, 2012 - yil, 25 - may

Ozodlik so‘roviga universitet ma’muriyati bu talabga qarshi chiqmasligi va uni bajarishini bildirdi.

Atoqli sharqshunos olim, orientalistika bo‘yicha 400 ziyod ilmiy asarlar muallifi, qator Yevropa universitetlari faxriy doktori, professor Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on haykali 2008 - yilda Sankt-Peterburg davlat universiteti qoshida Turk tadqiqotlari markazi ochilishi tantanalari davomida o‘rnatilgan.

Uni oliygohga taqdim etgan Boshqirdiston Madaniyat vazirligi bu masalada hozircha o‘z munosabatini bildirmadi.

Boshqirdiston hukumati va mintaqa Madaniyat vazirligi nomiga Sankt-Peterburg prokuraturasi organlaridan Ahmad Zaki Validiy masalasida hech qanday so‘rovnomalar kelgani yo‘q. Biz, shuningdek, tekshiruv natijalarini ko‘rganimiz yo‘q", deyiladi Boshqirdiston hukumatining jurnalistlar yuborgan so‘rovnomasiga bergan rasmiy javobida.

Boshqirdlarning Butunjahon qurultoyi qarshi chiqdi

Boshqirdlar Butunjahon qurultoyi Prezidiumi va Ijroiya qo‘mitasi Ahmad Zaki Validiy byustining Peterburg universitetidan olib tashlanishi yuzasidan paydo bo‘lgan ma’lumotga nisbatan xavotir bildirdi.

- Validiyga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlar ko‘plab marotaba turli shaxslar tomonidan ovoza qilingan, ammo fanga ma’lum bo‘lgan birorta hujjat va arxiv materiallari tomonidan tasdiqlanmagan. Shu munosabat bilan Boshqirdlar butunjahon qurultoyi tomonidan Peterburg prokuraturasi va universiteti rahbariyati nomiga so‘rov yuborildi, deyiladi yodgorlikning o‘rnatilishi hozirga qadar birorta hujjat asosida o‘z tasdig‘ini topmaganini bildirgan boshqirdlar tuzilmasi rasmiy bayonotida

Sankt-Peterburgdagi Yevropa universiteti professori, etnograf olim Sergey Abashin Zaki Validiy byustining olib tashlanishiga e’tibor qaratgan birinchi ziyolilardan biri.

Ozodlikka bergan intervyusida Sergey Nikolayevich byust atrofida boshlangan mojaroni “absurd tomosha”, deb nomladi.

- Bu universitetning ichki hovlisida joy olgan yodgorlik, maydonda yo parkdamas. U yerda ko‘plab boshqa haykallar ham mavjud. Bu yodgorlik Boshqirdiston tomonidan Peterburg madaniyatiga hissa qo‘shgan, Bartold va boshqa Peterburg olimlari bilan hamkorlik qilgan buyuk sharqshunosga qo‘yilgan. Ya’ni kuchli eronshunoslik va turkshunoslik yo‘nalishlariga ega oliygohga bu yodgorlik tasodifan o‘rnatilmagan!

Ha, u bolsheviklarga qarshi turgan siyosiy faol bo‘lgan. Lenin bilan uchrashgan, Mustafo Cho‘qay bilan do‘st bo‘lgan, Buxoro amiri Said Olimxon bilan birga “bosmachilik” harakatini boshqargan, Turkiyada panturkchilik g‘oyalari targ‘iboti bilan shug‘ullangan. Lekin uning 1939 - yilgacha Bonn universitetida o‘qituvchilik qilganini “ekstremizm” deb hisoblasak, ko‘plab boshqa odamlarning faoliyatiga chek qo‘yish kerak unda. Zaki Validiy natsistlar bilan hamkorlik qilmagan, u partiyaga a’zo bo‘lmagan. “U kimlar bilandir uchrashgan”, deb tamg‘a bosish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi. Bu oxirgi yillarda avj olib borayotgan absurdlar teatri-ku, - deydi Sergey Abashin.

Tarixchi-olim, agarda Rossiyaning Sankt-Peterburgida Zaki Validiy To‘g‘ondan voz kechilsa, “davlat arbobi va milliy qaxramon” deb e’lon qilingan Boshqirdistonda bu tarixiy shaxsga munosabat qanday bo‘lmog‘i lozim, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Uning fikricha, prokuratura yaratayotgan muammo markaz va Ufa o‘rtasida ziddiyatni keltirib chiqaradi.

- Peterburg prokuraturasining bu taqiqi Boshqirdistonga ham taalluqlimi yoki faqat Peterburggami, axir bu bir davlat-ku?! Rossiyada sanoqsiz chop etilgan Validiynng tarixiy va ilmiy me’rosidan voz kechish kerakmi shunda? Butun dunyoda tan olingan asarlari “ekstremizm” ro‘yxatiga kiritiladimi??? Bu universitet ma’muriyati roziligi bilan prokuratura tomonidan sun’iy yaratilayotgan katta muammo! Haykalni olib tashlashdan ma’no yo‘q - 13 yil turgan, turaverardi ham. Rossiyada boshqa muammo yo‘qmi?!

Grajdanlar urushi domiga tortilgan Rossiyada bolsheviklarning o‘zi ayirmachi-separatist bo‘lgan-ku: 1939 - yilgacha Stalin boshqargan hukumat fashistlar Germaniyasi bilan hamkorlik qilganini hamma biladi! Germaniyada o‘sha davrda yashagan har bir odam fashist bo‘lib qolaveradimi? Mantiq qani?! Vaholanki, u urush boshlanguncha Germaniyada yashagan, keyin Istanbulga ko‘chib ketgan. Validiyni panturkchilikda ayblash ham kulgili - har bir turk tilida so‘zlovchi siyosiy faol va olimni panturkchilikda ayblash mumkin. Hukumat bunday ziddiyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak! Ammo, absurdlar mamlakatiga aylanayotgan Rossiyada olimning byustiga qarshi harakatlar avj olishi afsuski tabiiy holatdek ko‘rinyapti, - deya xulosa qildi Sergey Abashin.

