Rossiyada majburiy vaksinatsiya: migrantlar qay tarzda va kimning hisobiga emlanadi?

Rossiyada koronavirus tarqalishi shiddatli tus olmoqda: har kuni 20 mingdan ortiq yangi holat qayd etilyapti. Epidemiologik vaziyat keskinlashgani munosabati bilan aholini majburiy emlash masalasi ko‘tarildi. 16 - iyun kuni “Rospotrebnadzor” savdo, umumiy ovqatlanish, jamoat transporti va taksi, maishiy xizmatlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, UJKX va energetika sohalari xizmatchilarining 60 foizini emlashga ko‘rsatma berdi.

Ushbu sohalarda personalning katta qismini migrantlar tashkil qiladi. 18 - iyunda Moskva meri Sergey Sobyanin kelasi oy boshidan migrantlarni mohiyatan “Sputnik V” vaksinasining dastlabki komponenti bo‘lmish “Sputnik Layt” bilan emlash boshlanishini e’lon qilgandi. 27 - iyun kuni esa prezident Putin 15 - iyulga qadar mehnat migrantlarini emlashni tashkil qilish va buning “moliyaviy manbalarini belgilash”ga buyruq berdi.

Xo‘sh, Rossiyada ayni paytda migrantlarni emlash qanday kechmoqda? Ular emlanishga rozimi va emlash haqini kim to‘laydi?

Ayirmachilik

Mehnat qonunchiligi bo‘yicha yurist Valentina Mitrofanovaga ko‘ra, ayni paytda majburiy vaksinatsiyaning qonuniy yoki yo‘qligi emas, migrantlarga Rossiya aholisi bilan teng shart-sharoit yaratilmagani masalasi ko‘proq muhim. Mamlakat fuqarosi o‘zi biriktirilgan poliklinikaga borib, bepul emlanishi mumkin, ammo migrantlarda bunaqa imkoniyat yo‘q.

“Bu juda g‘alati tartib. Axir migrantlar xizmat ko‘rsatish, savdo va kommunal sohalarda ishlaydi, ya’ni har kuni minglab odamlar va ommaviy foydalanuvdagi buyumlar bilan muomalada bo‘ladi-ku”, deydi u ajablanib.

Rossiyada hozir chet elliklardan faqat vaqtincha yashash ruxsatnomasi (VYaR) yoki yashash uchun ruxsatnoma (YaUR) bilan istiqomat qilayotganlar, shuningdek, YeOII mamlakatlaridan kelgan majburiy tibbiy sug‘urta polisiga ega kishilargina vaksinani bepul olishi mumkin.

“Moskvaliklarni emlagan holda ular bilan yonma-yon yashayotgan bir million migrantdan yuz burish to‘g‘ri emasligini hukumat vakillariga necha marta tushuntirdik. O‘ylab ko‘ramiz, degancha, mana, ikki oy o‘tdi, yangi to‘lqin ham boshlandi orada, lekin hanuz javob yo‘q. Balki ular migrantlar ham Nuh kemasida jon saqlagan odamzotdan tarqaganini anglashmas”, deydi mehnatkash migrantlar kasaba uyushmasi raisi Renat Karimov.

Migrant qanday emlanishi mumkin?

Migrantlar internet-forumlarida majburiy emlash mavzusini qizg‘in muhokama qilishmoqda. Masalan, oshxonada ishlovchi bir ayol migrantlarni va boshqa ishchilarni emlash kimning hisobiga amalga oshirilishi hozircha noma’lumligini yozgan. Emlanmaganlar bo‘shatilmas ekan‑u, ammo ularga to vaksinatsiyadan o‘tgunicha ishga qo‘yilmasligini, ish haqi ham to‘lanmasligini pisanda qilishibdi.

