Rossiyada voyenkomatga o‘t qo‘yishni rejalagan yigit 25 yilga qamaldi

Ilya Baburin sud zalida, Novosibirsk, 2024-yil 20-mayi

Novosibirskdagi harbiy sud harbiy komissariatni yoqib yuborish rejasiga oid ish bo‘yicha 24 yoshli mahalliy turg‘un Ilya Baburinni 25 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Bu haqda “Zona solidarnosti” loyihasi ma’lumot tarqatdi.

Sud Baburinni RF Jinoyat kodeksining bir necha moddasi, jumladan terrorchilik, davlatga xiyonat, noqonuniy qurolli tuzilma faoliyatida ishtirok etish kabi moddalar bo‘yicha aybdor deb topgan. Ayblovlarning katta qismini novosibirlik yigit rad etgan.

Baburin 2022-yil sentyabrida harbiy komissariatga o‘t qo‘yish rejasiga oid ish bo‘yicha qo‘lga olingan (u mazkur ish bo‘yicha ayrim ayblovlarni tan olgan, uning advokati esa FSB tomonidan provokatsiya bo‘lganini bildirgan edi).

Keyinroq unga davlatga xiyonat ayblovi, bir yil o‘tgach esa unga Ukrainaning “Azov” bataloni faoliyatida ishtirok, musiqa maktabiga o‘t qo‘yish va boshqa ayblovlar qo‘yilgan. Bu ayblovlarning hammasini rad etgan Baburin tergov bilan hamkorlikdan bosh tortgan, buning ortidan tergov hibsxonasida unga bosim o‘tkazish boshlangan.

Sud qaroriga ko‘ra, ilk besh yilni qamoqda, qolgan yigirma yilni esa qattiq tartibli koloniyada o‘tkazishi lozim.

Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlangan 2022-yil fevralidan buyon butun Rossiya bo‘ylab harbiy komissariatlarga o‘t qo‘ya boshlaganlar. Putin harbiy safarbarlik e’lon qilganidan keyin (2022-yil sentyabri) bunday hujumlar soni ortgan. Voyenkomatlarga o‘t qo‘yish chog‘ida hech kim o‘lmagan va jabrlanmagan. Binolarga o‘t qo‘yishga uringanlik gumoni bilan qo‘lga olinganlarga ko‘pincha terrorchilikka oid modda bo‘yicha ayblov qo‘yiladi. Baburinga nisbatan chiqarilgan sud hukmi bu kabi ishlar bo‘yicha chiqarilgan eng og‘ir jazo chorasidir.