7-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 70 yoshga to‘ldi. Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi sharhlovchisi Robert Koulsonning yozishicha, 70 yillik yubiley tobora avtoritar bo‘lib borayotgan Putin hukmronligining eng og‘ir kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Aksariyat muxolifat vakillariga qarshi ayovsiz tazyiqlarga qaramay, Putinning yillar davomida yuqori bo‘lib kelgan reytingi xavf ostida bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi alomatlar paydo bo‘la boshladi. Ukrainadagi urush Putin shaxsi atrofida tuzilgan siyosiy tizimning zaif tomonlarini fosh qilishda davom etmoqda.
«Levada» mustaqil so‘rov agentligi sotsiologi Lev Gudkov:
«Shuni ayta olamanki, vaziyat tubdan o‘zgardi», — dedi.
«Mobilizatsiya hammaga ta’sir qilmoqda... Safarbarlik e’lon qilingani vaziyatni tubdan o‘zgartirdi – urush Rossiyaga yetib keldi», — deya so‘zini davom ettirdi u.
Rossiya Ukrainada mamlakat hukumati va xalqining keskin qarshiligiga duchor bo‘ldi. O‘tgan oyda Ukraina Xarkov viloyatida yashin tezliga o‘tkazgan kontrataka rus qo‘shinlarini ortga chekinishga majburladi, natijada bir necha oydan beri safarbarlik e’lon qilmasligini ta’kidlab kelgan Putin va’dasini buzishga majbur bo‘ladi.
Kreml agressiyasiga javoban G‘arb Rossiyaga shiddat bilan javob qaytardi. G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi qator sanksiya kiritdi hamda Ukrainaga milliardlab dollar qiymatga ega harbiy yordam ko‘rsatdi. O‘nlab yildan beri NATOga to‘liq a’zo bo‘lmagan Shvetsiya va Finlyandiya transatlantik alyansga rasman qo‘shildi.
Bugunga kelib Rossiya misli ko‘rilmagan darajada xalqaro maydonda yakkalanib qolgan.
«Hech kim g‘azablangani yo‘q, ommaviy norozilik yo‘q»
Rossiyada yaqin haftalargacha Putinning obro‘si har doimgidek mustahkam bo‘lib ko‘ringandi, sababi Kreml muxolifatni yashirinishga yoki mamlakatni tark etishga majburlab keladi.
Estoniya parlamenti deputati Mixail Lotman Ozodlik radiosi rus xizmati uchun yozgan maktubida «Rossiyaning Ukrainadagi jinoiy urushi rus jamiyatining hatto eng taniqli rusofoblar ham aytmagan jihatlarini o‘rtaga chiqardi», deb yozdi. Lotman Rossiya armiyasi qo‘l urgan talonchilik va harbiy jinoyatlar haqidagi xabarlarga Rossiya jamoatchiligi parvo qilmayotgani haqida yozdi.
«Rossiya jamiyati bunga qanday munosabat bildirdi? Hech qanday. Hech kim g‘azablangani yo‘q, ommaviy norozilik yo‘q».
Rossiyadagi so‘rovlarga to‘liq ishonib bo‘lmasa-da, «Levada» markazi o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, 2022-yil davomida Putinning reytingini doimiy ravishda 80 foizdan yuqori bo‘lib kelayotgan edi. Avgust oyida bu ko‘rsatkich 83 foizni tashkil qilgan.
«Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin barcha ko‘rsatkichlar ko‘tarildi», - dedi Gudkov.
«Odamlar o‘zlariga ishonch his qildilar, harbiy kuch va qudrat namoyish etilayotganidan faxrlanish tuyg‘usini his qildilar».
Ammo sentabr oyida Putin reytingi 77 foizga tushib qolgan.
Gudkovning so‘zlariga kora, Ukrainaga bosqin boshlanganidan oldingi oylarga solishtirganda ko‘proq rossiyalik Putinni ma’qullaydi, biroq harbiy muvaffaqiyatsizliklar va ayniqsa safarbarlik o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
«Safarbarlikdan so‘ng, menimcha, vaziyat tez o‘zgaradi», — dedi u.
«Umidsizlik tuyg‘usi»
Shubhasiz, Putin hukumatiga qarshi chiqish ko‘pchilik rossiyalik uchun katta qadamdir. Hukmronligining dastlabki yillarida Putin davlat nazoratidagi matbuot yordamida kuchli, markazlashgan hukumat va «qonun diktaturasi» qadriyatlarini targ‘ib qilgan.
2017-yilda Kornel universiteti siyosatshunoslik bo‘yicha professori Valeri Bans so‘nggi yillarda Putin «rus millatchiligi, Rossiya qudratini xalqaro tizimda ko‘rsatish, madaniy konservatizm va AQShni xalqaro tizimda beqarorlashtiruvchi kuch sifatida tanqid qilishdan» iborat yangicha targ‘ibot boshlagani haqida yozgandi. Bu taktika «Rossiya muxolifatini vatanparvar yoki xoin bo‘lishdan birini tanlashga majburlab, ikkiga bo‘lib yuborgan».