Boshqa migrant esa ish joyida, fuqaroligidan qat’i nazar, 60 foiz personal majburiy emlanganini yozgan. Yana bir migrant ayol ishxonasida emlanish uchun 10 - iyulgacha muhlat berishganini, ammo emlash markaziga borganida RF pasporti yoki tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagani uchun unga rad etishganini, qayerga murojaat qilishini bilmasligini ma’lum qilgan.

Huquqbon Karimjon Yorovga ko‘ra, so‘nggi paytlarda yo emlanish, yo ishdan bo‘shash talabi qo‘yilgan ko‘plab migrantlar unga yordam so‘rab murojaat qilmoqda ekan. Shu bilan birga, chunonchi, “Ashan”da hammol bo‘lib ishlovchi Tojikiston fuqarosi ish beruvchisi barcha xodimlarni yoppasiga “Sputnik” bilan bepul emlatganini xabar qilgan.

Rossiyada qirg‘izistonliklarni qo‘llab-quvvatlovchi “Tabarman” tashkiloti rahbari Marsel Salaxunov majburiy vaksinatsiya boshlanganidan beri MTS polisini rasmiylashtirib berishni so‘rovchilar ko‘payganini aytadi.

“Shaxsan men emlanish tarafdoriman, chunki vaziyat qaltis. Jamoaviy immunitet hosil qilishimiz kerak. Bu ma’noda qirg‘izistonliklarning omadi bor ekan, chunki biz YeOIIdamiz. Qirg‘izistonda vaksina yetishmaydi, shu bois Rossiyadagi migrantlarimiz o‘z vatanlaridagidan ko‘ra yaxshiroq ahvoldalar hozir”, deydi u.

“Rossiya vaksinasiga ruslarning o‘zlaridan ko‘ra ko‘proq ishonishadi”

Rossiyaliklar kabi, migrantlar ham “emlanish kerakmi, yo‘qmi” degan savol atrofida ikki tarafga bo‘lingan. Karimjon Yorovning aytishicha, virusning yangi shtammi emlanganlarga ham yuqayotganini eshitgach, ko‘p migrantlar vaksina olishni istamay qo‘ygan. “Emdorining nafi tegishiga odamlar uncha ishonmaydi, agar pulga emlashsa, bu qo‘shimcha chiqim degani, migrantlar uchun esa har bir rubl hisobli”, izoh beradi huquqbon.

Biroq kasaba uyushmasi raisi Renat Karimov bu fikrga qo‘shilmay, migrantlar Rossiya vaksinasiga rossiyaliklarga qaraganda ko‘proq ishonishini ta’kidlaydi:

“Rossiyaliklar hukumatga ishonmasligi vajidan, shuningdek, boy va ilg‘or davlatlar “Sputnik”ni sotib olmayotganini ko‘rib, u bilan emlanishni xohlamayapti. Migrantlarda esa vaksinaga ishonch darajasi ancha yuqori. Gap faqat ularni emlashni to‘g‘ri tashkil qilishda”, deydi u.

Biroq Rossiya aholisi “Sputnik V” bilan emlanayotgani holda migrantlarga unga nisbatan samaradorligi kamroq “Sputnik Layt” buyurilayotgani migrantlar ishonchiga putur yetkazayotgani aniq.

Ekspert Valentina Mitrofanova migrantlarga alohida vaksina taklif etilayotganini kamsitish deb hisoblaydi:

“Migrantlar biz bilan bir xil epidemiologik vaziyatda, ularga ham bir xil cheklovlar amal qiladi. Shunday ekan, menimcha, Rossiyada qonuniy mehnat qilayotganlarga mamlakatda ro‘yxatga olingan barcha vaksinalardan foydalanish imkoni berilishi kerak”, o‘z mulohazalarini bo‘lishadi Mitrofanova.

Pulini kim to‘laydi?

Emlash haqi kimdan undiriladi: ish beruvchidanmi, mahalliy byudjetdanmi yoki migrantlarning o‘zlaridan? Bu savolga hozircha aniq javob yo‘q.