2016 - yilda Rossiya Dumasining millatchi deputatlaridan biri Aleksey Juravlyov Boshqirdistonda faoliyat yuritayotgan “Qo‘k Bo‘ri” jamoatchilik tashkiloti faoliyatini nazoratga olish talabi bilan Bosh prokuraturaga murojaat qilgandi. Juravlyov “Ko‘k Bo‘ri” tashkilotini “turk separatizmi mafkurachisi Ahmad Zaki Validiy me’rosi bo‘lgan turk millatchiligi va panturkchilik g‘oyalarini o‘zida mujassam etganlikda” ayblagandi.

Boshqird jamoatchilik faollari Boshqirdistondagi Zaki Validi muzeyidagi yodgorlik oldida.

2015 - yilda Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onga bag‘ishlab Boshqirdistonning Ufa shahrida yodgorlik o‘rnatilishiga mahalliy “Boshqirdiston ruslari yig‘ini” rus millatchilari qarshi chiqqan edi.

Sho‘rolar davrida tuzumning ashaddiy tanqidchisi va dushmani sanalgan Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on (1890-1970) zamonaviy boshqirdlar uchun millat qahramoni, ma’rifatparvari va g‘oyaviy yo‘lboshchisi bo‘lib qolmoqda.

Boshqirdistonda ko‘cha, maktab va kutubxona uning nomi bilan atalgan, 2010 - yil "Ahmad Zaki Validiy yili" deb e’lon qilingan edi. Shu yilning o‘zida Turkiya poytaxti Anqara shahridagi saylgohga uning nomi berilgandi.

Ahmad Zaki Validiy kim bo‘lgan?

Boshqirdistonda qishloq mullasi oilasida tavallud topgan Ahmad Zaki Validiy madrasani bitirib, Qozon shahridagi “Qosimiya” madrasasida ta’lim bergan. 1915 - yilda u Rossiya Davlat Dumasida Musulmonlar fraksiyasiga deputat etib saylangan.

Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on.

1917 - yildan boshlab Kremldan mustaqil bo‘lgan Boshqirdiston respublikasini tuzishga kirishgan, ammo fuqarolar urushi yillarida sovet tuzumiga qarshi chiqib, bosim ostida Buxoroga qochib o‘tgan.

O‘tgan asrning 20-yillarida Zaki Validiy sobiq xonliklar hududlarida sovet tuzumi o‘rnatilishiga keskin qarshilik ko‘rsatgan, qurolli guruhlarni boshqargan. 1921 - yil avgustida Buxoroda Fayzulla Xo‘jayev xayrxohligida Validiy boshchiligida Turkiston Milliy Birligi (TMB) tashkiloti tuzildi. U siyosiy faol sifatida Buxoro amiri Sayid Olimxon va Xiva aksilsovet namoyandalari bilan hamkorlikda sovetlar tomonidan “bosmachilik” deb nomlangan harakatni tashkil etishda ishtirok etgan, uning g‘oyaviy poydevorini yaratgan.

Aksilsho‘ro faoliyati davomida u “turk sheri” Anvar poshsho bilan yonma-yon jang ham qilgan. Shu yillari Ahmad Zaki Validiy aksilsovet harakati namoyandasi sifatida xalqaro jamoatchilik e’tiborini Markaziy Osiyodagi hodisalarga qaratishga urinadi, Eron, Afg‘oniston, Turkiya, Angliya hukumatlari vakillari bilan uchrashadi. 1923 - yilda Turkiston milliy-ozodlik harakati bostirilishi ortidan u Fayzulla Xo‘jayev yordamida u Afg‘oniston orqali Eron, keyin Berlinga o‘tgan.

1925 - yilda Ahmad Zaki Validiyga Turkiya Vazirlar Mahkamasi maxsus qarori bilan mamlakat fuqaroligi berilgan. Keyinroq, 1944 - yilda u o‘zining “Sovetlarga qarshi “panturkchilik” va “turonchilik” faoliyati uchun 10 yilga qamoqqa tashlangan, ammo 17 oydan so‘ng ozod etilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yillari Zaki Validiy Germaniya vermaxtiga asir tushgan va Turkiston legionida xizmat qilish istagini bildirgan boshqirdlar va markaziy osiyolik askarlar bilan uchrashgan.

Validiy ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullangan. Turk xalqari tarixi muallifi bo‘lgan Zaki Validiy 11 tilda 400 yaqin ilmiy asarlarni chop etgan. 1912-15 - yillarda u Buxoro xonligi va Farg‘ona vodiysiga ilmiy safar qilgan, qator ilmiy-tarixiy maqolalar chop etgan. 1935 - yilda Zaki Validiy – Vena universitetini tamomlab, doktorlik unvonini olgan, Germaniyaning qator oliygohlarida o‘qituvchilik qilgan.

Keyinroq, tarixchi olim sifatida umrining oxirigacha Istanbul universitetida Turklar tarixidan dars bergan. U Manchester universiteti faxriy doktori (1967), dunyoning yetakchi ta’lim muassasalarida turk tarixi va davlatchiligidan ma’ruzalar qilgan.

Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on 1970 - yilda Turkiyada vafot etgan, Istanbulda “Qorajamoat” qabristonida dafn etilgan.