Rossiyada Su-34 uchog‘i quladi, ekipaj a’zolari halok bo‘ldi

Su-34 jangovar qiruvchi uchog‘i (illyustrativ surat)

Shimoliy Osetiya tog‘larida Rossiya Havo-kosmik kuchlariga tegishli Su-34 qiruvchi uchog‘i qulab tushdi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchoq ekipaji halok bo‘lgan.

Vazirlik qaydicha, uchoq rejadagi mashq parvozini bajarish chog‘ida qulab tushgan.

TASS agentligining respublika tezkor xizmatlaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilishicha, Su-34 bortida ikki uchuvchi bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, uchoq qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. “Uchoq kimsasiz joyga qulagan. Uchoq qulagan yerda vayrongarchilik yo‘q”, deyilgan xabarda aviahalokatga oid boshqa tafsilotlar keltirilgan emas.

Mahalliy turg‘unlar avvalroq “Baza” telegram-kanaliga tog‘da noma’lum uchuvchi apparat qulaganini ko‘rganlari ma’lum qilishgan. Guvohlarga ko‘ra, u yarim tunga yaqin Tog‘li Dzuarikau qishlog‘i hududidagi qoyaga borib urilgan.

Xuddi shu rusumdagi uchoq 2022-yil 17-oktyabrida Krasnodar o‘lkasining Yeysk shahridagi to‘qqiz qavatli uy hovlisiga qulagan edi. O‘shanda uning bortida to‘la o‘q-dori bilan parvoz qilayotgani aytilgan. Aviahalokat natijasida yong‘in boshlanib, 15 kishi halok bo‘lgan, 50 chog‘li odam yaralangan. Rasmiylar halokatga uchoq dvigateliga qush kirib ketganini sabab bo‘lganini bildirishgan.

2023-yil 12-avgustida Kaliningrad viloyatida Su-30 qiruvchi uchog‘i qulab tushgan, ekipaj a’zolari halok bo‘lgan.

Yana o‘tgan yilning 12-sentyabrida Volgograd viloyatida Su-24 bombardimonchi uchog‘i qulagan. Bu hodisada bir hafta o‘tib esa Voronej viloyatida Su-34 qiruvchi uchog‘i qulab tushgan. Har ikkala uchoq ekipaji omon qolishga muvaffaq bo‘lgan. O‘sha paytda ham Rossiya Mudofaa vazirligi uchoqlar o‘q-dorisiz mashq parvozlarini amalga oshirayotgan bo‘lganini va kimsasiz joyga qulaganini ma’lum qilgan.

Joriy yilning 19-aprelida Stavropol o‘lkasida raketa tashuvchi Tu-22M3 uchog‘i qulagan, ekipajning bir a’zosi halok bo‘lgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi mazkur aviahalokatlarning hammasiga “texnik nosozlik” sabab bo‘lganini bildirgan.