Rossiyadagi namoyishlar ramziga aylangan surat 2 million rublga sotildi

Taniqli fotosuratchi Dmitriy Markov yuzlab boshqa namoyishchilar bilan birga hibsga olingan edi.

Politsiya bo‘linmasida olingan va Aleksey Navalniy himoyasiga o‘tkazilgan namoyishlar ramziga aylanishga ulgurgan surat 2 million rublga ($26,800) sotildi.

Unda prezident Vladimir Putinning devorga osilgan surati tagida OMON (maxsus politsiya kuchlari) zobiti o‘tirgani aks etilgan.

Bu fotosurat muallifi taniqli fotograf Dmitriy Markov. U o‘z Facebook sahifasida surat onlayn kim oshdi savdosida Yekaterina nomli xaridorga sotilgani haqida xabar berdi.

Muallifning aytishicha, suratni sotishdan tushgan mablag‘ namoyishchilarning haq-huquqlarini himoya qilayotgan OVD-Info va Apologiya protesta guruhlariga beriladi.

Markov mazkur fotosuratni 2 - fevral kuni, yuzlab boshqa namoyishchilar bilan birga hibsga olinib, mahalliy politsiya bo‘linmasiga keltirilganida olgan.

O‘sha kuni Moskvadagi Simonov tuman sudi muxolifat etakchisi Aleksey Navalniyni koloniyaga yo‘llash haqida qaror chiqargan. Siyosatchining 2014 - yildagi jinoyat ishlaridan biri bo‘yicha olgan shartli jazosi 3,5 yillik qamoq jazosiga almashtirilgan.

Navalьniy 2014 - yilda bir necha oy uy qamog‘ida saqlangani uchun qamoqxonada 2,5 yildan ko‘proq o‘tirishi kerak bo‘ladi.
Navalniyga hukm o‘qilganidan keyin bo‘lib o‘tgan namoyishlarda 1400 ga yaqin odam qo‘lga olingan.

Radio Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi bilan suhbatda Markovning aytishicha, surat «o‘ta ramziy»dir.

«Suratni to‘liq anglash uchun, OMON zobiti qarshisida o‘tirganlarni ham ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Uning qarshisida yoshlar o‘tirgandi, ba’zilari 25 yoshlar atrofida. Zobit esa 50 yoshlarda bo‘lsa kerak. Va u xijolat bo‘lyapti, yuzini ko‘rsatishga qo‘rqyapti. Xona issiq bo‘lsa ham, yuzidan balaklavasini olib qo‘ymagan»,- deydi Markov.

Uning aytishicha, zobit hadiksirayotgani yaqqol sezilgandi.