“Moskva ma’muriyati past ketmaydi, deb umid qilamiz, – deydi Renat Karimov. – Migrantlar poytaxt xo‘jaligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shishyapti, bir safar hatto merning o‘zi ham “migrantlarga patent sotish byudjetga neft shirkatlaridan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradi”, deb tan olgandi”.

Karimov “Sputnik Layt” bilan emlash narxi 10 dollar yoki 700 rubldan ortiq bo‘lmasligi zarur, deb hisoblaydi.

“Bu, masalan, yillik patent narxi (5350 rubl) oldida katta mablag‘ emas. 700 rubldan, kelinglar, emlaninglar, deyishsa, migrantlar kelishadi. Lekin emlashni ularga pulli qilib qo‘yish xunuk ish bo‘ladi baribir”, deydi kasaba uyushmasi boshlig‘i.

Valentina Mitrofanova esa migrantlar alaloqibat yo ish beruvchilar tomonidan markazlashtirilgan tarzda yoki o‘z hisoblaridan emlanishini bashorat qiladi.

“Emlanmaganlarning ish haqlaridan ushlab qolishadi deb o‘ylamayman. Chunki bu avvalo qonunga xilof, buning ustiga juda murakkab jarayon”, tusmollaydi u.

Soxta sertifikatlar

Karimjon Yorovga ko‘ra, emlanishga mutlaqo qarshi migrantlar oldida uch yo‘l qoladi: ishdan bo‘shash, vaksinatsiyadan o‘tgani to‘g‘risida ma’lumotnoma talab qilinmaydigan joylarga borib ishlash yoki soxta ma’lumotnomalar sotib olish.

“Menga aytishlaricha, kommunal tashkilotlar sarkorlari allaqachon tayyor sertifikatlarni topib kelib, donasini 2000 rubldan pullashni boshlab yuborishibdi. Sotib olishga rozi bo‘lgan migrantning shaxsiy ma’lumotlari sertifikatga qayd qilinib, bazaga kiritilarkan. Bu xuddi migrantlarni ro‘yxatga olish tizimiga o‘xshaydi: qayerda majburiy ma’lumotnoma kerak bo‘lsa, shu zahoti qalloblar paydo bo‘ladi”, deydi Yorov.

Marsel Salaxunov soxta sertifikatlar savdosi avj olayotgani haqida internet orqali xabardorligini aytarkan, bu ishlarning oqibatidan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi:

“Davlat vaziyatni nazorat qilib turibdi. Shu bois biz vatandoshlarimizga qonuniy emlanib, haqiqiy sertifikat olishni tavsiya qilyapmiz”, deb ogohlantiradi u.

Valentina Mitrofanovaga ko‘ra ham, “vaksinatsiya bo‘yicha qattiq, kutilmagan talablar qo‘yish muqarrar qonunbuzarliklarga eltadi”. Qolaversa, noqobil soliq siyosati omilini ham nazardan qochirmaslik lozim.

“O‘tgan yildan ish beruvchilar, katta jarimalar solinishi mumkinligidan cho‘chib, yana “qora” mehnat shartnomalari tuzishga ruju qo‘yishdi, shu jumladan, migrantlar bilan ham. Chunki rasmiy xodim yoki xizmatchini saqlash ko‘pincha ularga og‘irlik qilmoqda. Shu bois, agar vaksina haqini to‘lash migrantlarning o‘zlariga yuklatilsa, soxta ma’lumotnomalar savdosi gullab-yashnaydi. Axir bu migrantga emlashdan ko‘ra ancha arzonga tushadi-da”, deydi yurist.

Iyun oyi o‘rtalaridan Moskva politsiyasi qalbaki ma’lumotnoma va sertifikatlar yasovchilarni ovlashni boshlab yubordi: Moskva IIBB matbuot xizmati xabaricha, 18 - iyun holatiga 24 ta jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, shundan 23 tasi Rossiya Federatsiyasi JKning 327-moddasi (Soxta hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplar, muhrlar yoki blanklarni tayyorlash va sotish) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.