2012-yildan beri Kreml barcha siyosiy muxoliflarni sotqin sifatida qoralash uchun «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonunlarni ishga solib keladi. Rossiyada bu tamg‘a berilgan siyosiy muxoliflar qo‘shnilari, qarindoshlari, hamkasblari va ish beruvchilar tomonidan tazyiqqa uchramasa, kremlparastlar ta’qibiga uchrashi mumkin.
So‘nggi haftalarda Putin Ukrainadagi urushni Rossiya va «iblis» G‘arb o‘rtasidagi ekzistensial kurash sifatida tasvirlab, o‘ziga qarshi chiqishni yanada mushkullashtirdi hamda o‘ng qanot radikallarga jimgina erkinlik berdi.
«Hokimiyat tahdidlarni tushundi»
Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan oldin Putin hukumati uyushgan siyosiy muxolifatning barcha shakllarini tor-mor qilgan. Xarizmatik muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqqa tashlandi, u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi va tashkilotning mintaqalardagi bo‘limlari «ekstremistik» deb topildi va yopildi. Navalniyning ko‘plab faol tarafdorlari jinoiy javobgarlikka tortilish tahdidi ostida mamlakatni tark etishdi.
Ilgari norozilar yoki muxoliflarga maydon bo‘lgan mustaqil jamoat tashkilotlari, masalan, «Memorial» inson huquqlari jamiyati ham nishonga olindi va bu tashkilotlarga yaqinlashish xiyonat bilan tenglashtirildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Xelsinki universitetida Rossiya siyosatidan dars beruvchi rossiyalik siyosatshunos Vladimir Gelman «Meduza» nashriga bergan intervyusida shunday dedi:
«Faol norozilik namoyishlarining asosiy muammosi shundaki, ular faqat individual harakatlarni talab qilmaydi. Namoyishlar turli odamlar o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlikni talab qiladi. Bu borada (Rossiyada) ahvol chatoq».
Ammo 4-oktabr kuni Navalniy tarafdorlari Putinga va urushga qarshilik ko‘rsatish uchun yashirin muvofiqlashtiruvchi markaz sifatida qayta faollashayotganliklarini e’lon qilishdi.
Bundan tashqari, Gudkovning ta’kidlashicha, «Levada» markazining tadqiqotlari rossiyaliklar ongli ravishda davlat senzurasini chetlab o‘tishga intilayotganini ko‘rsatadi. Xususan, ular Telegram kanallar kabi Kreml tomonidan nazorat qilinmaydigan manbalardan ma’lumot olishmoqda. Gudkovning aytishicha, «alternativ kanallardan» foydalanadigan respondentlar ulushi bir necha oy oldin 7—8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir 22 foizga yetgan.
«Ajralish albatta sodir bo‘ladi»
Ommaviy xalq qo‘zg‘olonlari kamdan-kam hollarda faqat ma’naviy norozilik tufayli sodir bo‘ladi. Sobiq sovet mamlakatlaridagi rangli inqiloblarga asosan bahsli saylovlar sabab bo‘lgan. Norozilik ruhi hukmron elita ichidagi bo‘linishlar tufayli kuchaygan.
Rossiya tarixida ham bunday holatlar kuzatilgan. 1905, 1917, 1991 va 1993-yillardagi keng ko‘lamli xalq qo‘zg‘olonlari zaiflashgan va bo‘lingan hukumatlarga qarshi samara bergan.
Putin hukmronligi davrida ham bunday hodisa kuzatilgan. 2004-yil oxiri, 2005-yil boshida Rossiya bo‘ylab minglab nafaqaxo‘r hukumatning ijtimoiy subsidiyalarni isloh qilish rejasiga qarshi namoyishga chiqqan edi. Namoyishchilarni gubernatorlar, Kommunistik partiya va boshqa kuchlar yashirin tarzda yoki ochiqchasiga dastakladi.
2011-yilgi parlament saylovlari davomida sodir etilgan qonunbuzarliklar ortidan Rossiya «rangli inqilob» yoqasida qoldi, ammo hukumat qo‘zg‘olonni bostirish uchun zarur bo‘lgan barcha vositalarni tayyorlab qo‘ygan edi.
Muxolifatchi siyosatchi Gudkovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib vaziyat o‘zgargan.
«Putin taklifi bilan Kreml saroyiga yig‘ilgan amaldorlar va deputatlarning ayanchli qiyofalarida hech qanday xursandchilikni ko‘rmadim», — dedi Gudkov Ozodlik bilan suhbatda.
Gudkovning aytishicha, «elitalar ichida bo‘linish» haqida gapirishga hali erta, lekin Putin tizimi «silkinmoqda».
«Ajralish albatta sodir bo‘ladi, chunki biz hozirda raqib kuch markazlari shakllanayotganini ko‘rmoqdamiz».
Biroq, hozircha, «hamma narsa Putin atrofida aylanmoqda», deya so‘zini yakunladi Gudkov.
Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin.