Rossiyadagi avtoavariyada 7 nafar o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi

Rossiyaning Nijegorod viloyati Naváshino tumanida sodir bo‘lgan avariya chog‘ida 7 nafar o‘zbekistonlik qurbon bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumot tarqatdi.

Elchixona qaydicha, 1'sentyabr kuni M-12 “Vostok” federal avtomagistralida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan, ulardan yetti nafari O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlangan. O‘zbek diplomatlari avariya ortidan yana 3 nafar o‘zbekistonlik turli xil tan jarohatlari bilan Nijegorod viloyatidagi tibbiyot muassasalariga joylashtirilganini bildirishgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, mamlakat Hukumati tomonidan tez orada halok bo‘lganlarning jasadlarini o‘z vataniga qaytarish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda”, deyilgan elchixona xabarnomasida mazkur masala O‘zbekiston hukumati hamda O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi tomonidan alohida nazoratga olingani qo‘shimcha qilingan.

Xabarnomada O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsulxonasi rahbariyati va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi xodimlari YTH sodir bo‘lgan joyda jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatayotgani urg‘ulangan.