Ukrainada yaralangan ko‘plab rossiyalik harbiy Shimoliy Koreyada davolanib, reabilitatsiyadan o‘tmoqda. Bu haqda Rossiyaning KXDRdagi elchisi Aleksandr Matsegora “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida bildirgan. Elchiga ko‘ra, ular Shimoliy Koreyadagi eng yaxshi kasalxona va oromgohlarda bepul muolaja olishyapti. Matsegora KXDRda davolanayotgan rossiyaliklar soni “yuzlab” ekanini aytgan.
“Biz [shimoliy koreyalik] do‘stlarimizga xarajatlarning hech bo‘lmagandan bir qismini qoplashni taklif qilganimizda, ular bundan astoydil xafa bo‘lishdi va bundan keyin hech qachon bunday qilmaslikni so‘rashdi”, degan elchi.
Diplomat Shimoliy Koreyada Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning farzandlari ham bepul dam olishayotganini, OTMlar o‘rtasida talaba almashuvi rivojlanayotgani hamda Rossiya Shimoliy Koreyaga ko‘mir, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berayotganini qo‘shimcha qilgan.
2024-yil noyabrida Rossiya bilan Shimoliy Koreya har tomonlama strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilgandi. Unda savdo-sotiq, ilmiy-texnik va mudofaa hamkorligini rivojlantirishga oid niyatlar bayon qilingan, biroq hujjatda rossiyalik yaradorlarni davolash rejalari haqida aytilgan emas.
O‘tgan yil kuzidan Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyaning Ukraina bilan urushida ishtirok etayotgani va ular, xususan, Rossiyaning Kursk viloyatiga joylashtirilgani to‘g‘risida xorijiy razvedkalarning ko‘plab xabarlari chiqa boshlagan. Bunday harbiylarning bir qanchasi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan asirga olingan.
Keyinroq ular Kursk viloyatida sezilarli darajada talafotlar berishgani, shu sababli janggoh hududidan olib chiqib ketilishi mumkinligi haqida xabar qilingan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin jurnalistlarning shimoliy koreyalik harbiylar jangovar harakatlarda ishtirok etayotganiga oid savollariga mujmal javob bergan.