Rossiya TIV rahbari keyingi hafta boshida Toshkentga keladi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 28-29-oktyabr kunlari xizmat safari bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda TASS agentligi Rossiya TIV mulozimasi Mariya Zaxarovadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Safar chog‘ida Lavrov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lishi rejalangan. Shuningdek, Rossiya bosh diplomati o‘zbekistonlik hamkasbi Baxtiyor Saidov bilan ham muzokara o‘tkazadi.

Rossiya TIV mulozimasiga ko‘ra, Lavrovning O‘zbekistonga safari chog‘idagi muzokaralarda asosiy e’tibor ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada teranlashtirish va rivojlantirish masalalariga qaratiladi.

Mariya Zaxarova O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomiga ega ekanini e’tiborga olgan holda O‘zbekistonning Yevrosiyoga integratsiyasi jarayonlarini diplomatik yurituv ishlari ham Lavrov safarida alohida o‘rin tutishiga urg‘u bergan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 17-oktyabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi ochilishida O‘zbekistonda hozircha Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lish istagi yo‘qligi, rasmiy Toshkent tashkilotda faqat kuzatuvchi maqomida qolishni rejalayotgani haqida bayonot bergan edi.

Men O‘zbekistonning YOIIga a’zo bo‘lish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasiga rahbarlik qilaman. Biz ushbu tashkilotning mingdan ortiq turli hujjatini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdik va bugungi kunda YOII huzurida kuzatuvchi maqomini saqlab qolish O‘zbekiston manfaatlariga mos keladi, degan xulosaga keldik”, degan Saidov O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston YOIIga qo‘shilishdan kam foyda ko‘rganini qo‘shimcha qilgan edi.

YOII 2014-yilda Belarus, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokida tuzilgan. 2015-yilda unga Qirg‘iziston bilan Armaniston a’zo bo‘lgan. O‘zbekiston va Kuba mazkur tuzilmada 2020-yildan buyon kuzatuvchi maqomiga ega.

Ekspertlar Rossiya hali xalqaro sanksiyalarga yo‘liqmasdan turib ham YOIIni a’zo davlatlar uchun manfaatli emas, deb hisoblashardi. Ularga ko‘ra, mazkur tashkilot faqat Rossiya foydasiga xizmat qilib kelgan. Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng YOII mamlakatlarida ittifoqdan chiqish tarafdorlari yanada ko‘paygan.