Rossiyada migrantlar o‘z tillarida pichirlamaslikka chaqiriladi

Illyustrativ surat

Rossiyaning Millatlar ishlari bo‘yicha federal agentligi Markaziy Osiyodan bo‘lgan mehnat muhojirlari uchun yangi adaptatsion kurs ishlab chiqdi. 70 daqiqali ma’ruzadan iborat bu ma’ruza orqali xorijliklar Rossiyaning migratsiya va mehnat qonunchiligi hamda mamlakatda o‘zini tutish tartib-qoidalariga oid barcha zarur ma’lumotlarni olishlari mumkinligi aytilmoqda.

Ma’ruza materiallari bilan tanishgan “Kommersant” nashrining yozishicha, kurs to‘rtta blokka bo‘lingan bo‘lib, bular “Migratsiya va mehnat qonunchiligi asoslari”, “Rossiyada o‘zini tutishning norasmiy asoslari”, “Qonunchilikka rioya qilmaganlik uchun javobgarlik” va “Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari munosabatlari tarixi” kabilardir.

Birinchi bo‘limda migrantlarga Rossiyaga kirib kelish va yurish tartibi haqida, patent rasmiylashtirish va mehnat shartnomasi tuzish qoidalari haqida ma’lumot berilgan. Nashr qaydicha, ma’ruzachi Rossiya armiyasida shartnoma asosida xizmat qilish orqali mamlakat fuqaroligini soddalashtirgan tartibda olish imkoniyati mavjudligi xususida ham so‘zlashi kerak.

“Rossiyada o‘zini tutishning norasmiy asoslari” blokida ma’ruzachilar rus tilini bilish muhimligini urg‘ulab, “aka//uka” (“brat”) va yoxud “opa//singil” (“sestra”) deb murojaat qilish sizga qarindosh bo‘lmagan odamlar bilan muloqot uchun to‘g‘ri kelmaydi”, deya qayd etishadi. Shuningdek, xorijliklar boshqa odamlar oldida o‘z ona tilida pichirlamaslik va o‘tgan-ketganni muhokama qilmaslikka chaqiriladi.

Bundan tashqari, ma’ruzada Rossiya dunyoviy davlat ekani, bu yerda biror-bir dinga mansublikni ommaga namoyish qilish, xususan ko‘chada diniy marosimlarni amalga oshirish va jamoat joylarida namoz o‘qish odati yo‘qligi eslatiladi. Shu bilan birga, hayvonlarni qurbonlikka keltirish ham maqbul ish emasligi qayd etiladi.

Kursda “qarama-qarshi jins vakili bilan muomala asoslari” to‘g‘risida, xususan, Rossiyada ayollar avvaldan ochiq kiyim kiyib yurishlari, bu uyatli ish bo‘lib hisoblanmasligi va bu holat ayolning birov bilan tanishishga tayyor ekanini anglatmasligi haqida aytiladi.

Notanish odamlarga teginish mumkinmas, shuningdek, o‘ziga yoqib qolgan ayol yoki erkak e’tiborini tortishga urinib, turli tovushlar chiqarish, hushtak chalish, “chiqqillash” yaxshi emas”, deyiladi dasturning “Rossiyada o‘zini tutishning norasmiy asoslari” to‘g‘risidagi bo‘limida.

Kursning uchinchi qismi Rossiyada migratsion qonunlar doxil qonunchilikning buzilishi uchun belgilangan jazo choralariga bag‘ishlangan. Bu bo‘limda ma’ruzachilar ekstremistik va terrorchilik faoliyatida ishtirok etish yoki unga ko‘maklashishga yo‘l qo‘yilmasligini qayd etishlari lozim.

Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan to‘rtinchi bo‘limda o‘zaro “do‘stlik rishtalari ko‘p asrlik tarixga ega”ligi, “SSSR byudjetidan ajratilgan katta pullar esa Markaziy Osiyo respublikalarining muvaffaqiyat bilan taraqqiy qilishiga imkon yaratgan”i ta’kidlanadi.

Ma’ruza matnlariga 11 ta animatsion rolik ilova qilingan bo‘lib, ularda bosh qahramon Timur Rossiyada yashash tartib-qoidalari haqida so‘zlab beradi. Har bir video “Assalomu alaykum, muhtaram aka-ukalar va opa-singillar! Mening ismim Timur va men o‘n yildan buyon Moskvada yashayman” degan jumlalar bilan boshlanadi. Roliklar mazmuni ko‘p jihatdan 70 daqiqali ma’ruza mazmun-mundarijasiga mos.

Millatlar ishlari bo‘yicha federal agentligi Rossiyadagi migrantlar uchun adaptatsion kurs ishlab chiqilganini 2023-yil sentyabrida e’lon qilgan edi. O‘tgan haftada agentlik kurs Kaliningrad va Moskva viloyatlari, Perm va Krasnodar o‘lkalarida, shuningdek, Yoqutistonda (Yakutiya) aprobatsiyadan o‘tgani haqida ma’lumot tarqatgan.