Rossiya va KXDR strategik hamkorlik bitimini imzoladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida Pxenyanda o‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra ikki mamlakat o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangan. Ozodlikning rus xizmati xabariga ko‘ra, hujjatda jumladan harbiy sohada hamkorlik imkoniyati va a’zo mamlakatlardan biriga qarshi urush e’lon qilingan paytdagi o‘zaro majburiyatlar aks etgan.

Putin KXDR poytaxtiga ikki kunlik tashrif bilan 18-iyun oqshomida uchib borgan - uni aeroportda shaxsan Kim Chen In kutib olgan. Bu Putinning Shimoliy Koreyaga amalga oshirgan ikkinchi safari bo‘lib hisoblanadi - birinchisi 2000-yilda amalga oshirilgan edi.

Aeroportda Vladimir Putin bilan Kim Chen In qizil gilam ustida bir necha bor quchoqlashishgan, keyin esa “avval siz o‘ting; yo‘q, o‘zlaridan bo‘lsin” qabilidagi mulozamat bilan bir-birini limuzinga taklif qilishgan.

Putin bilan muzokaralar chog‘ida Kim KXDR hukumati “Rossiya hukumati, armiyasi va xalqiga maxsus harbiy amaliyotni bajarish (ya’ni Ukrainadagi urush - tahr.) chog‘ida to‘liq qo‘llov va birdamlik izhor qilishi”ni bildirgan. Kim fikricha, amaliyot “suverenitet himoyasi uchun, xavfsizlik va hududiy yaxlitlik manfaatlaridan kelib chiqqan holda” o‘tkazilmoqda. Kim “dunyoda strategik muvozanatni saqlash”da Rossiyaning rolini ham qayd etgan.

Putin esa o‘z chiqishida Rossiya va KXDRning tarixiy aloqalariga, shu jumladan sovet uchuvchilarining 1950-53-yillardagi Koreya urushida ishtirok etganiga to‘xtalgan. U Qo‘shma Shtatlarni tanqid qilib, Rossiyani Ukraina urushida dastaklagani uchun Pxenyanni yana bir bor maqtab o‘tgan. Bu haqda Putin o‘z tashrifidan avval Shimoliy Koreya gazetasida chop etilgan maqolasida aytgan edi.

Shimoliy Koreya Ukrainadagi urush bo‘yicha neytral pozitsiyada emas, balki Rossiyani qo‘llashini to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirgan dunyodagi kam sonli mamlakatlardan biridir. KXDR Rossiya armiyasiga artilleriya snaryadlar va muhtamalan raketa tizimlari yetkazib bermoqda. Bunga javoban Moskva Pxenyanga muhtamalan BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalari bilan taqiqlangan raketa dasturida ko‘maklashyapti. AQSH va G‘arb mamlakatlari Moskva bilan Pxenyan o‘rtasidagi hamkorlik yuzasidan tobora ko‘proq tashvish bildirmoqda.