Rossiya tajovuzini dastaklagan Lukashenko uchinchi bor konstitutsiyani o‘zgartirmoqda

Lukashenko 1994 - yilda hokimiyatga kelganidan beri uchinchi marta konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi.

27 f- evral kuni bo‘lib o‘tgan referendum avtoritar yetakchi Aleksandr Lukashenkoning hokimiyat ustidan nazoratini kuchaytirishi kutilmoqda.

67 yoshli Lukashenko 1994 - yilda hokimiyatga kelganidan beri uchinchi marta konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi. Bu Lukashenkoga 2035 - yilgacha hukmronlik qilish imkonini beradi. Mazkur o‘zgarish Belarusning "yadrosiz zona" maqomini belgilaydigan qismini bekor qilib, Rossiya yadro qurolini Belarusga qaytarish uchun yo‘l ochib berishi mumkin.

Hozirda mamlakatda 30 000 ga yaqin rus qo‘shinlari joylashtirilgan bo‘lib, ular go‘yoki Belarus kuchlari bilan qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashish uchun kelgani iddao qilingan. Ammo, mashg‘ulotlar yakunlanishi kerak bo‘lgan 20 - fevral kuni mudofaa vaziri Viktor Xrenin rus askarlar noma’lum muddatga qolishlarini ma’lum qildi.

Shvetsiyada istiqomat qiluvchi belaruslik tahlilchi Alesia Rudnik Ozodlikka elektron pochta orqali yo‘llagan maktubida “Kreml Belarusdagi siyosiy inqirozning boshida keskinlikni murosa ko‘rinishida yumshatish uchun referendum o‘tkazishdan manfaatdor edi”, dedi.

“Bu mojaroni yumshatish o‘rniga, endilikda Lukashenko hokimiyati davomiyligini ta’minlash va uning pozitsiyasini barqarorlashtirish vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. 27 - fevraldagi referendum Lukashenko uchun sun’iy qonuniy kafolat bo‘lib, uning hokimiyatiga har qanday tahdidning oldini olishi maqsad qilingan.

Sobiq Ittifoq davrida kolxoz boshqaruvchisi bo‘lgan Lukashenko Belarus konstitutsiyasini bir necha bor buzgan.

1996 - yilda u prezident sifatida o‘z vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirdi va parlament vakolatlarini qisqartirdi, 2004 - yilda esa prezidentlik muddati bo‘yicha cheklovlarni bekor qildi.

2020 - yil 17 - avgustda Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlaganligi taxmin qilingan Minsk traktor zavodi ishchilari uni masxara qilgan edi. O‘sha kuni Lukashenko Belarusda yangi konstitutsiya qabul qilinganidan keyin yangi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi mumkinligini haqida gapirgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Va’da boshqa, amal boshqa. Karimov, Putin va Nazarboevlar umrbod prezidentlik haqida

2021 - yil fevraliga kelib, Lukashenko hozirda boshqaruv maqomiga ega bo‘lmagan sodiq tarafdorlaridan iborat assambleya “Butun Belarus Xalq Assambleyasi”ga qo‘shimcha vakolatlar berish rejasini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “hokimiyatga turlicha qarashlarga ega noto‘g‘ri odamlar kelgan taqdirda” “xavfsizlik tarmog‘i”ga aylanishi mumkin.

Lukashenko bu o‘zgarishlardan hokimiyatni mustahkamlashni maqsad qilgani darrov ayon bo‘ldi.

Agar, o‘zgartirishlar kutilganidek tasdiqlansa, Butun Belarus Xalq Assambleyasi tashqi, xavfsizlik va iqtisodiy siyosatni tasdiqlash uchun keng vakolatlarga ega bo‘ladi. Shuningdek, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish, qonun loyihalarini ishlab chiqish, mamlakat Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va oliy sudlar sudyalarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Taklif etilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, amaldagi prezident avtomatik ravishda 1200 o‘rinli assambleyaning delegati bo‘ladi va boshqa delegatlar saylagan taqdirda unga raislik qilishi ham mumkin.

Bu Lukashenkoga jinoiy ta’qibdan daxlsizlik beradi va besh yil muddatga ikki marta saylanish cheklovini bekor qiladi. Biroq, cheklovlar faqat kelajakda amal qiladi. Ya’ni, Lukashenko 81 yoshga to‘lgunga qadar hukmronlik qilishi mumkin.

Shuningdek, o‘zgartishlar so‘nggi 20 yil ichida mamlakatni vaqtincha tark etgan har qanday shaxsning prezident bo‘lishini taqiqlaydi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri muxolifat a’zolariga qaratilgan o‘zgarish, ularning aksariyati siyosiy ta’qiblardan qochish uchun mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.

Kreml konstitutsiyaviy o‘zgarishlar va yangi harbiy doktrinalar barqarorlikdan tashqari Belarusda joylashgan yadroviy raketalarni qaytarishga yo‘l ochib berishiga umid qilayotgan bo‘lishi mumkin, deydi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Uilyam Alberke.

"Ommaga e’lon qilinmagan ushbu yangi harbiy doktrina ikki harbiy kuch o‘rtasida yanada kengroq integratsiyani ko‘zda tutadi. Buning uchun esa Belarusning betarafligi va yadrosiz maqomiga o‘zgartirishlar kiritilishi kerak. Bu esa Rossiyaning Belarus hududiga ehtimoliy yadro quroli joylashtirishiga imkon beradi", dedi Alberke.

Prezidentlik va parlament saylovlarida bo‘lgan oldingi byulletenlardan farqli o‘laroq, referendum qog‘ozlari faqat rus tilida chiqarilgan. Bu Lukashenkoning Kremlga bo‘lgan sadoqatining ramziy belgisidir.